22:03 / 03.10.2019
0
2546
«Tashkent Book Fest» ikkinchi kuni. Yangi taqdim etilgan kitoblar, qiziqarli uchrashuvlar 

«Tashkent Book Fest» 1-Toshkent kitob ko‘rgazma-yarmarkasi ikkinchi kuni ham qizg‘in uchrashuvlar, kitob taqdimotlari bilan esda qolarli o‘tdi.

Yozuvchilar uyushmasi, Vazirlar Mahkamasi qo‘mitalari, shuningdek, nashriyotlar hamkorlikda bir necha taqdimotlar o‘tkazdi. 

«O‘zbekiston ayollari» kitob-albom taqdimoti bo‘lib o‘tdi. «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» nashriyoti xodimasi Umida Allayorova kitob-albomning tuzish ahamiyati va boshqalar haqida ma'lumot berdi: «Ushbu kitob-albom Xotin-qizlar qo‘mitasi va «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» DIN hamkorligida tayyorlandi. Kitob mamlakatimizda yashab o‘tgan, fidokorona mehnatlari, davlat ishlaridagi faolliklari bilan xalqimiz orasida obro‘-e'tibor qozongan ayollarni hurmat bilan tilga olish, rag‘batlantirish maqsadida chop etildi». 

Shuningdek, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova kitob-albomning keyingi jildlari ham tez orada chop etilishini ta'kidlab o‘tdi.

Kitob olti bo‘limdan iborat bo‘lib, har bir bo‘lim ma'lum tizim bo‘yicha tasniflangan. Bo‘limlar tarixga muhrlangan ayollar, davlat boshqaruvidagi ayollar, O‘zbekiston qahramon ayollari, olima ayollar, madaniyat va san'at vakilalari, sportchi ayollar kabi guruhlash asosida tuzilgan. Unda yuzdan ortiq ayollarning faoliyati, yutuqlari tavsiflangan. 

Nashriyot xodimasi kitob-albom tuzilishiga Senat raisi Tanzila Norboyeva boshchilik qilganini ta'kidladi. 

Shuningdek, «Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik» mavzusida Yozuvchilar uyushmasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda ijodiy uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Unda qardosh qozoq xalqining atoqli farzandi Abay ijodiy merosi jamlangan «Saylanma»si va boshqa kitoblar taqdimoti o‘tkazildi. 

Iste'dodli yozuvchi, shoir, adabiyotshunos olim Ulug‘bek Hamdamning «Isyon va itoat», «Sabo va Samandar» kitoblari kitobxonlarga yana bir bor tanishtirildi. Muallif bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv qizg‘in savol-javoblarga ulanib ketdi. 

Bundan tashqari, «Sano standart» nashriyoti tomonidan Said Ahmadning bolajonlar uchun «G‘ildirak» nomli hali nashr etilmagan hikoyalar to‘plami yosh kitobsevarlarga tanishtirildi.

Shuningdek, Suyundiq Mustafo Nurotoiyning «Turonzamin aziz avliyo va ulamolari tazkirasi» kitobi taqdimoti ham o‘tkazildi. Muallif ushbu kitobda tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar asosida ishonchli dalillarga tayanib so‘z yuritganini aytib o‘tdi. Bu tazkiraning ikkinchi juzi hisoblanib unda Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida yashab o‘tgan ulamolar va ularning qadamjolari tilga olinadi. Tazkiraning dastlabki qismi 2015 yilda nashr etilgan edi.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top