21:15 / 05.10.2019
0
26737
Bosh prokuratura: Nafosat Olloshukurova Xorazm viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanserida davolanmoqda

23 sentabr kuni soat 12larda Xorazm viloyat ichki ishlar organlari tomonidan huquqbuzarlik sodir qilgan M.Radjapov, uning yaqin qarindoshlari hamda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida «Shabnam Olloshukurova» nomli guruh blogeri Nafosat Olloshukurovalarga nisbatan ma'muriy ish qo‘zg‘atilgan, deb ma'lum qildi Bosh prokuratura.

Urganch shahar ma'muriy sudining 23 sentabr kungi qaroriga asosan N.Olloshukurovaga nisbatan MJtKning 183, 194, 195 va 202 moddalari bilan 10 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

26 sentabr kuni ma'muriy qamoq jazosini o‘tayotgan N.Olloshukurova ruhiyatida o‘zgarishlar sezilganligi uchun tez tibbiy yordam chaqirtirilib, psixiatrning tavsiyasi bilan u viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanserida ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketilgan.

Viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanseri tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudiga murojaat qilinib, N.Olloshukurova ruhiyatida o‘zgarishlar sodir bo‘layotganligi, unda «ruhiy kasalsimon sindrom, paranoyal sindrom» kasalligi alomatlari kuzatilganligi, o‘zi yoki atrofdagilar uchun bevosita xavf tug‘dirishi, nochorligi, asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda qondirishga layoqatsizligi sababli, psixiatriya muassasasiga joylashtirish so‘ralgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining 30 sentyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan, N.Olloshukurova g‘ayriixtiyoriy tartibda Xorazm viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yuborilgan.    

Hozirda N.Olloshukurova Xorazm viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanserida davolanmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top