20:27 / 04.10.2019
0
13998
Qozog‘istonda shifokorlar chaqaloqni muzxonaga joylab o‘ldirishda gumon qilinmoqda 
Illyustrativ foto

Qozog‘istonning Atirau viloyat perinatal markazi rahbari yangi tug‘ilgan chaqaloqni o‘ldirishda gumon qilinmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi raisi o‘rinbosari Shingis Kabdula ma'lum qilgan, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.

Ma'lum qilinishicha, qotillik avval rasmiylashtirilgan hujjatlarni qayta rasmiylashtirishni istamaslik sababli sodir etilgan. O‘lik tug‘ilgan qilib rasmiylashtirilgan bola jonlantirish bo‘limiga jo‘natilish o‘rniga direktor buyrug‘i bilan muzxonaga joylangan.

“Maxsus tezkor tadbirlar natijalariga ko‘ra, bola tug‘ilgandan keyin loqaydlik sababli o‘lik tug‘ilgan qilib rasmiylashtirilgani aniqlangan, vaholanki u hali tirik bo‘lgan. Bola tiriklik alomatlarini bergandan keyin shifokorlar uni jonlantirish bo‘yicha tezkor choralarni ko‘rish o‘rniga rasmiylashtirilgan hujjatlarga binoan yo‘l tutishga va bolani o‘lishga qoldirishga qaror qilishgan. Shifokorlarning bunday xatti-harakatining sabablaridan biri hujjatlar bazasida to‘g‘rilashning imkoni bo‘lmagan hujjatlar to‘ldirilgani bo‘lgan”, deb aytgan Kabdula.

Ushbu hodisa yuzasidan “Qotillik” moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ikki xodim – tug‘ruqxona rahbari va tug‘ruqni qabul qilgan akusher-ginekolog ayblanuvchi sifatida o‘tmoqda. Ularga 20 yillik qamoq jazosi berilishi mumkin.

Bolaning o‘ldirilishi boshqa ishning tergov qilinishi davomida aniqlangan. Markaz direktori dastlab korrupsiyada gumon qilingan.  

“U homiylik pullariga xorijga dam olgani ketgan. Tezkor harakatlar davomida u telefonda bola haqida gapirgani aniqlangan. Biz darhol voqea joyiga chiqdik, biroq ulgura olmadik. Bola muzxonada vafot etgan”, deb ma'lum qilgan Kabdula.  

Shuningdek, markaz direktori Atirau viloyati sud-ekspertiza instituti rahbariyatiga bolaning o‘limi ekspertizasi bo‘yicha ijobiy xulosa berish uchun 300 ming tenge pora berishda gumon qilinmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top