08:47 / 28.09.2019
0
9566

So‘nggi uch yilda OTMdagi izlanuvchilarning 44,5 foizi doktoranturani himoyasiz yakunlagan

2019 yil 27 sentabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Oliy Majlis Senatining Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash: milliy amaliyot va xorijiy tajriba” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, anjuman respublikada moddiy-texnik, ilmiy-intellektual resurslarni to‘liq safarbar etgan holda mavjud ilmiy-texnik salohiyatdan yetarli darajada foydalanilmayotgani qayd etilgan.

Xususan, so‘nggi uch yilda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tasarrufidagi oliy ta'lim muassasalarida 608 nafar izlanuvchi tayanch doktorantura va doktoranturada tahsil olishgan bo‘lishiga qaramasdan, ularning 44,5 foizi doktoranturani himoyasiz yakunlagan.

Tahlillarga ko‘ra 2007-2016 yillarda bajarilgan 841 ta fundamental tadqiqotlarning 35 tasi yoki 4,2 foizi idoralararo tadqiqotlar bo‘lib, bu ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta'lim muassasalarining loyihalarda faqat o‘zlari ishtirok etishga harakat qilganliklarini anglatadi. Mazkur holat oliy ta'lim va akademik ilm-fanning integratsiyasiga jiddiy to‘sqinlik qilib, natijada bu ahamiyati past ilmiy loyihalarning ko‘payishiga olib kelgan.

Shuningdek, tadqiqotchilarda innovatsion va startap loyihalarni tayyorlash tajribasining yetishmasligi oqibatida innovatsion ishlanmalar va texnologiyalarni iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari va sohalariga joriy qilish darajasi pastligicha qolmoqda.

Anjumanda qayd etilgan shu va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bir qator amaliy tavsiyalar bildirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tavsiya etiladigan jurnallarning faoliyatini xalqaro talablarga bosqichma-bosqich moslashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish lozimligi ta'kidlab o‘tildi. Shuningdek dissertatsiya ishlarini rasmiylashtirish, tarqatish va topshirish jarayonlarini elektron hujjatlashtirish tizimiga o‘tkazish maqsadga muvofiqligi bildirildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top