17:03 / 04.10.2019
2
7770
«Mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizni himoya qilish haqida gap ketyapti». Sodiq Safoyev JSTga a'zo bo‘lish uchun o‘tkazilayotgan muzokaralar haqida

Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish borasida O‘zbekistonning qarori qat'iy va bu boradagi muzokalar faol davom etmoqda, deb ma'lum qildi Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.

Safoyevning so‘zlariga ko‘ra, JSTga a'zo bo‘lish borasidagi muzokaralarda O‘zbekiston o‘z mahalliy ishlab chiqaruvchilari manfaatlarini himoya qilish nuqtayi nazaridan ham yondashmoqda. Bu haqda u bugun, 4 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

«Jahon savdo tashkilotiga O‘zbekistonning kirishi bo‘yicha aniq qaror va siyosiy iroda bor. JST bilan muzokaralar juda ham jadal kechmoqda. Konsultativ guruh juda faol ishlayapti. Bu yo‘nalishda chet eldan texnik yordam ham ko‘rsatilmoqda.

Jahon savdosining 90 foizdan ortig‘i shu tashkilot doirasida kechadi. O‘z milliy manfaatlarimizni himoya qilish, savdo aloqalarida huquqlarimizni muhofazalash nuqtayi nazaridan bu tashkilotga a'zolik muhim ahamiyat kasb etadi.

Tashkilotga kirishda biz o‘z shartlarimizni ilgari suryapmiz. Ya'ni ichki ishlab chiqaruvchilarimizni himoya qilish haqida gap ketyapti», ─ deya ta'kidladi Sodiq Safoyev.

Shuningdek, Safoyev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga ehtimoliy a'zoligi masalasining ko‘rilayotgani o‘rtasida hech qanday ziddiyat yo‘qligini ma'lum qildi.

«Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish-kirmaslikning tahlil qilinayotgani va JSTga a'zo bo‘lish masalalari o‘rtasida ziddiyat mavjud emas. Chunki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining barcha a'zolari Jahon savdo tashkilotiga ham a'zo bo‘lgan», ─ dedi Senat raisining birinchi o‘rinbosari.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top