08:19 / 05.10.2019
0
14212

Hafta o‘yinlari anonsi: «Yuventus» «Inter»ga, «Liverpul» Rojyers jamoasiga qarshi, «MYu»ni yana safar kutmoqda

Foto: Getty Images

Tribuna.uz o‘z an'anasiga muvofiq Yevropada navbatdagi uik-endning eng asosiy o‘yinlari anonsini taqdim etadi.

LIVeRPUL – LeSTeR (5 oktabr, 19:00)

“Liverpul” APLda hali ochko yo‘qotmagan, mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa sanaladi va “Lester” sinovi ushbu mavsumdagi jiddiy sinovlardan bo‘lishi mumkinligiga bir qator asoslar bor. Birinchisi – Brendon Rojyers. Ushbu murabbiy o‘z vaqtida “Liverpul”da ishlagan, hatto chempionlikka juda yaqin kelgan, Yurgen Klopp kelishidan oldin iste'foga chiqarilgandi. Rojyers Angliyada navbatdagi kuchli jamoasi tuzish yo‘lida muvaffaqiyatli ishlamoqda.

Ikkinchisi, rostan ham “Lester” juda sifatli o‘yin namoyish etmoqda. Turnir jadvalida uchinchi pog‘onada borayotgan “tulkilar” o‘yin saviyasi bo‘yicha mutaxassislarning e'tirofiga sazovor bo‘ldilar va hatto top-6 ichiga kirishga dastlabki da'vogar sifatiga tilga olinyapti. Shuningdek, “Lester”ning Klopp jamoasi uchun juda noqulay raqib ekanini ham unutmaslik kerak. “Liverpul” yuqori pressing va himoyalanishga o‘rgangan, uzun paslar orqali maydon markazini kesib o‘tish esa, tarkibida Vardi bor “Lester” uchun asosiy qurollardan biridir.

Yana bir fakt – “Liverpul” APL doirasidagi o‘yinlarda oxirgi marta 30 yanvar kuni “Enfild”da ochko yo‘qotgan. Shundan beri qatorasiga 10 o‘yindan beri Klopp shogirdlari uy o‘yinlarida faqat g‘alaba qozonib kelmoqdalar. O‘sha yanvardagi 1:1 hisobli durangda esa, raqib, topdingiz, “Lester” edi.

Tarkiblar borasida mezbonlarda muammo yo‘q, darvozabon Alison terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan keyin safga qaytadi. “Lester” yetakchisi Jyeyms Meddisonning maydonga tushishi ham hozircha so‘roq ostida turibdi. Unda yengil jarohat bor.

Darvoqe, “Liverpul” hafta o‘rtasida Chempionlar Ligasi doirasida asosiy tarkib bilan o‘z o‘yinini o‘tkazganini ham ta'kidlash kerak. Bu esa, jismoniy tarafdan “Lester” imkoniyatlarini biroz oshiradi.

VeST HEM – KRISTAL PELAS (5 oktabr, 21:30)

Top-raqiblar bo‘lmasa-da, o‘yinning derbi ekani va uchrashuv vaqti APLdagi boshqa o‘yinlardan alohida vaqtda ekani ham muxlislarni jalb qilsa ajab emas. Tomonlar liganing eng tajribali murabbiylari Manuel Pellegrini va Roy Hojson qo‘l ostida maydonga tushishlarini ham hisobga olsak, o‘yin juda yuqori saviyada o‘tishini taxmin qilsa bo‘ladi.

Shuningdek, raqiblarning sport formasi ham ajoyib darajada. Har ikkisi ham mavsumni yomon boshlagan bo‘lishsa-da, keyingi o‘yinlarda o‘nglanib olishdi va turnir jadvalining yuqori qismiga ancha yaqinlar. “Kristal Peles” so‘nggi 5 o‘yindan 3tasini o‘z foydasiga hal qildi, bu g‘alabalar ichida “Old Trafford”dagisi ham bor. “Vest Hem” esa, dastlabki turdagi yirik mag‘lubiyatdan so‘ng, yutqazmayapti – 3 g‘alaba va 3 durang bilan “bolg‘achilar” ochkolar bo‘yicha, Londonning egalari bo‘lmish top klublardan ustun bo‘lib turibdilar. “Vest Hem” hozirda “Arsenal” bilan teng, “Tottenhem” va “Chelsi”dan ko‘proq ochko jamg‘ardilar.

O‘zaro o‘yinlarga qarasak, “Kristal Pelas” 2015 yilning oktyabri, ya'ni to‘rt yildan beri raqibi ustidan g‘alaba qozona olmagan ekan. Ammo yetarli qarshilik bo‘lgan, masalan, so‘nggi 4 o‘yinning 3tasi durang bilan tugagan bo‘lsa, bir uchrashuvda 3:2 hisobidagi irodali g‘alaba “Vest Hem”ga uch ochko taqdim etgan.

Mezbonlar tarkibida darvozabon Lukash Fabianski kamida bir oyga safdan chiqdi. Shuningdek, Maykl Antonio bu yili maydonga tusha olmasligi ma'lum. “Kristal Pelas” esa, Luka Milivoyevichning yordamidan foydalana olmaydi. Serbiyalik futbolchi 7 turda besh marotaba sariq kartochka olib ulgurdi va diskvalifikatsiya tufayli o‘ynay olmaydi.  

FRAYBURG – BORUSSIYa D (5 oktabr, 18:30)

Bundesligada yangi kashfiyot – “Frayburg”. Odatda autsayderlar qatorida tilga olinadigan jamoa olti turdan so‘ng 13 ochko bilan “Borussiya” bilan teng ketmoqda va hatto bu o‘yindagi g‘alaba bilan turnir jadvalini boshqarishi mumkin. “Frayburg” ayniqsa, safar uchrashuvlarida kuchli o‘yin namoyish etmoqda va uch g‘alaba aynan safarda qo‘lga kiritilgan.

Kristian Shtrayx shogirdlarining mag‘lubiyatsiz seriyasi 4 o‘yinga yetdi. Jamoa gol o‘tkazish bo‘yicha faqat “Volfburg”dan yomonroq natija ko‘rsatishgan xolos. Ammo shu bilan birga, hujum chizig‘ini ham yomon deb bo‘lmaydi – ligada 4-o‘rin.

“Borussiya” mavsumni juda yaxshi boshlagandi – qatorasiga ikki o‘yinda g‘alaba qozonib, bu o‘yinlarda 8 gol urib, turnir jadvalining eng yuqorisiga chiqib olgandi. Ammo keyin kutilmaganda, “Soyuz” bilan o‘yinda mag‘lubiyat alami totib ko‘rildi. Bu hozircha dortmundliklarning mavsumdagi yagona mag‘lubiyati bo‘lsa-da, duranglar girdobi ularni pastki pog‘onalarga tushirib yubordi. “Ayntraxt” va “Verder” bilan kutilmagan duranglar oqibatida “Borussiya” sakkizinchi o‘ringa tushib ketdi.

Ammo aytish kerakki, Bundesligada bu yil jadvalning yuqori qismi juda zich bormoqda. Ya'ni “Borussiya”ni aslida turnir peshqadami “Bavariya”dan atigi 3 ochko ajratib turibdi xolos.

O‘zaro o‘yinlarda “Borussiya”ning ustunligi juda katta. Oxirgi 16 o‘yinda “Frayburg” atigi ikki marta durangga erishgan xolos. Ikkinchisi aynan Dortmundda bo‘lganiga e'tibor berish kerak. O‘shanda mehmonlar hisobda oldinda borishgan, faqat hakam qo‘shib berilgan daqiqalarda mezbonlar mag‘lubiyatdan qutulib qolishgandi – 2:2.

Sport formasi nuqtayi nazaridan mezbonlarda muammolar bor. Birinchisi, jamoaning asosiy hujumchisi Pako Alkaser uchrashuvda qatnasha olmaydi. Ikkinchisi, dortmundliklar hafta o‘rtasida Pragada YeChL o‘yinida maydonga tushishgan. Bu ularga jismoniy tomondan biroz muammo tug‘dirishi mumkin. 

NYuKASL – MANCheSTeR YuNAYTeD (6 oktabr, 20:30)

Ushbu jamoalar o‘yini Angliya Premer-ligasining klassikalaridan biriga aylangan, muxlislarda juda ko‘p xotiralar qolgan, chiroyli gollar urilgan. Yana bir umumiylik – turnir tarixidagi ikki to‘purar ham aynan shu jamoalarda to‘p surishgan – Alan Shirer va Ueyn Runi.

Ammo hozir har ikki jamoa ham og‘ir davrni boshdan kechirmoqda. Balki shu sababli ham, o‘yin juda ochiq, hujumkor ruhda o‘tar? Axir turnir jadvalining tubiga tushib olgan “Nyukasl” uchun nomdor raqib ustidan qozonilgan g‘alaba yaxshigina burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin.

Ayniqsa, hozir “Manchester Yunayted”ni yengish uchun eng qulay davr. Esingizda bo‘lsa, Sulsher shogirdlari shu yilning mart oyida Parijda “PSJ” ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonishgan va YeChL chorak finaliga chiqishgandi. Shundan buyon barcha musobaqalarda manchesterliklar safar o‘yinlarida g‘alaba nimaligini bilmay kelishmoqda. G‘alabasiz seriya 10 uchrashuvga yetdi va so‘nggi 35 yillik uchun antirekord qayd etildi. “MYu” o‘sha so‘nggi 10 safar o‘yinida atigi 5 gol urdi xolos. 1984 yilda jamoa mana shunday 10 o‘yinda 4 gol urgandi.

Buning ustiga tarkibdagi muammolar tugamayapti. “MYu” boshqa futbolchilarga ishonib, Lukaku, Sanches, Darmiyan, Smolling, Errera, Fellayni kabi o‘yinchilardan voz kechdi, lekin tarkibda qolganlar ishonchni oqlay olishmayapti. Muhim futbolchilar jarohatlar girdobiga tushib qolishgan bo‘lsa, ba'zilar shunchaki, bunday ishonch uchun yoshlik qilishmoqda.

Anchadan beri davolanayotgan Shou, Marsiyal, Bayi kabi futbolchilar qatoriga Pol Pogba yana qo‘shildi, Yevropa Ligasi o‘yinida Jyessi Lingard jarohatlandi – bu futbolchilar Nyukaslda yordam bera olmaydilar. Shuningdek, Aaron Van-Bissaka ham yakshanba kungi o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

Yo‘qotishlar mezbonlarda ham yetarlicha. Jonjo Shelfi, Geyl va Uillemslar hali tiklanib ulgurmadilar, Isaak Xeyden esa diskvalifikatsiya qilingan. Ammo so‘nggi o‘yinlarda maydonga tusha olmagan Mett Richi va Robert Elliotlar mashg‘ulotlarga kirishdilar. Balki bu o‘yinga tayyor bo‘lishlari mumkin.

O‘zaro o‘yinlarning oxirgi 16 tasini olsak, 9 bor “Manchester Yunayted” ustun kelgan, “Nyukasl” 3 marta. Ushbu stadiondagi mezbonlarning oxirgi g‘alabasi 2018 yilning fevraliga to‘g‘ri keladi. O‘shanda Mett Richining goli “Nyukasl”ga uch ochko taqdim etgandi. 

INTeR – YuVeNTUS (6 oktabr, 23:45)

Hozirdan bemalol aytish mumkin – A Seriyada chempionlik bahsiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sir qiladigan, mavsumning markaziy o‘yinlaridan biri. Umuman olganda, har mavsumda qaysidir jamoa juda yaxshi boshlab, peshqadamga aylanadi, lekin yakunda “Yuventus” tajriba va tarkibdagi ustunlik evaziga o‘z joyiga chiqib olardi. Ammo bu safar turinliklar xavotir olsalar arziydi.

To‘g‘ri, hozir ham tarkib salohiyati, tajriba borasida “Yuventus” ancha ustun, “Inter” asosan bir tarkib bilan o‘yinlarni o‘tkazishga majbur. Lekin milanliklar boshida Antonio Konte turganini unutmaslik kerak. Ushbu mutaxassis qisqa vaqt ichida jamoa tuzishni yaxshi biladi. Esingizda bo‘lsa, Angliyada barcha Pep va Mourinoning Manchester klublari boshida o‘zga duelini kutayotgan bir paytda, “Chelsi”ga keliboq, ajoyib mavsum o‘tkazgan va chempionga aylantirgandi. O‘shanda ham “Chelsi”ning imkoniyatlari raqiblaridan baland emasdi. Xullas, “Yuventus” chempionlik borasida tajribaga ega bo‘lsa-da, murabbiylar solishtirilganda Konte ustunroq. Sarri hali biror marta ligada sovrin qo‘lga kirita olmagan.

Bundan tashqari, yevrokuboklarga bo‘lgan e'tibor “Yuventus”da balandroq bo‘ladi va bahorda bu ham “Inter”ga qo‘l kelishi mumkin. Ya'ni “Yuventus” endi doimgidek, ikki turnir uchun e'tiborni taqsimlay olmaydi, har ikki frontda maksimum harakat qilishga majbur. Bunday holatni “Inter” yaratishiga shubha yo‘q.

“Inter” o‘tkazilgan olti o‘yinning barchasini ishonchli g‘alaba bilan yakunladi. Eng kam gol o‘tkazib yubordi. Gol urish borasida ham faqat “Atalanta”dan keyingi o‘rinda xolos. Jamoa nafaqat hisobda, balki bir qator statistika ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham yetakchilik qilmoqda. “Yuventus”ga qarshi o‘yin ular uchun o‘ta muhim – agar shu o‘yindan keyin ham peshqadamlik saqlanib qolinsa, yana uzoq vaqt Konte jamoasini birinchi o‘rinda olib yurishi mumkin. Shu tomondan, ancha pragmatik bo‘lgan Konte durangga ham qarshi bo‘lmasligi tayin.

“Barselona”dagi o‘yinni o‘tkazib yuborgan Romelu Lukaku o‘yinga tayyor bo‘lishi aytilmoqda. Ammo boshqa yo‘qotish bor – “Sampdoriya” bilan uchrashuvda maydondan chiqarib yuborilgan Aleksis Sanches diskvalifikatsiya tufayli qatnasha olmaydi. “MYu”ning sobiq futbolchilariga “Inter”da birgalikda o‘ynash hali nasib qilmay turibdi. “Yuventus”da esa, himoyada muammolar bor. Danilo, Kellini, De Shilo kabi futbolchilar hali maydonga qaytganlari yo‘q. Boshqa tarafdan “Yuventus” YeChLda “Inter”dan bir kun oldin o‘ynaganini, ya'ni tiklanish uchun bir kun ustunlikka ega ekaniga ham e'tibor berish lozim.

BARSeLONA – SeVILYa (6 oktabr, 23:55)

“Klub atrofidagi gap-so‘zlar jonga tegdi. To‘g‘ri, biz mukammal mavsumoldi yig‘inlariga ega bo‘lmadik, lekin jamoa va murabbiy o‘rtasida hech qanday muammo yo‘q. Grizmann bilan o‘rtamizda ham hech qanday muammo yo‘q. Biz “Sevilya”ni ham yengib, terma jamoalar yig‘inlariga yaxshi kayfiyat bilan chiqib ketishimiz kerak, chunki u yerda turli mish-mishlar yana bolalaydi”. Nihoyat, Messi gapirishga majbur bo‘ldi.

Jarohatlar, Valverdening saviyasi, Neymar bilan bog‘liq jarayonlar, jamoadagi muhit, yo‘qotilgan ochkolar so‘nggi bir oyda “Barselona” atrofida salbiy fikrlarni ko‘paytirib yubordi. Ammo aytish mumkinki, asta-sekin yetakchilar qaytmoqda va “Barselona” vaziyatni o‘nglashga kirishdi. Avval safarda “Xetafe” ustidan g‘alaba qozonildi. Chempionlar Ligasidagi o‘yinda esa, qiyinchilik bilan bo‘lsa-da “Inter” mag‘lub etildi. Milanliklarning shu kungacha o‘tkazgan o‘yinlarda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelganliklarini e'tiborga olsak, bu juda yaxshi siljish.

“Sevilya” qatorasiga ikki mag‘lubiyatdan so‘ng, o‘zini sal o‘nglab oldi. “Real Sosedad” bilan o‘yindagi qiyin (3:2) g‘alabadan so‘ng, Yevropa Ligasida ham Kipr klubi mag‘lub etildi. Hozirda “Sevilya” ham 7 jamoadan iborat peshqadamlar guruhida bo‘lib turibdi – bu shunday guruhki, ularning har biri bir g‘alaba bilan birinchi o‘ringa chiqib olish imkoniyatiga ega. Hozir 6-o‘rinda turgan “Sevilya”da 13 ochko bo‘lsa, turnir peshqadami “Real” hisobida atigi 2 ochko ko‘p xolos. “Barselona” ham 13 ochko to‘plagan, to‘plar nisbatiga ko‘ra 4-o‘rinda joylashgan.

O‘zaro o‘yinlarga qarasak, “Sevilya” ko‘proq “Real”dan ochko oladigan “jin”, kataloniyaliklarga qarshi o‘yinlarda esa imkoniyati past bo‘lib kelgan. Xususan “Kamp Nou”dagi oxirgi 10 uchrashuvda mezbonlar g‘alaba qozonishning uddasidan chiqishgan. Andalusiyaliklar bu yerda oxirgi marta 2011 yilning oktyabrida ochko olishga muvaffaq bo‘lishgandi. O‘sha o‘yinning eng yaxshi o‘yinchisi – mehmonlar darvozaboni Xavi Varas deb topilgan. Aynan uning jonbozligi natijasida hisob ochilmagandi. La Liga doirasida “Sevilya”ning oxirgi g‘alabasi 2015 yilda sodir bo‘lgan. O‘tgan mavsumda esa, aniqrog‘i, shu yilning boshida “Sevilya” raqibi ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan, ammo Kataloniyada o‘tgan javob o‘yinida “Barselona” 6:1 hisobida ustun kelib, keyingi bosqichga o‘tgandi.

Tarkibda faqat “Barselona” yo‘qotishlarga ega, ayniqsa, himoya chizig‘i qandaydir yangi variantlarga extiyoj sezmoqda. Xordi Alba safdan chiqqan, uning o‘rniga “Xetafe”da harakat qilgan Xunior Firpo gol muallifi bo‘lgandi, lekin jarohatlandi. “Inter”ga qarshi o‘yinda chap qanotda aslida o‘naqay bo‘lgan Semedu maydonga tushishiga to‘g‘ri keldi. Umtiti jarohatlangan. Markazda Pikega sherik bo‘lib kelgan Langle esa, “Xetafe”ga qarshi o‘yinda qizil kartochkaga loyiq ko‘rilgandi.

BOShQA O‘YINLAR

5 oktabr. Brayton – TOTTeNHEM (16:30), BAVARIYa – Xoffenxaym (18:30), ReAL – Granada (19:00), PSJ – Anjye (20:30), Jyenoa – MILAN (23:45)

6 oktabr. ARSeNAL – Bornmut (18:00), MANCheSTeR SITI – Vulverhempton (18:00), Sauthempton – CheLSI (18:00), ROMA – Kalyari 18:00, Valyadolid – ATLeTIKO (19:00), Torino – NAPOLI (21:00)

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top