09:37 / 04.10.2019
0
17316
Permda YTHga uchragan avtobus yo‘lovchilarini qutqargan Danil Yo‘ldoshev Mehnat vazirligi jamoasiga qabul qilindi
Foto: 59.RU

Rossiyaning Perm oblastida YTHga uchragan avtobus ichidagi 32 nafar yo‘lovchini saqlab qolgan Danil Yo‘ldoshev O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamoasiga qabul qilindi.

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

2019 yilning 17 avgustida mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun sport zaliga yo‘l olgan Danil avtobusning YTHga uchraganini ko‘rib, befarq o‘tib keta olmagan va jabrlanganlarga yordam bergan. U ikki soat davomida avtobusdan jarohatlanganlarni olib chiqib, ularga dastlabki tez tibbiy yordam ko‘rsatadi. 

21 avgust kuni Perm o‘lkasi gubernatori Maksim Reshetnikov Danil Yo‘ldoshev bilan uchrashib, unga tashakkurnoma topshirdi. Danilning mardonavor harakatlari O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi tomonidan ham e'tirof etildi.

Toshkentda o‘sib ulg‘aygan, so‘ng oilaviy sharoitlar sabab Rossiyaga yo‘l olib, bir necha yillar mobaynida o‘sha yerda istiqomat qilib kelgan Danil Yo‘ldoshevga Rossiya fuqaroligi taklif qilindi. 

“Biroq, u o‘z tug‘ilgan yurtining rivoji uchun javobgar biladi. Mana shu niyatini amalga oshirish, o‘zini, imkoniyatlarini ko‘rsatsin, deya Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Danil Yo‘ldoshevni o‘z safiga qo‘shdi, uni ishga qabul qildi. O‘ylaymizki, uning faol fuqarolik pozitsiyasiga ega ekani, harakatchanligi, eng muhimi, atrofida sodir bo‘layotgan hodisalarga befarq emasligi faoliyati davomida asqatadi”, - deyiladi vazirlik xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top