16:10 / 01.10.2019
1
35077
Valentina Matviyenko Toshkentga keldi

Rossiya Federatsiyasi kengashi Federal Majlisi Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, martabali mehmonni Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhomjon Ne'matov, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev hamda boshqa rasmiylar kutib olishdi.

Hurmat belgisi sifatida Valentina Matviyenkoga guldasta taqdim etildi.

Matviyenkoning O‘zbekistonga tashrifi 3 oktabr kunigacha davom etadi. Tashrif davomida u Senat raisi Tanzila Norboyeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan uchrashuvlar o‘tkazadi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Hamkorligi bo‘yicha parlamentlararo komissiyasining majlisi  o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida O‘zbekiston-Rossiya va Rossiya-O‘zbekiston ishbilarmon doiralari kengashlarining majlisi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Devoni Tahliliy huquqiy boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolanishi nazarda tutilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top