15:20 / 03.10.2019
0
4210

Nyu-Dehlida kashmirlik jangarilar hujum qilishi ehtimoli sababli maxsus operatsiya boshlandi

Foto: AFP 2019 / Mustafa Tauseef

Hindiston politsiyasi kashmirlik jangarilar hujumga tayyorlanayotgani to‘g‘risidagi axborot sababli Dehli hududida maxsus operatsiya o‘tkazishni boshladi. Bu haqda Hindustan Times gazetasi xabar berdi.

Ma'lumot berilishicha, poytaxtdagi xavfsizlik kuchlari yuqori darajadagi shaylik holatiga keltirilgan. Politsiyachilar bozor va savdo markazlari kabi aholi gavjum joylarni nazoratga olgan. Bundan tashqari, metropoliten va temir yo‘l bekatlarida kuzatuv kuchaytirilgan.

NDTV telekanalining bildirishicha, jangarilar “Jaishi Muhammad” guruhiga aloqador bo‘lishi mumkin.

14 fevralda sobiq Jammu va Kashmir shtatida “Jaishi Muhammad” guruhi a'zosi minalashtirilgan avtomobilda hindistonlik harbiylar avtosafiga hujum qilishi natijasida 40dan ortiq kishi halok bo‘lgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top