14:18 / 04.10.2019
0
12022
Maxatma Gandining hoki uning yubileyi kuni o‘g‘irlab ketildi
Foto: AP Photo/Channi Anand

2 oktyabrda noma'lum kimsalar tomonidan hind siyosiy va jamoat arbobi, Hindistonning Britaniyadan mustaqilligi harakati yetakchilaridan biri Maxatma Gandining Madxya-Pradesh shtatidagi yodgorlik majmuasida saqlangan hoki o‘g‘irlab ketildi. Ma'lum qilinishicha, voqea milliy-ozodlik harakati yetakchisi tavallud kunining 150 yillik yubileyida yuz bergan

Ta'kidlanishicha, bosqinchilar, shuningdek, Gandining surati tushirilgan plakatga “sotqin” deb yozib qo‘yishgan. Mahalliy politsiya “Hindiston milliy birdamligiga ziyon yetkazish” maqsadida o‘g‘irlik sodir etgan gumonlanuvchilarni qidirishni boshlab yuborgan.  

Gandi induizm vakillari va musulmonlarning birgalikda tinch-totuv yashashi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagani uchun ba'zi hind millatchilari tomonidan hanuzgacha sotqin deb qabul qilinadi. 

Maxatma Gandi 1948 yilda “Xindu Maxasabxa” radikal guruhi faolining hujumi oqibatida halok bo‘lgan. U induizm an'analariga ko‘ra krematsiya qilingan, hoki esa bir necha qismga bo‘linib, vidolashish uchun Hindistonning turli shtatlariga yetkazilgan. Keyinroq hokning katta qismi jamlanib, Hind okeani, Arabiston dengizi va Bengal ko‘rfazi suvlari uchrashadigan Kanyakumari burnida dengiz uzra sochib yuborilgan.

Biroq yo‘lda Gandi hokining bir qismi turli qo‘llarga o‘tib ketgan. 1997 yilda hokning bir qismi solingan idish Odisha shtatidagi bank omborida aniqlangan. 

Gandi hoki solingan boshqa idishlar uning ixlosmandlari yoki kolleksionerlar qo‘lida qolmoqda, deb hisoblanadi. Jumladan, taxminlarga ko‘ra, ulardan biri AQShning Kaliforniya shtatidagi hind ibodatxonasida, yana biri Hindistonning Puna shahridagi Aga Xon saroyida saqlanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top