12:24 / 02.10.2019
0
4471

Saudiya Arabistoni O‘zbekistondagi energetika loyihalariga investitsiya kiritishi mumkin

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Shu yilning 30 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Saudiya Arabistoni delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi. 

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, xorijiy tomon delegatsiyasiga Saudiya Arabistoni Qirolligi hukumatining Xalqaro bitimlar va investitsiyalar bo‘yicha bosh boshqarmasi direktori Badromal Mavgan boshchilik qildi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Qirolligi o‘rtasida energetika sohasidagi salohiyatli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi. 

Shuningdek, unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi rahbariyatining a'zolari ham ishtirok etdi. Uchrashuv Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari vakillari tashrifi doirasida tashkil etildi. 
     
Ushbu tashrifdan avval O‘zbekiston elchisi Ulug‘bek Maqsudov «GSS MEA Ltd» va «Advanced Inspection Services Cooperation» kompaniyalari Direktorlar kengashi a'zosi Hasan al Salim bilan uchrashuv o‘tkazdi. 
 
«GSS MEA Ltd.» Yaqin Sharqdagi yirik kompaniyalardan biri bo‘lib, u energetika bozorida ko‘p yillik tajribaga ega va sanoat ko‘lamida quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha murakkab loyihalarni amalga oshirishga qodir. «Advanced Inspection Services Co.» (AIS) - sanoat inspeksion kompaniyasi esa yuqori sifatli xizmatlarni ko‘rsatishga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish nazoratini amalga oshiradi. 
        
Suhbat davomida tomonlar O‘zbekistonda energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun ushbu kompaniyalarning investitsiyalarini jalb qilish masalalarini muhokama qildi. Navoiy viloyatida davlat-xususiy sherikligi shartlari asosida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan quyoshli fotoelektr stansiyasini (FES) qurish uchun xususiy sherikni topish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tanlov savdolari delegatsiyasining alohida qiziqishini uyg‘otdi. Ushbu loyiha O‘zbekistonda FESni rivojlantirish uchun 1 milliard dollardan ortiq investitsiyalarni jalb qilishga mo‘ljallangan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top