12:45 / 05.10.2019
0
4466
Mudofaa vazirligi miqyosida ilk bor o‘tkazilgan «Razvedka reydi» musobaqasi g‘oliblari aniqlandi
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mudofaa vazirligi razvedkachilari o‘rtasida ilk bor «Razvedka reydi» musobaqasi o‘tkazildi. Jizzax viloyatida joylashgan «Forish» tog‘-dala o‘quv maydonida razvedka bo‘linmalari o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur musobaqada vazirlikning barcha harbiy okrug hamda oliy harbiy ta'lim muassasalaridan jami 11 ta jamoa ishtirok etdi. 

Mazkur musobaqa uch bosqichda o‘tkazildi. Dastlab, harbiy qism, so‘ngra harbiy okrug miqyosida g‘olib bo‘lgan jamoalar yakuniy bosqichda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Yakuniy bosqichda esa ular 10 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Dastlab guruhlarning belgilangan hududga chiqish va jangovar vazifani bajarishga shayligi ko‘zdan kechirilgach, harbiy xizmatchilar 7,5 kilometrlik masofaga og‘irligi 35 kilogrammga yaqin bo‘lgan yuk qopi bilan marsh yurdi. Mashg‘ulot shartiga ko‘ra, har bir jamoa yuqori qo‘mondonlikdan berilgan maxsus vazifalarga asosan shartli dushman joylashgan hududni aniqlash va qaror ishlab chiqish vazifalarini bajardi. 

Shuningdek, marsh yurish davomida minalashtirilgan yo‘laklardan betalafot odimlash, jangda yaralangan harbiy xizmatchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish va uni bir yarim kilometr masofaga evakuatsiya qilish sinovlaridan o‘tdi. Bemorga jgut, bog‘lov, og‘riq qoldiruvchi ukol va shina qo‘yishda jamoalardagi feldsherning mahorati yaqqol namoyon bo‘ldi. Shundan so‘ng uch kilometr uzoqlikdagi joylashuv hududiga yetib borish, u yerda qo‘riqlov o‘rnatish va guruh shaxsiy tarkibiga vaqtinchalik yashash joyini hozirlash, dala sharoitidan kelib chiqqan holda, zarur imkoniyatlar yaratish singari shartlarni muvaffaqiyatli ado etdi.

Jamoalarning har bir harakati Mudofaa vazirligi mas'ul ofitserlaridan tayinlangan hakamlar hay'ati tomonidan xolisona baholab borildi.

Sakkiz kun davom etgan musobaqada ishtirokchilar uchun shartlar bosqichma-bosqich oddiydan murakkablashib bordi.

Real jangovar vaziyatlarga yaqinlashtirilgan holda o‘tkazilayotgan musobaqa doirasida harbiy xizmatchilar azimut bo‘yicha o‘n kilometr masofaga harakatlanish, kimyoviy zararlangan hududlardan himoyalanish, ruhiy tayyorgarlik yo‘laklaridan o‘tdi.  

Shu tariqa qizg‘in bahs va munozaralarga boy tarzda kechgan musobaqa o‘z nihoyasiga yetdi. Yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi va ikkinchi o‘rinlarni Markaziy harbiy okrug qo‘shinlariga qarashli jamoalar qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug jamoasiga nasib etdi. G‘oliblarga diplom, kubok, medal va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top