21:52 / 05.10.2019
0
8437
Turkiy tilli davlatlar savdo-sanoat rahbarlari Toshkentda uchrashdi

Bugun, 5 oktabr kuni Toshkent shahridagi International mehmonxonasida Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiy tilli davlatlar kengashiga a'zo mamlakatlar vakillari hamda kengash bosh kotibi ishtirok etdi. 

Yig‘ilishda Kengashga a'zo mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sanoat va tadbirkorlik sohalarida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. 

Adham Ikromov, Savdo-sanoat palatasi raisi (O‘zbekiston):

─ Turkiy kengash unga a'zo davlatlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni, birinchi galda savdo, investitsiya, innovatsiya, transport, turizm, madaniy va gumanitar almashinuv sohalarini rivojlantirishga yordam beruvchi samarali mintaqaviy tuzilma hisoblanadi. Unga a'zo har bir mamlakat o‘z iqtisodiyotini rivojlantirishdan manfaatdordir.

Bog‘dod Amreyev, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi:

─ O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishi, liberal iqtisodiyot, ishbilarmonlik va sarmoyaviy muhitni yaxshilash borasida aniq qadamlar amalga oshirilmoqda. Buni jahon hamjamiyati qiziqish bilan kuzatib turibdi. Mamlakatning Turkiy kengashga a'zo bo‘lishi esa bu sohadagi islohotlarning yanada ijobiy xarakterga ega bo‘lishiga ko‘maklashadi.

Rifat Hisarchik o‘g‘li, Turk savdo-sanoat palatasi prezidenti (Turkiya):

─ Bu kengash a'zolari aslida oltita alohida o‘lkada yashayotgan yagona millatdir. Turkiy kengashga O‘zbekistonning qo‘shilishi Kengash uchun ham, O‘zbekiston uchun ham manfaatli. O‘zbekiston qo‘shilgandan so‘ng Kengashning umumiy tovar aylanmasi 15 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda. 

Kengash a'zolari hamkorlik barobarida iqtisodiyotdagi muammolarga yechim ham izlashi lozim. Iqtisodiyotga ayollar va yoshlarni ko‘proq jalb qilish, xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash darkor. Xususiy sektor ishtirokisiz iqtisodiyotni gullatib bo‘lmaydi. 

Mamed Musayev, Tadbirkorlar milliy konfederatsiyasi prezidenti (Ozarboyjon):

─ Turkiy tilli dalvlatlar bir-biriga investiiya kiritishdan kuchli manfaatdordir. Ozarboyjon o‘z qardosh davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikka doimo tayyor. Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Investitsiya biznes forumiga ham katta qiziqish bildirdi. Ammo aviaqatnovdagi muammolar tufayli qiziqqan ozarbayjonlik tadbirkorlarning hammasini olib kelish imkoni bo‘lmadi. Shu bois O‘zbekiston hukumatiga Toshkent-Boku yo‘nalishidagi reyslarni ko‘paytirishni tavsiya qilgan bo‘lardim.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston savdo-sanoat palatasining Turkiy savdo palatasi a'zoligiga kirishi masalasi muhokama qilindi. Ma'lum qilinishicha, 14-15 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Kengashning yettinchi sammiti doirasida Turk savdo palatasi a'zolarining yig‘ilishida tegishli ko‘p tomonlama memorandum imzolanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 14 sentabr kuni 2009 yil 3 oktyabrda imzolangan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi. Joriy yilning 15 oktbyar sanasida tashkilotning Boku shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan yettinchi sammitida to‘la huquqli a'zo sifatida ishtirok etishi kutilmoqda.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turk dunyosi mamlakatlari muloqoti va hamkorligini rivojlantirish uchun tashkil etilgan xalqaro platforma hisoblanadi. Hozirgacha kengashga beshta davlat ─ Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston a'zo bo‘lgan. Vengriya kengashda kuzatuvchi davlat maqomida ishtirok etadi. Shuningdek, Turkmaniston ham kengashga kuzatuvchi davlat sifatida kirishni rejalashtirmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top