11:40 / 04.10.2019
2
41625
Namanganda 18 yoshli qiz attraksionda vafot etdi, viloyat hokimligi viloyatdagi barcha attraksionlar texnik ko‘rikdan o‘tkazilishini ma'lum qildi

Namangan viloyati hokimligi Namangan shahridagi «Afsonalar vodiysi» bog‘ida yuz bergan baxsiz hodisa — 18 yoshli qiz attraksionda olgan tan jarohati oqibatida vafot etishi yuzasidan bayonot berdi.

«Namangan viloyati hokimligi 2019 yil 30 sentabr kuni Namangan shahridagi «Afsonalar vodiysi» bog‘ida qurilishi to‘liq bitkazilmagan Spin block attraksioniga sinovdan o‘tkazilayotgan vaqtda ruxsatsiz chiqib olishi natijasida sodir bo‘lgan baxsiz hodisa tufayli hayotdan ko‘z yumgan 18 yoshli E.X. oilasiga va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Fojia qurboni bo‘lgan yosh qiz bog‘dagi suv havzasi qutqaruvchisi sifatidagi ish joyini tashlab, sinov tariqasida harakatlantirilayotgan attraksionga texnika xavfsizligi qoidalarini buzgan holda chiqishi va bu baxsiz hodisaga olib kelganligi, ish joylarida texnika xavfsizligini ta'minlash borasida viloyatda olib borilayotgan ishlarni kuchaytirish kerakligini ko‘rsatadi.

Viloyat hokimligi tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda sodir bo‘lgan holat yuzasidan atroflicha o‘rganish olib borilmoqda».

Viloyati hokimligiga ko‘ra, so‘nggi paytlarda respublikaning boshqa joylarida ham istirohat bog‘larida faoliyat olib borayotgan attraksionlarda ko‘ngilsiz holatlar yuz berayotganini hisobga olgan holda Namangan viloyatida mavjud barcha attraksionlarni navbatdan tashqari texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi», deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Bundan avvalroq, Namangandagi ko‘ngilochar istirohat bog‘ida 18 yoshli qiz attraksionda olgan tan jarohati tufayli vafot etgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Unga ko‘ra voqea 30 sentabr kuni soat 15:40 larda sodir bo‘lgan. Istirohat bog‘ida qurilishi to‘liq bitkazilmagan attraksionda test sinovi o‘tkazilayotgan bo‘lgan. Elya Xalikova sinov tariqasida harakatlantirilayotgan attraksionga ruxsatsiz chiqib olgan, so‘ng o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida ushbu attraksionning temir truba qismiga urilishi natijasida olgan tan jarohati tufayli voqea joyida vafot etgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top