Jamiyat | 21:19 / 02.10.2019
10070
3 daqiqa o‘qiladi

Toyloq va Ishtixon tumanlarida yangidan bunyod etilgan sudlar binolari foydalanishga topshirildi

Samarqand viloyatining Toyloq va Ishtixon tumanlarida yangi sud binolarining ochilish marosimi o‘tkazildi.

Bu binolarda birvarakayiga to‘rt sud — iqtisodiy sud, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sud, ma'muriy sud hamda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudlari faoliyat ko‘rsatadi.

Toyloq tumanida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etishdi.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida sudlarni chinakam adolat qo‘rg‘oniga aylantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.

Kozimjon Komilov shu kuni Ishtixon tumanida ayni loyiha asosida barpo etilgan sud binosini ham ochib berdi.

Toyloqda qariyb 7 milliard, Ishtixonda esa 6,14 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflanib barpo etilgan ushbu sud binolarida har bir sud uchun belgilangan tartib bo‘yicha ma'muriy xonalar, sud zallari, fuqarolarni qabul qilish uchun maxsus xonalar hamda xodimlar uchun alohida xonalar ajratildi. Binolarda videokonferensiya aloqasi ham mavjud bo‘lib, bu qulaylik masofadan turib sud ishlarini olib borishda qo‘l keladi.

Sud binolarining ochilish marosimida ishtirok etgan viloyat va tuman sudlari raislari, faxriy yuristlar va yoshlar binolarda yaratilgan imkoniyatlar, sud jarayonlariga tatbiq etilayotgan zamonaviy texnologiyalar va ulardan foydalanish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishishdi.

Jumladan, sud binosida o‘rnatilgan infokiosk orqali fuqarolar da'vo arizalari kiritishlari, sud hukmlaridan nusxa olishlari va shu kabi boshqa imkoniyatlardan mustaqil foydalanishlari, belgilangan sud majlislarining o‘tkazilish vaqtlarini bilib olishlari mumkin.

Sud qabulxonasiga alohida zal ajratilib, shunga mos tarzda jihozlangan. Mazkur zalda yosh bolali onalar uchun ona-bola xonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Ayni paytda Ishtixon tumanida tuman prokuraturasining yangi binosi qurilishi ham nihoyalanib qolgan.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz muxbiri.

Baxtiyor MUSTANOV va Faxriddin HOTAMOV fotosuratlari.

Mavzuga oid