16:47 / 01.10.2019
6
8660

Sodiq Safoyev: «O‘zbekiston parlamentiga hali professionalizm yetishmayapti»

O‘zbekistonda ko‘p yillar mobaynida parlament budjetni shakllantirish va nazorat qilish jarayonidan chetlashdi. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda Uzbek Review

“Nomiga, qandaydir agregatlashgan umumiy raqamlarni berib, ularga avtomatik ravishda ovoz berish orqali parlament o‘zini ko‘rsatardi va o‘z funksiyasini bajargan bo‘lardi. Bugungi kunda parlamentda budjetni ko‘rib chiqish oylab ketyapti - hukumat parlamentning har bir qo‘mitasida har bitta raqamni himoya qilishi kerak. Shundan so‘ng budjet tanqidiy mulohazalar bilan yoki tasdiqlanyapti, yoki tasdiqlanmayapti”, - dedi S. Safoyev.

Uning aytishicha, ichki senzura bizning parlamentga ham xos. 

“O‘tmishning inersiyasi, o‘tmishda o‘rganib qolingan yondashuvlar, qarashlar, har bir masalani oldin kelishib, ruxsat olib qilish zamoni o‘tib ketgan. Albatta, bugungi parlamentimiz o‘zgarishi kerak. Dovyurakroq, jasoratliroq bo‘lishi hamda xalq oldidagi mas'uliyatini to‘la sezgan holda xalqning kelajagiga xizmat qiladigan bo‘lishi lozim”, - deydi Senat raisining birinchi o‘rinbosari.

Biroq, Sodiq Safoyevning so‘zlariga ko‘ra, hozir parlament haqida juda ham ko‘p tanqidiy fikr bildirish kerak emas. Sababi, bildirilishicha, so‘nggi uch yil ichida parlamentning roli o‘zgargan.

“Soliq kodeksini ishlab chiqishda ham parlamentariylar, senatorlar chetda turgani yo‘q. Bu yerda har bir yo‘nalishda ishchi guruhlar tuziladi va parlament a'zolari yoki u yerda ishtirok etadi, yoki o‘z ishchi guruhlarini tuzgan holda takliflarini ilgari surish, yondashuvlarini aniqlashtirish uchun ishlarni olib boradi. Lekin, shu bilan birga, tan olish kerakki, O‘zbekiston parlamentiga hali professionalizm yetishmayapti”, - dedi u.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top