10:45 / 29.09.2019
1
15455

Jahon banki O‘zbekistonni eng islohotchi Top-20 davlatlar ro‘yxatiga kiritdi

Biznes yuritishni yengillashtirishda eng katta islohotlar amalga oshirgan dunyodagi 20ta top-davlatlar ichida O‘zbekiston ham e'tirof etildi. Bu haqda «Huquqiy axborot» Telegram-kanali xabar berdi.

Jahon banki «Biznes yuritish» xalqaro reytingi doirasida oxirgi bir yil ichida biznes yuritishda yengilliklarni nazarda tutuvchi eng ko‘p islohotlarni amalga oshirgan 20ta davlatni e'tirof etdi. Bular ichida O‘zbekistonda 5ta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan qadamlar alohida tan olindi.

Jahon banki O‘zbekiston oxirgi davrda minoritar investorlarni himoya qilishni mustahkamlagan, soliqlar to‘lash tizimini soddalashtirgan, shartnomalar ijrosini amalga oshirishni kuchaytirgan, shuningdek tashqi savdo yo‘nalishida sezilarli yangiliklar kiritgan.

Bunday tashqari, tijorat tashkilotlarida mustaqil kengash a'zolari bo‘lishi yuzasidan yangi talablar va audit qo‘mitalarining mavqeyi mustahkamlandi.

Infratuzilma soliqlari foyda solig‘i bilan birlashtirilgani ham alohida ta'kidlangan. Jahon banki mediatsiya institutini rivojlantirishga qaratilgan qadamlarni ham e'tirof etib, bu borada yagona huquqiy baza shakllanganini va mediatsiyadan foydalanishni rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etilganini ta'kidlagan.

Bojxona sohasida esa xavf-xatarni tahlil qilish asosida tekshiruvlarni amalga oshirish tartiblari kiritilganini ham ma'qullagan.

«Adliya vazirligi ushbu yo‘nalishda islohotlarni olib borishda ishtirok etgan barcha tashkilotlar va ularning mutasaddilarini ushbu e'tirof bilan tabriklaydi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top