17:36 / 01.10.2019
19
75298
«Puldan ko‘ylak tikishlar, to‘yxonaga ot yetaklab kirishlarga chidab bo‘lmaydi» - Iqbol Mirzo bilan yangi qaror bo‘yicha suhbat

Shu yilning 14 sentabr kuni Oliy Majlis Senatining 22 yalpi majlisi o‘tkazildi hamda mazkur yig‘ilishda aholi o‘rtasida ko‘pgina muhokamalarga sabab bo‘lgan «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qo‘shma qarorini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Kun.uz shu va boshqa masalalar bo‘yicha fikrlashish va hamon ochiq qolayotgan ayrim savollarga javob topish maqsadida Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi, Reglament va odob komissiyasi raisi Iqboljon Mirzaaliyev (Iqbol Mirzo) bilan suhbat o‘tkazdi.

 — Iqboljon aka, shu paytga qadar bizda to‘ylar bo‘yicha turli qaror va farmonlar qabul qilingan. Shuningdek, mahalliy hokimliklar tomonidan ham ichki qoidalar kiritilgan, lekin bularning birortasi amaliy natija bergan emas. Xo‘sh, yaqindagi qo‘shma qaror nega qabul qilindi. Va qanday natijalar kutilmoqda?

O‘zi umuman, xalqimizda to‘ylar yuzasidan bahslar yuz yil oldin ham bo‘lgan, yuz yil keyin ham bo‘lsa kerak. Bu qo‘shma qaror biror ish berishiga ishonasizmi?

— Ishonaman. Xabaringiz bor, 1917 yil Toshkenda ulamo va olimlarimiz yig‘ilib, «Sho‘royi islomiya»ning s'yezdini chaqirishadi. Mazkur yig‘ilishda aynan to‘ylar masalasi muhokama qilinadi.

Tasavvur qiling, o‘sha paytda birinchi jahon urushi davom etayotgandi, hamma tomonda ocharchilik va bizning ulamolar tomonidan to‘ylar masalasi kun tartibiga qo‘yilib, muhokama qilingan, uning norma va me'yorlarini belgilashgan. Mazkur s'yezdga Munavvar qori Abdurashidxonov boshchilik qilgan.

Bu yig‘in yakunida to‘ylardagi isrofgarchiliklarni jilovlash bo‘yicha qaror qabul qilinib barcha hududlarga yuboriladi. Bu qarorda bir qancha normalar belgilangan edi. Masalan, nikoh to‘ylarida kuyovnavkarlar soni qirqtadan oshmasligi, to‘ylardan keyin «qirq», «yigirma», «yetti» degan xurofiy marosim va ma'rakalar o‘tkazilmasligi, ortiqcha mato, ko‘rpaliklar berish to‘xtatilishi kerakligi ko‘rsatilgandi.

Bu s'yezd qarorining menga ta'sir qilgan jihatlaridan biri shuki, unda jamiyatdagi badavlat, davlatmand kishilarga murojaat qilinib, xayr-ehsonni ochdan o‘layotganlar va kasallarga berish so‘raladi.

Qaror yakunida esa ko‘rsatilgan me'yorlarni buzgan kishilarga nisbatan bayonnoma tuzilib, uning ijrosi joylardagi qozilar, mirshablarga yuklatiladi va «Najot» gazetasining 1917 yil 27 aprel sonida bosilib chiqadi. Qaror: «Tejamkor bo‘linglar, Alloh tejamkor kishilarni sevadi», deya yakunlangan.

Bu demak o‘sha paytda urushdan ham jiddiyroq yoki urush darajasidagi masala bo‘lib ko‘ringan. Negaki, bu yerda xalqning taqdiri, nonko‘rlik, isrofgarchilik, millat birligiga raxna soladigan illatlar masalasi turibdi. Oradan 102 yil vaqt o‘tdi, xo‘sh, bugun shu masalalar bizga kerakmi?

Hozirda saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda qarorga nisbatan turli munosabatlarni kuzatyapmiz. Men avvalo, bu masalaga nisbatan tanqidiy munosabat bildirayotganlarga ham, ijobiy munosabat bildirayotganlarga ham minnatdorchiligimni aytmoqchiman, chunki ular befarq bo‘lishmayapti.

Viktor Gyugoning shunday gapi bor, «Men sizning erkin fikr aytish huquqingiz uchun jonimni berishga ham tayyorman, lekin sening fikringga qo‘shilish-qo‘shilmaslik bu mening huquqim» (Volter - tahr.). Shu ma'noda aytilayotgan ba'zi bir fikrlar, masalan, «Senatning boshqa ishi yo‘qmi?», «Jamiyatda boshqa kattaroq muammo yo‘qmi?», kabi savollarga men aytib bergan vaziyat ham javob bo‘ladi.

Shukrki, yurtimiz tinch, lekin to‘ylarimizdagi bugungi holatlar bizni qonun qabul qilish darajasigacha olib keldi.

To‘g‘ri, biz avvalroq bu borada joylarda uchrashuv, turli tadbirlar o‘tkazib boshlaganimizda  ba'zi bir tashabbuskorlar buni bizning o‘zimizga qo‘yib bering, jamoatchilik o‘zimiz tartibga sola olamiz deyishgandi va shu asos bilan Senat qarorlari tavsiya kuchida qoldirilgandi. Ya'ni, biz aytgandik bu holatni joylarda mahalliy rahbarlar, faollar o‘zlaringiz kelishgan holda hal qilinglar deb.

Lekin keyingi holatlarni o‘zingiz ham ko‘ryapsiz, pul sochishlar, puldan ko‘ylak tikishlar, to‘yxonaga ot yetaklab kirishlar, umuman odamni gapirishga tili bormaydigan, behayolik, besharmliklar ko‘payib ketdiki, bunga chidab bo‘lmaydi.

Biz shu sababdan ham to‘ylarni qonun bilan tartibga solishga majbur bo‘ldik.

— Xo‘sh, bu qo‘shma qarorni amalga oshirish mexanizmi qanday bo‘ladi, chunki qaror qabul qilindi, lekin uning mexanizmi bo‘yicha hamon tushunmovchiliklar saqlanib qolmoqda.

— Agar qaror bilan tanishib chiqqan bo‘lsangiz, ochiq savollar qolmagan deb hisoblayman. Faqat uni buzganlarga nisbatan choralar ko‘rish masalasida mahalliy hokimliklar, Ichki ishlar, Soliq idorasiga va mahalliy organlarga katta vakolatlar berilyapti. Qaror ijrosini aynan mana shu organlar nazorat qiladi. Qoidalar buzilgan taqdirda Adliya vazirligi tomonidan shu yilning birinchi noyabriga qadar ishlab chiqiladigan ma'muriy jazo choralari bilan hayotga tatbiq qilinadi.

Buning richaglari bor.

Agar buni balandparvoz gapga yo‘ymasangiz, asosiy richag xalqimizning o‘zining qo‘lida turibdi deb o‘ylayman. Chunki, bizga bildirilayotgan fikrlarning 90-95 foizi ijobiy fikrlar hisoblanadi. 

Ya'ni, bu qaror xalqimizga ma'qul, xalqimiz shuni kutib turibdi.

Shaxsan o‘zimga ham qo‘ng‘iroq qilib aytayotganlar, yoki uyimga kelib rahmat aytib ketayotganlar, mana shu masalani ko‘targan qonun tashabbuskorlariga rahmat aytayotganlar minglab.

Yaqinda O‘zbekiston telekanalida efirga uzatiluvchi «Munosabat» ko‘rsatuvida ham bu masala o‘rtaga tashlandi va aksariyat ovoz berganlarning 90 foizi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlab ovoz berishdi.

Menimcha, qarorga qarshi bo‘layotgan 5-10 foiz kishilar ham hali bu masalaning tag-zamiriga kirib bora olishgani yo‘q. Chunki bu yerda maqsad ba'zi birovlar aytayotganidek, odamlar erkini chegaralash, kimningdir huquqini poymol qilish emas, aksincha, boshqalarning huquqlarini himoya qilish uchun qilinyapti.

Ya'ni, sen to‘y qilib, pul sochib, atrofdagilarni ijirg‘antirib, ularning nafsoniyatiga tegib, boshqalarda turlicha tasavvur uyg‘otayotganingda ularning huquqlari haqida o‘ylamayapsan-ku? Sen agar to‘y mening shaxsiy ishim, deydigan bo‘lsang va to‘yning ijtimoiy voqelik ekanligini tan olmaydigan bo‘lsang, uni faqat o‘zing o‘tkazgin.

Suhbat davomida senator qo‘shma qaror bandlarini buzgan fuqarolarga nisbatan qanday ta'sir choralari qo‘llanishi mumkinligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi borasida fikrlari, migrantlar masalasi va bugungi kundagi ijodiy faoliyati borasida ham fikrlarini bildirgan. Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top