21:20 / 04.10.2019
0
4967
O‘zbekiston ─ Rossiya parlamentlararo komissiyasi majlisida qanday masalalar ko‘rildi?

4 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenkoning 1-3 oktabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda tashrif doirasida o‘tkazilgan Hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning to‘rtinchi majlisida ko‘rilgan masalalar xususida ma'lumot berildi.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi, senator Alisher Kurmanovning ta'kidlashicha, Hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning to‘rtinchi majlisida Tanzila Norboyeva va Valentina Matviyenko o‘rtasida kelishuv imzolangan.

Bu kelishuv Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Federatsiya kengashi o‘rtasida qonunchilik bo‘yicha tajriba almashinuvining doimiy yo‘lga qo‘yilishini nazarda tutadi. 

«Shuningdek, Hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiya majlisida parlamentning davlat budjeti sarfi ustidan nazorat mexanizmini joriy qilishda o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Budjet ustidan parlament nazoratining o‘rnatilishi Rossiya uchun ham, O‘zbekiston uchun ham yangi amaliyot, shu bois bu masalada hamkorlik tahlillari olib boriladi», – deydi Alisher Kurmanov.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning qayd etishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-tijorat munosabatlarini mustahkamlash, O‘zbekistonning Rossiya bozoriga kirib borishi, eksport hajmini oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

«Buning uchun normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, bojxona, fitosanitariya, tranzit tariflari kabi masalalarni hal qilish ustida bosh qotirilmoqda», ─ deya ta'kidlaydi Safoyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya parlamentlararo kengashining 2 oktabr kungi yig‘ilishida Sodiq Safoyev «Rosselxoznadzor»ning O‘zbekistonda vakolatxona ochishini taklif qilgan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top