10:35 / 04.10.2019
4
9353
«Navoiyazot»ning ayrim sexlari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
Foto: KUN.UZ

Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan «O‘zkimyosanoat» AJ tasarrufidagi «MAXAM-CHIRCHIQ» va «AMMOFOS-MAXAM» aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshirishlar natijasi bo‘yicha xabar qilingan edi. 

Navbatdagi tekshirish joriy yil 16 - 25 sentabr kunlari aholining ko‘p sonli shikoyatlariga sabab bo‘lgan «O‘zkimyosanoat» AJ tasarrufidagi yana bir korxona Navoiy viloyatida joylashgan «NAVOIYAZOT» aksiyadorlik jamiyatida o‘tkazildi.  

Mazkur korxona 1964 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ayrim sexlari biror marotaba rekonstruksiya qilinmagan, eskirgan uskunalarni almashtirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar doimo kechiktirib kelingan.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, korxonaning «Kuchsiz azot kislotasini ishlab chiqaruvchi», «Kaustik soda, xlor va xlor mahsulotlari ishlab chiqaruvchi», «Ammiak selitra ishlab chiqaruvchi» sexlaridagi agregatlar yaroqlilik muddatini o‘tab bo‘lganligi, ehtiyot qismlar belgilangan muddatlarda almashtirilmaganligi sababli azot oksidlari, xlor va xlor kislotasi, ammiak moddasini atmosfera havosiga tashlanishi ruxsat etilgan me'yorlardan yuqori chiqish holatlari bir necha bor aniqlangan. Sababi uskunalar eskirgan, buyurtmalar berilgan bo‘lsa-da, yangi qurilmalar yetkazib berilmagan, eskirgan qurilmalardan hali-hanuz foydalanib kelinmoqda. 

Tekshirish davrida o‘tkazilgan laboratoriya tahlil natijalariga ko‘ra korxona faoliyati natijasida atrof-muhitga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar tarkibidagi azot oksidlari 2,9 marotaba, ammiak 1,5 marotaba, xlor moddasi 9,4 marotaba, xlorid kislotasi 1,5 marotaba ruxsat etilgan me'yordan yuqori chiqish holatlari aniqlandi. 

Tekshirish davrida korxonaning «1-navbatdagi azot kislotasini ishlab chiqaruvchi» 5-sexidagi 10-agregatni, 25-sexidagi 1-agregatni, «Ammiak selitra ishlab chiqaruvchi» 23-sexdagi 87-manbani, «Kaustik soda, xlor va xlor mahsulotlari ishlab chiqaruvchi» 107-sexdagi 1-kompressorni va «Ammoniy xlorid ishlab chiqarish» bo‘limi faoliyatlari vaqtincha to‘xtatildi.

Korxona faoliyati natijasida hosil bo‘lgan oqova suvlarni Zarafshon daryosiga tashlanayotgan nuqtasida laboratoriya tahlillari o‘tkazilganida oqova suvlar tarkibidagi azot ammoniy moddasi 4,6 marotaba, azot nitrit 1,5 marotaba, azot nitrat 2,5 marotaba, xloridlar 1,3 marotaba, mis ionlari 1,2 marotaba, sulfatlar 2,4 marotaba ruxsat etilgan me'yoridan yuqoriligi aniqlandi, oqova suvlarni tozalash inshootining ishlash samaradorligi 73 % ko‘rsatmoqda.

«Chiqindilar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 15-moddasida yuridik shaxslarning chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi majburiyatlari belgilangan bo‘lib, korxonada mazkur majburiyatlar bajarilmagan xususan, korxona hududida turli xil chiqindilar belgilanmagan joyga aralash holatda joylashtirganligi, o‘z vaqtida olib chiqib ketilmaganligi, korxona tashqarisida o‘ziga tegishli bo‘lmagan yer maydonida juda ko‘p miqdordagi (12.000 tn) qurilish va ishlab chiqarish chiqindilarini olib borib joylashtirilganligi oqibatida atrof muhit holati sifatining buzilishiga olib kelganligi aniqlandi.

Tekshirish natijalariga ko‘ra, «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida», «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»,  «Chiqindilar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari talablarini buzganlik uchun O‘zbekiston Respublikasining «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi Kodeksning tegishli moddalari bilan jami 45 nafar mas'ul shaxslarga nisbatan jami 27,8 mln. so‘m miqdorida ma'muriy jarimalar hamda atrof tabiiy muhit ifloslantirilgani va chiqindilarni belgilanmagan joylarga joylashtirilganligi uchun qo‘shimcha ravishda 520,4 mln. so‘m kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi.

Tekshirish yakuni bilan korxonada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida, 21 banddan iborat bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi hamda Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan qatiy nazoratga olindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top