10:27 / 04.10.2019
1
17208

«Edegor degani bormidi?». Eskirgan savol va yangi yulduz haqida

«Edegor degani bormidi, qayerda o‘sha?». Mabodo «Real»da qandaydir yosh yulduz porlay boshlasa yoki kelajagi porloq deyilayotgan biror iqtidorga madridliklar klubi katta pul sarflashga tayyor ekani e'lon qilinsa, mana shunday istehzolar paydo bo‘ladi.

Esingizda bo‘lsa, norvegiyalik Martin Edegor 16 yoshida butun Yevropaning og‘ziga tushgan, yosh futbolchi barcha top-klublarda navbati bilan shug‘ullanib, ular o‘rtasida qandaydir ma'noda «tender» o‘tkazgandi. Yakunda Edegor «Real»ni tanlab, madridliklar bilan shartnoma imzolashi Florentino Peres uchun «piar»ga aylanib ketgandi. Shu bilan birga, 16 yoshli futbolchi uchun yiliga 2 million yevrodan ortiq maosh, shuningdek, futbolchining otasiga klub strukturasidan ish kafolatlanishi futbol jamoatchiligida shov-shuv ham bo‘ldi – yangi Pele topildimi?

Olovga Karlo Anchelottining so‘zlari ham moy sepdi. U o‘zining «Sokin yetakchilik» nomli avtobiografiyasida tan olishicha, «Edegorning transferi «Real» va uning prezidenti Florentino Peres uchun shunchaki piar edi va klub brendini Norvegiyada ham mashhur qilishga qaratilgandi. Martin – juda yaxshi o‘yinchi, ammo o‘shanda jamoaga kerak emasdi».

Avvaliga, Edegor asosiy tarkib bilan mashg‘ulotlarda qatnashib, asosan Zidan shug‘ullantiradigan «Kastilya»da o‘ynab yurdi. Norvegiya terma jamoasi futbolchisi Zizu bilan til topishib ketmadi, lekin bu «Real»ning asosiy jamoasida debyut qilishga xalaqit bermadi. 2015 yilda, Ispaniya chempionatining so‘nggi turida, «Xetafe» bilan o‘yinda Martin zaxiradan maydonga tushdi. U Krishtianu Ronaldu o‘rnini egallagandi.

Shu bilan Martinni «Real»da ko‘rmadik. Hozir Edegorni hatto «Real»ning muxlislari ham unuta boshlagan, ahyon-ahyonda o‘tmishda umid qilingan, lekin porlamagan yulduz sifatida eslab qo‘yishadi. Aslida ham shunaqami? Quyida shu haqida ba'zi ma'lumotlarni keltiramiz. Ba'zi mutaxassislarning kuzatishicha, Edegorning keyingi faoliyati shamolda uchib yurgan bargni emas, juda chuqur ishlab chiqilgan rejaning bir bo‘lagi ekan.

«Kastilya» darajasi Edegorga torlik qilayotgani ma'lum edi, shuning uchun Madrid klubi futbolchi uchun maxsus dastur ishlab chiqdi. Rejaga ko‘ra, futbolchi bir qator mavsumlarni ijarada o‘tkazib, katta futbolga moslashishi kerak edi. «Herenven» va «Vitess»dagi mavsumlar ortidan «Ayaks» tomonidan qiziqish bildirilgani shuni ko‘rsatardiki, «Stryomsgodset» tarbiyalanuvchisi to‘g‘ri yo‘lda.

2020 yilning yozigacha «Real Sosedad»ga ijara asosida o‘tish esa, tortning bezagi bo‘ldi, deyish mumkin. San-Sebastyandagi mavsum Edegor uchun so‘nggi sinov bo‘lishi va shundan keyin u Madridga qaytishi kutilmoqda. Hali erta deb o‘ylaysizmi? Unday emas, so‘nggi yillarda erishilgan fantastik o‘sishni payqash qiyin emas va Edegorning o‘zi ham, hali uning vaqti kelishiga to‘liq ishonmoqda.

Agar «Real Sosedad»ning o‘yinlarini kuzatayotgan bo‘lsangiz, ortiqcha so‘zlar ham shart emas. Masalan, aynan Martin Edegor «Atletiko»ni to‘xtatish va mavsumda ilk mag‘lubiyatini qabul qildirishda eng muhim rolni ijro etdi. Nafaqat WhoScored statistika resursi, balki AS, Marca kabi Ispaniyaning ko‘zga ko‘ringan nashrlari ham futbolchini uchrashuv qahramoni deb e'lon qilishdi. «Men Martinning nimalarga qodir ekanini bilardim» – deb bir chetda qarab turmadi basklar bosh murabbiyi.

Avvaliga, uning zarbasini Stefan Savich darvozaga to‘g‘rilab yubordi, biroz o‘tgach esa, aynan Edegorning standart vaziyatdan amalga oshirgan uzatmasini Nacho Monreal golga aylantirdi. Gap faqat Oblak darvozasiga kiritilgan har ikki golda ham Martinning ishtirok etganida emas. Edegor 6,3 foiz darajasida to‘pni nazorat qildi – bu faqat Saul (6,5 foiz), Koke (6,6 foiz) va Diyego Lorentenikidan (8 foiz) kamroq edi, xolos.

O‘ziga ishonchi oshgan futbolchi keyingi o‘yinlarda ham asosiy figuraga aylanmoqda. «Espanol»dagi o‘yinda jamoa g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi va tarkibda faqat ushbu o‘yinda dubl qayd etgan Villian Jozedan pastroq baho oldi, xolos. «Alaves» bilan o‘yinda uning deyarli butun himoyachi kesib o‘tgan golli uzatmasi butun internet tarmog‘ida aylanib yurdi.

Bu endi yosh iqtidorning «yutub»da ommalashgan fintlari emas, kattalar futbolida, kuchli chempionatda amalga oshirayotgan harakatlari edi. Bu o‘yinda ham faqat gol mualliflari Martindan yuqoriroq baho olishgan, xolos. «Sevilya»ga qarshi o‘yinda basklar mag‘lubiyatga uchragan bo‘lishsa-da, yana Edegorga e'tiroz yo‘q – bitta golli pas va sosedadliklar tarkibida uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi.

Natijada 20 yoshli norvegiyalik futbolchi «Real» hujumchisi Karim Benzema va «Vilyarreal» hujumchisi Jyerar Morenoni ortda qoldirgan holda Ispaniya chempionatining sentabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Qizig‘i, yuqorida aytilganidek, agar so‘nggi yillarda «Real» katta xaridlarni amalga oshirganda, jamoa muxlislari yoki «dushmanlari» tomonidan «Vinisius? Yangi Edegor bo‘ladi» yoki «Kubo? Ha, yaxshi texnikasi bor ekan, lekin Edegor qani?» yoki «Rodrigo? 45 million yevro bir yosh futbolchi uchunmi? Aytgancha, Edegor nima bo‘ldi?» qabilidagi istehzoli izohlar qoldiriladi. Bunday stereotiplarni kamroq ishlatish vaqti keldi shekilli.

Aslida Edegorga o‘xshatilishi Vinisius, Kubo yoki Rodrigo uchun maqtov sifatida yangrashi lozim. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top