20:18 / 29.09.2019
0
6357

MSK a'zosi Sherzodxon Qudratxo‘jayev Andijonda saylov jarayonini yoritish bo‘yicha trening o‘tkazdi

Andijon shahridagi viloyat Yoshlar markazida bo‘lajak parlament va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlar jarayoniga bag‘ishlangan anjuman tashkil etildi.  Uni Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Sherzodxon Qudratxo‘jayev olib bordi.

Uchrashuvda viloyatdagi bosma va elektron ommaviy axborot vositalari muharrirlari, muxbirlari, shahar va tuman hokimliklari matbuot xizmatlari rahbarlari ishtirok etishdi.

Sherzod Qudratxo‘jayev 22 dekabrdagi parlament va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylov kampaniyasi «Yangi O‘zbekiston – yangicha saylovlar» shiori ostida o‘tishini ma'lum qilib, saylov mutlaqo boshqacha ruhda kechishini ta'kidladi. Bu jarayonda jurnalistlar o‘rni va ahamiyati haqida keng tushuncha berdi.

«O‘zbekistonda siyosiy ishtiyoqni his qilish davri keldi. Fuqarolarimiz deputatlar saylovi masalasida o‘z qarashlariga ega bo‘lishlari muhim. Saylov yangilanayotgan O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida tutgan o‘rnini ifodalab beradi.

Hokimiyat uchun kurashda siyosiy partiyalar qonun doirasida beayov raqobatga kirishishi zarur. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotidan 600 nafar kuzatuvchi tashrifi kutilmoqda. Saylovning har bir bosqichi, har bir jihati baholanadi. Jurnalistlaridan bu jarayonni malakali yoritib berish talab qilinadi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Jurnalistlarga saylov kampaniyasiga mutlaqo boshqa, umumdavlat nuqtayi nazaridan yondashish, jahon tajribasini inobatga olib, tahliliy maqolalar tayyorlash borasida tushunchalar berildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top