17:28 / 03.10.2019
6
43548
«Yo dushmanga zarba ber, yoki qurolsiz qol». Ehtimoliy AQSh – Eron urushidagi harbiy pozitsiyalar haqida
Foto: Carlos Barria, Pool Photo via AP

AQSh – Eron munosabatlari bir yildan ortiqroq vaqtdan buyon to‘xtovsiz keskinlashib boryapti. Sentyabrda Saudiya Arabistoni neft bazalariga uyushtirilgan hujumdan keyin vaziyat yana qaltislashdi. Har galgidek, bu yangi mojaro ham dunyo jamoatchiligini tomonlar qachondir ochiq harbiy intervensiyaga o‘tishlari mumkinligi haqida fikr yuritishga undadi.

Avvalo aytish joizki, Vashington-Tehron munosabatlari harbiy nizoga aylangan taqdirda ham, bu – Eronning tashabbusi bilan ro‘y berishi ehtimoli ancha past. Boisi kuchlar nisbatida katta ustunlik AQSh tomonida. Harbiy mojaro Eron iqtisodiyoti, aholisi va turgan gapki, hukumati uchun katta zarba bo‘ladi.

Shunga qaramay ziddiyat bundan keyin ham kuchaya borishini kutish mumkin. Dushmanlik kayfiyatidagi tomonlarda nizolarni tezda hal etish uchun aloqa kanallarining yo‘qligi va Eron qurolli kuchlarida vaziyat keskinlashgan paytda hujum boshlab yuborish uchun katta motiv borligini unutmaslik lozim.

Eron Amerikaning an'anaviy harbiy ustunliklarini to‘la-to‘kis bilgani holda, o‘nlab yillardan buyon bunga qarama-qarshi yo‘nalishda ish olib boryapti. Ya'ni forslar soxta harbiy bo‘linmalar, ballistik raketalar, dengizni minalashtirish va tezkor hujum samolyotlariga umid bog‘laydi. Ular AQShning Fors ko‘rfazi atrofi va boshqa muhim nuqtalardagi tayanch kuchlari, eng muhim energetika tarmoqlariga jiddiy xavf tug‘dira oladi.

Shunga qaramay, forslarning bu kuch va taktikalari dushmanning qudratini sindira olmasligi tayin. Bu harbiy kuchlarning o‘ziga AQSh tomonidan zarba berilgan taqdirda, ular bu zarbalar qarshisida ojiz qolishini Tehron yaxshi tushunadi.

Stratfor geopolitika portali bu haqdagi maqolasida AQSh va Eronning Yaqin Sharqdagi eng asosiy harbiy bazalari ko‘rsatilgan suratni ilova qilgan. Suratda sariqlar nuqtalar – AQSh harbiy floti, qizil – AQSh armiyasi, binafsharang – AQSh harbiy-havo kuchlarining joylashuvini anglatadi. Ko‘k rangda esa – Eron harbiy floti, yashil – Eron armiyasi, och yashil – Eron harbiy-havo floti.

Misol uchun, forslarning O‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yish bilan tahdid qilishiga islom inqilobi soqchilari korpusining harbiy flotlari asos bo‘ladi. Bu korpus ixtiyorida mina tashuvchi samolyotlar, boshqariluvchi raketa va suvosti snaryadlari (torpedolar)ni tashuvchi qayiqlar, qurolli tezyurar kemalar va sohilda kemalar hujumiga qarshi qanotli raketa batareyalari bor.

Ammo, bu qurollarning aksariyati portlarda yoki harbiy bazalarda turgan paytda AQShning doimiy nishonida bo‘lib turadi. Ular harbiy mojaro boshlanmasidan oldin o‘z joylashuvlarini o‘zgartirishga ulgurgan bo‘lsa ham, baribir Amerika va uning ittifoqdoshlarining harbiy-havo kuchlari tomonidan yo‘q qilinishi riski ostida bo‘ladi.

Boshqacha aytganda, Eron o‘zi xohlaganicha kenglikdagi hududlarni minalashtirib tashlashi, O‘rmuz bo‘g‘ozida qo‘lidan kelganicha va ulgurganicha dushmanga shikast yetkazishi mumkin, lekin forslarning bu qobiliyati Vashington va uning ittifoqdoshlari tomonidan tezda cheklab qo‘yiladi.

Eronning ballistik raketalari haqida ham shunday deyish mumkin. Forslar bu tipdagi raketalar bilan Amerikaning mintaqadagi harbiy bazalari va energiya infrastrukturasiga zarba bera oladi. Biroq, yuqorida ta'kidlanganidek, agar Tehron harbiy harakatlar boshlangach tez vaqt ichida bu raketalaridan foydalanib qolmasa, AQSh kuchlari ularni turgan joyida vayron qilishini kutish mumkin.

Shu boisdan ham, Eron qarshisida rosmanasiga «yo qurolingdan foydalan, yoki qurolsiz qol» dilemmasi turadi.

Xulosa qilib aytganda, AQSh oylar davomidagi hujumlari bilan Eronni butkul qurolsizlantira olmasligi mumkin, lekin Tehron o‘zining qisman ustunligi sanaluvchi qurollaridan, ayniqsa boshqariluvchi raketalari va dengiz kuchlaridan dushmanga zarba berish uchun foydalanishni qanchalik uzoq vaqt ortga suraversa, AQSh bu qurollarni ular otilmay turib yo‘q qilishi riski ham shunchalik oshib boraveradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top