20:46 / 04.10.2019
1
15585
Auksionda sotilgan Ishtixon mashina traktor parki masalasiga tuman hokimligi ham munosabat bildirdi. Lekin…

Joriy yilning 17 sentabr kuni Kun.uz saytida «Ishtixon mashina-traktor parkiga onlayn auksionda yutib olgan g‘olib u yerga kira olmasdan sarson bo‘lmoqda» sarlavhasi ostida jurnalistik surishtiruv e'lon qilingan edi.

Ushbu maqolaga Majburiy ijro byurosi hamda Samarqand viloyati «Agroservis MTP»ning munosabatlari e'lon qilingan edi.

Ishtixon tuman hokimligi ham tahririyatimizga ushbu masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi:

Ishtixon shahri, Ishtixon ko‘chasi 84-uyda joylashgan, umumiy yer maydoni 8,3 gektar, bino-inshootlar osti maydoni 8421,41 kv.metrdan iborat bo‘lgan bino-inshootlarga Ishtixon tuman hokimining 2016 yil 12 apreldagi 363-sonli qarori bilan Samarqand viloyat MTPlar birlashmasi nomiga egalik huquqi berilgan.

 

«Turonbank» ATB Samarqand filiali bilan Samarqand viloyati «Agroservis mashina traktor parklari» MChJ o‘rtasida 2017 yil 6 iyunda tuzilgan «Garovga taqdim etilayotgan mulklarni garov qiymatini kelishuv dalolatnomasi»ga asosan Samarqand viloyat «Agroservis MTP» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli Ishtixon shahri Ishtixon ko‘chasi 84-uyda joylashgan bino-inshootlar qiymati belgilanib, bino-inshootlar (yer maydoni emas) garovga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur dalolatnoma tuzilgunga qadar, ya'ni Samarqand viloyat «Agroservis MTP» mas'uliyati cheklangan jamiyatining 2017 yil 4 maydagi 05/7-192–sonli xatiga asosan 1,0 gektar yer maydoni hamda 0,3 gektar yer maydonlari tuman hokimining 2017 yil 20 maydagi 1362-Q-sonli hamda 2017 yil 20 maydagi 1363-Q-sonli qarorlari bilan jami 1,30 gektar yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga olingan.

Shuningdek, Samarqand viloyat «Agroservis MTP» mas'uliyati cheklangan jamiyatining 2017 yil 25 dekabrdagi 05/7-548-sonli xatiga asosan tuman hokimining 2018 yil 15 fevraldagi 406-Q-sonli qarori qabul qilinib, unga ko‘ra Samarqand viloyat «Agroservis MTP» mas'uliyati cheklangan jamiyati 0,82 gektar yer maydoni ham tuman hokimligi zaxirasiga olingan.

Hozirgi kunda jami 8,3 gektar yer maydonining 2,13 gektar qismi tuman xokimligi zaxirasiga olingan bo‘lib, MTP foydalanuvida 6,18 gektar yer maydoni qolgan.

Kun.uz muxbiri o‘z maqolasida viloyat «Agroservis MTP» MChJ tomonidan ortiqcha yer maydonlarini tuman hokimligi zaxirasiga olish to‘g‘risida xat yuborilmaganligi ma'lum qilinganligini bayon etgan. Bu holat masalani u to‘liq o‘rganmaganligini ko‘rsatadi.

Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra mulk garovga olingan vaqtda mazkur mulkni taqiqqa olish to‘g‘risida tuman kadastr korxonasiga xat yuborilishi lozim bo‘lsa-da, taqiqqa qo‘yuvchi yoki bino-inshootlarga nisbatan ashyoviy huquqlar vujudga kelgan shaxs tomonidan Ishtixon shahri, Ishtixon ko‘chasi 84-uyda joylashgan bino-inshootlarni taqiqqa olish to‘g‘risida xat yuborilmagan va tuman kadastr korxonasi arxivi hujjatlarida Ishtixon shahri, Ishtixon ko‘chasi 84-uyda joylashgan bino-inshootlarni taqiqqa qo‘yilishi to‘g‘risida yozuv qayd etilmagan.

Samarqand viloyati Ishtixon tuman «Yagona darcha» markazi tomonidan 2017 yil 18 dekabrda 559519-son bilan berilgan guvohnomaga asosan «ISHTIXON AGROSERVIS MTP ISM» mas'uliyati cheklangan jamiyati tashkil qilingan bo‘lib, uning yuridik manzili Ishtixon shahri, Ishtixon ko‘chasi 84-uy deb qayd etilgan.

Samarqand viloyat «Agroservis MTP» MChJ ta'sischilarining 2017 yil 15 dekabrdagi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish qarori bilan tasdiqlangan «Topshirish va qabul qilish dalolatnomasi»da Samarqand viloyat «Agroservis MTP» MChJning 2018 yil 1 yanvar holatidagi buxgalteriya balansi ma'lumotlari asosida Ishtixon shahri Ishtixon ko‘chasi 84-uyda joylashgan asosiy vositalar «ISHTIXON AGROSERVIS MTP ISM» MChJga topshirilgan.

Samarqand viloyat «Agroservis MTP» MChJ tomonidan Iqtisodiy sudining 2018 yil 27 sentyabrdagi hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib kiritilgan kassatsiya shikoyati asosida 2019 yil 9 sentyabrda qabul qilingan ajrimda sudning mazkur qarorining ijrosi ish kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgunga qadar, ya'ni 2019 yilning 26 sentabr kuniga qadar to‘xtatib turilishi belgilangan. Shu boisdan Ishtixon shahri, Ishtixon ko‘chasi 84-uyda joylashgan bino-inshootlar va yer maydoni bilan bog‘liq masala sud tomonidan qonuniy asoslarda hal etilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi», — deyiladi Ishtixon tuman hokimligining tahririyatimizga yo‘llangan munosabatida.

Tahririyatdan: Ishtixon tuman hokimligi o‘z munosabatida Kun.uz muxbiri masalani to‘liq o‘rganmaganligini da'vo qilmoqda. Lekin biz Samarqand viloyat «Aroservis MTP»da bo‘lib, yer maydonlarini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish haqida xat chiqarilgan-chiqarilmaganini so‘radik. U yerda bunday xat chiqarilmaganini ta'kidlashdi (tahririyatda bu haqida tegishli dalillar mavjud).

Endi ma'lum bo‘lishicha, Ishtixon tuman MTPga tegishli yer maydonlarining 1 va 0,3 gektari — jami 1,3 gektari 2017 yilning may oyida «Turonbank» bilan garov shartnomasi imzolanishidan bir oycha avval Samarqand viloyat «Agroservis MTP»ning o‘sha vaqtdagi rahbari Rustam Hayitovning imzosi bilan tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish so‘ralgan.

«Turonbank» ATB Samarqand filiali bilan Samarqand viloyati «Agroservis MTP» MChJ o‘rtasida «Garovga taqdim etilayotgan mulklarni garov qiymatini kelishuv dalolatnomasi» 2017 yil 6 iyunda tuzilib, obekt garovga olingach va taqiq solingach ham, Samarqand viloyat «Agroservis MTP» mas'uliyati cheklangan jamiyati raisi Rustam Hayitov 2017 yil 25 dekabrdagi 05/7-548-sonli xati bilan 0,82 gektar yer maydonini yana tuman hokimligi zaxirasiga qaytargan.

Eslatib o‘tamiz, o‘sha paytda Samarqand viloyat «Agroservis MTP» mas'uliyati cheklangan jamiyati raisi bo‘lib ishlagan Rustam Hayitov ayni kunlarda «O‘zagroservis» AJga rahbarlik qilmoqda.

Tuman hokimining zaxiraga qaytarib olish to‘g‘risidagi qarorlarida Tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk davlat kadastri davlat korxonasi rahbari H.Astonovga kadastr hujjatlariga o‘zgartirish kiritish haqida topshiriq berilgan.

H.Astonov topshiriqni bajarmagan yoki qarorlar chiqarilganidan bexabar ko‘rinadi, chunki biz bilan suhbatda u 8,3 gektar yerning barchasi taqiqda turganini ta'kidlab o‘tgan edi (bu haqida audioyozuvlar mavjud). Yoki shu sababdan o‘zgarish garovda turgan va undiruv uchun auksionga chiqarilgan obektning kadastr hujjatlarida aks etmagan.

Kun.uz mazkur masalaga O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri Davlat qo‘mitasidan oydinlik kiritilishini so‘rab qoladi.

Kun.uz’da e'lon qilingan maqolaga munosabat bildirgan MIB ham, Samarqand viloyat «Agroservis MTP» ham, Ishtixon tuman hokimligi ham 2019 yil 30 avgust kuni Samarqand viloyat iqtisodiy sudiga Samarqand viloyat «Agroservis MTP» kassatsiya shikoyati kiritgani va shikoyat ko‘rib chiqish uchun qabul qilinganini eslatib o‘tishgan.

Lekin Ishtixondagi MTP ham, Bulung‘urdagi MTP ham kredit uchun garovga qo‘yilgan, kredit qaytarilmagan, obektlar auksionga chiqarilgan. Bo‘ldi. Hammasi besh qo‘ldek ayon. Garov uchun kelishuv shartnomasini mulk egasi nomidan rahbar R.Hayitov imzolab, muhrlab bergan.

Ishtixondagi obektni tadbirkor S.Qodirov xarid qilgan. Uning to‘lagan puli kreditni so‘ndirishga ketgan. Hozir u o‘zi xarid qilgan obekt foydalanuvida 8,3 gektar emas, 6,18 gektar yer maydoni qolganidan juda norozi.

Samarqand viloyat «Agroservis MTP» esa sud qaroridan norozi ekan, hanuz auksionda savdoga chiqarilayotgan «BULUNG‘UR AGROSERVIS MTP ISM» MChJ bino-inshootlarini ham qutqarib qolishi kerak emasmi? Yoki uning ham sotilishi va bir xaridorning sarson bo‘lib yurishi kutilmoqdami? 1 oktyabrdan kuchga kirgan yangi qoidaga ko‘ra, auksionda yutib olingan mol-mulkni auksion g‘olibidan olib qo‘yish mumkin emas, barcha zararlarni auksiongacha bo‘lgan mas'ullar qoplashadi.

Ishtixon tuman hokimligi tahririyatga yo‘llagan o‘z munosabatida bino va inshootlar garovga qo‘yilgan, yer maydoni emas, deganda nimani nazarda tutayotgani tushunarsiz. Bu nima, auksionda g‘olib chiqqan xaridor bino-inshootlarni buzib olib ketaverishi mumkinligi-yu, yerga haqqi yo‘qligiga ishorami? Axir garovga qo‘yilganda obektning barcha bino-inshootlari va unga biriktirilgan yer maydoni hisobga olinmaydimi? Unday bo‘lsa nega auksionga yer maydoni SAKKIZ BUTUN O‘NDAN UCh GeKTAR deb yozib chiqarildi?

Ushbu masalada auksion g‘olibi S.Qodirovning ishonchli vakili Sh.Gaziyev Ishtixon tumanida sudlar binosini ochib berish uchun kelgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilovga ham shaxsan murojaat qildi.

Kun.uz Ishtixondagi ushbu chigal mojaro yechimi qay tariqa topilishini kuzatishda davom etadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top