14:20 / 02.10.2019
16
27247
«Bu – har tomonlama dolzarb masala». Valentina Matviyenko rus tilining ahamiyati haqida gapirdi
Valentina Matviyenko

Toshkentda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya parlamenti yuqori palatasi raisi Valentina Matviyenko o‘zbek rasmiylari bilan uchrashuvda rus tilining ahamiyati xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Matviyenko chorshanba kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov va boshqalar bilan uchrashuvi chog‘ida rus tili va «O‘lmas polk» aksiyasi haqida so‘z yuritgan.

«Iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorligimiz ko‘lami bunday jadal suratda o‘sib borayotganini hisobga olib, shuni yaxshi tushunimiz kerakki, biz ham rus, ham o‘zbek tilini biladigan kadrlar tayyorlashimiz lozim. Bu kadrlar birgalikdagi ulkan loyihalarni amalga oshirish uchun kerak.

Bu yerda masalaning ikkita jihati bor. Birinchisi, biz parlamentlar bunday ulkan ko‘lamdagi hamkorlik munosabatlariga zamin yaratuvchi qonunchilikni uyg‘unlashtirishimiz kerak.

Ikkinchidan esa, til biladigan kadrlarni tayyorlashimiz zarur. Shunisi quvonarliki, Rossiyaning 8ta yetakchi – ikkinchi darajali emas, aynan yetakchi universitetlari O‘zbekistonda o‘z filiallarini ochgan. Boshqa tomondan, 29 ming nafar o‘zbekistonlik talaba Rosssiyada turli yo‘nalishlar bo‘yicha universitetlarda tahsil olyapti. Ulardan 5 ming nafari davlat stipendiyalari bilan ta'minlangan. Rossiyada talabalarga davlat stipendiyalari ajratilishi bo‘yicha O‘zbekiston amalda birinchi o‘rinda turadi – bu yil o‘zbekistonlik talabalarning bepul o‘qishi uchun 223ta bepul davlat stipendiyalari ajratildi», – dedi Valentina Matviyenko.

Rossiyalik siyosatchi so‘zida davom etar ekan, O‘zbekiston prezidenti, hukumati va Oliy Majlisga rus tilini qo‘llab-quvvatlashda davom etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

«Bu – har tomonlama dolzarb masala. Rus tili – millatlararo muloqot tili. Ko‘pmillatli O‘zbekiston uchun bu muhim ahamiyatga ega, deb o‘ylayman. Bu yerda 130dan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi. Bizning o‘zaro muloqotimiz uchun, sobiq sovet hududidagi hamkorlar bilan aloqa o‘rnatishimiz uchun rus tili kerak», – deb qayd etdi Matviyenko.

Rossiya parlamentining yuqori palatasi rahbari, shuningdek, «O‘lmas polk» aksiyasining dolzarbligi haqida ham gapirib o‘tdi.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top