14:13 / 04.10.2019
3
19818
Qonunchilik palatasi: Metrodagi jyetonlar masalasini bosh vazir o‘z nazoratiga olgan 
Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saytida deputat Yormamat Xoliyorovning “Toshkent metropoliteni jyetonlardan qachon voz kechadi?” sarlavhali maqolasi e'lon qilingan edi.

Maqolada barcha sohada kechayotgan yangilanishlar, zamonaviylik Toshkent metropolitenini chetlab o‘tayotgani, bugun butun dunyoda elektron to‘lovlar tizimi keng qo‘llanilayotgani, hattoki, mobil smartfonlarga o‘rnatiladigan dasturlar orqali NFC to‘lov tizimlari joriy etilayotganini keltirib, Toshkent metropolitenida esa, hali-hanuz jyetonlardan foydalanilayotgani, bu kabi masalalarga yetarlicha e'tibor qaratilmayotgani, eskicha qarashlardan voz kecha olinmayotgani haqidagi masala ko‘tarilgandi.

“Maqola e'lon qilingach, ushbu masala jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama keltirib chiqardi. Mutasaddi vazirlik va idoralar g‘imirlab qoldi. Hatto mazkur masalaga Hukumat ham e'tibor qaratgani diqqatga molik.

Buni maqola muallifi bo‘lgan deputat nomiga “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi rahbariyatidan kelgan javob xatidan ham bilish mumkin. Maktubda ushbu masalani Bosh vazir o‘z nazoratiga olgani va taalluqli bo‘lgan vazirliklarga topshiriqlar berilib, ishchi guruhi tuzilgani, ishchi guruh zimmasiga Yevropaning yetakchi mamlakatlari transport tarmoqlarida amal qilayotgan elektron to‘lov tizim joriy etish bo‘yicha amaliy taklif kiritish yuklatilgani hamda bu borada amaliy harakatlari boshlangani bayon qilingan”, - deyiladi Qonunchilik palatasi saytida.

Shuningdek, xatda keltirilishicha, hozirgi paytda Toshkent metropolitenining Xalqlar do‘stligi va Oybek bekatlarida tajriba asosida pul to‘lov kartalari orqali yo‘lkira haqini to‘lashni amalga oshirish imkonini yaratuvchi tizim muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan.

Joriy yilning sentabr oyining o‘rtasidan boshlab tasdiqlangan reja asosida Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishining Olmazor, Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek, Paxtakor, Buyuk ipak yo‘li bekatlarida, O‘zbekiston yo‘nalishining Do‘stlik, Toshkent, O‘zbekiston, Alisher Navoiy, Chorsu, Beruniy bekatlarida va Yunusobod yo‘nalishining barcha bekatlariga pul to‘lov kartalari orqali yo‘lkira haqini to‘lashni amalga oshirish imkonini yaratuvchi tizim o‘rnatilib, bosqichma-bosqich ishga tushirilayotgani aytiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top