14:10 / 02.10.2019
0
7479
«O‘zekspomarkaz»da «Tashkent Book Fest» xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi boshlandi - Foto 

Bugun, 2 oktabr kuni «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazmalar majmuasida «Tashkent Book Fest» 1-Toshkent kitob ko‘rgazma-yarmarkasiga start berildi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil qilingan mazkur ko‘rgazmada Buyuk Britaniya, Germaniya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Rossiya va Turkiya kabi davlat vakillari, 18ta xorijiy hamda 30dan ortiq mahalliy nashriyot hamda kitob savdo tashkilotlari ishtirok etmoqda.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi  direktori Komil Allamjonov xalqaro kitob ko‘rgazmasini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad va uning natijalari haqida gapirdi.

«Ko‘rgazma-yarmarkaning asosiy maqsadi – kitob va mutolaani targ‘ib qilish, ishtirokchi davlatlarning adabiy merosini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, mutolaa madaniyatini shakllantirish, jahon bosma sanoati tajribasini o‘rganish va nashriyotlar hamda kitob tarqatuvchilar, axborot-kutubxona muassasalari va kitob-mutolaa masalalariga mas'ul tashkilotlar o‘rtasida xalqaro aloqalarni o‘rnatishdan iborat», dedi u.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan xorijiy mehmonlar ham O‘zbekistonda kitobxonlik va kitob noshirligi sohasidagi olib borilayotgan ishlarni yuqori baholashdi. Xususan, Qozog‘iston Madaniyat va sport ishlari vazirligi Til siyosati Qo‘mitasi raisi Galimjan Meldeshov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan «Beshta tashabbus» va uning doirasida yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasida qilinayotgan ishlar qo‘shni davlatda ham ijobiy taassurot uyg‘otayotganini ta'kidladi.

2-4 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur ko‘rgazmaning bugungi kun dasturidan bir qancha yangi kitob taqdimotlari, arzonlashtirilgan kitob savdolari, mushoiralar, sovrinli intellektual viktorinalar hamda musiqiy tadbirlar o‘rin olgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top