14:00 / 30.09.2019
3
14088
Markaziy bank import operatsiyalari bo‘yicha valuta konvertatsiyasiga cheklovlar joriy etilishiga tushuntirish berdi
Foto: Paul Yeung/Bloomberg

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rasmiy saytida import operatsiyalari bo‘yicha valuta konvertatsiyasiga cheklovlar joriy etilishiga doir chiqishlarga o‘z izohini berdi.

«So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarida import operatsiyalari bo‘yicha valuta konvertatsiyasiga cheklovlar joriy etilayotganiga doir chiqishlar tarqatilmoqda.

Ma'lumki, 2017 yilning sentabr oyidan boshlab barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ichki valuta bozorida joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha hech qanday cheklovlarsiz xorijiy valutani erkin xarid qilish huquqi berildi.

Erkin konvertatsiya amaliyoti joriy etilganidan buyon xorijiy valutani sotish va xarid qilish bo‘yicha valuta operatsiyalari hajmi bir necha barobarga o‘sdi.

Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga valuta mablag‘larini sotish bo‘yicha operatsiyalar shu yilning yanvar-sentabr oylarida 2017 yilga ko‘rsatkichlarga nisbatan qariyb 3 barobar o‘sgan, valuta mablag‘larini xarid qilish esa 2 barobardan ziyodga ko‘paygan.

Joriy yilning avgust oyida xorijiy valuta xarid qilgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar soni 7,6 mingni tashkil etgan, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 4,1 mingni, 2017 yilda esa 340 tani tashkil etgan.

Bir vaqtning o‘zida iqtisodiyotni erkinlashtirish va shaffoflashtirish bilan bir qatorda davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatining samaradorligini oshirish hamda milliy ishlab chiqaruvchilarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashda davlat resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Biroq, amaliyotda davlat xaridlarini amalga oshirish chog‘ida davlat resurslarini mamlakatda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan (sifati bo‘yicha ham, narxi bo‘yicha ham qolishmaydigan) mahsulotlar importiga sarflanayotgani ularning bahosi oshirib ko‘rsatilayotgani, zarur marketing tadqiqotlari o‘tkazilmasdan, faoliyat uchun zarur bo‘lmagan mahsulotlar olib kirilayotgani kuzatilmoqda, bu esa davlat mablag‘larining oqib chiqib ketishi va muzlatilishiga sabab bo‘lmoqda.

Bu holda, yuqorida qayd etilgan holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi uchun Hukumat tomonidan davlat xaridlari, investitsion va boshqa dasturlar doirasida alohida davlat kompaniyalarining import shartnomalarini ekspertizadan o‘tkazilmoqda, bunda ishlab chiqarish va investitsion loyihalarda ko‘rsatilgan narxlarga mosligi, xuddi shunday sifat va narxga ega mahsulotlar ichki bozorda borligiga e'tibor qaratilmoqda.

Amaliy tomondan olib qaralganda, bu choralar davlat kompaniyalarini isloh qilish va samaradorligini oshirishning bir qismi bo‘lib, ularning boshqarilish sohasi bo‘yicha aniq manzaraga ega bo‘lishda, qaror qabul qilish jarayonlarini takomillashtirish, shuningdek, ularning raqobatbardoshliligini oshirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqishda muhim bo‘lgan axborot-tahliliy bazasini yaxshilashga xizmat qiladi.

Shuningdek, ushbu choralar davlat kompaniyalari faoliyatining shaffofligi va samaradorligini oshirib, ularning ishlab chiqarish xaridlarini ichki va tashqi bozordagi raqobatli narxlardan kelib chiqqan holda qayta yo‘naltirishga qaratilgan.

Ko‘rilayotgan choralarni valuta siyosati sohasidagi cheklov choralari sifatida qabul qilmaslik kerak, chunki u faqat davlat xaridlari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning investitsion va boshqa dasturlari, shuningdek davlat mulkiga ega korxonalarga nisbatan joriy etilmoqda. Bu esa milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va uning alohida segmentlarining muvozanatlashganini ta'minlashga ko‘mak beruvchi mexanizmlardan biri hisoblanadi.

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘z iqtisodiyotini muvaffaqiyatli erkinlashtirishni uddalagan ko‘plab davlatlar ayniqsa boshlang‘ich bosqichlarda islohotlar salbiy oqibatlar keltirib chiqarmasligi uchun «qo‘lda boshqariladigan» muvaqqat xarakterga ega bo‘lgan vaqtinchalik choralar qo‘llashgan va bu yo‘l bilan liberal xarakterdagi strukturaviy o‘zgarishlarni yanada ilgari surish uchun fundamental asosni saqlab qolishgan.

Strukturaviy o‘zgarishlarni boshlagan va islohotlarni to‘xtatishga majbur bo‘lgan boshqa davlatlar tajribasi ko‘rsatmoqdaki, iqtisodiyotni erkinlashtirishning barbod bo‘lishiga sabab — davlat siyosati tomonidan vaqtinchalik xarakterdagi alohida preventiv choralar ko‘rmasdan ehtiyotsizlik qilganligidir, chunki moliyaviy-iqtisodiy jarayonlarning ko‘plab ishtirokchilari, ayniqsa davlat ishtirokidagi korxonalar yangi sharoitlarga tayyor bo‘lmagan va bozor iqtisodiyotiga moslashish uchun ma'lum bir vaqt talab etilgan.

Bir vaqtning o‘zida ma'lum qilamizki, barcha tijorat banklari tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga mahsulotlar (xizmatlar) importi uchun xorijiy valuta sotish bo‘yicha operatsiyalar shtatli rejimda, hech qanday cheklovlarsiz amalga oshirilmoqda», — deyiladi Markaziy bank bayonotida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top