10:39 / 06.10.2019
1
34665
Denovda xodimlarini paxtaga majburlagan mansabdorlarga chora ko‘rildi, Kogonda fermerlar jarimaga tortildi

Hafta davomida Surxondaryo viloyatining Denov tumanida fuqarolarning paxta terimiga majburiy tarzda yo‘naltirilgani ma'lum bo‘lgan, Buxoro viloyatining Kogon tumanida esa ayni jarayonga bolalarning jalb etilayotgani haqida xabar tarqalgan edi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan ma'lum qilishlaricha, mazkur holatlar o‘rganib chiqilgan hamda uch nafar mansabdor shaxs va ikki fermer jarimaga tortilgan.

Denov tumanidagi holat yuzasidan

Davlat mehnat inspeksiyasining Denov telekommunikatsiya bog‘lanmasida o‘tkazgan tekshiruvlarga ko‘ra, uning ishchilari: X.Botirova, B.Qurbonov va D.Soatovalar paxta terimiga majburiy tarzda jalb etilgan. Qonunchilikka zid harakatlari sabab tashkilot boshlig‘i Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan miqdorda (bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 30 baravarigacha) jarimaga tortildi.

Denov tumani chorvachilikni rivojlantirish va veterinariya bo‘limi boshlig‘i ham qo‘l ostidagi ishchilarni paxta terimiga jalb qilgan. Shu sababdan unga ham Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan miqdorda jarima belgilangan.

Davlat mehnat inspeksiyasining o‘rganishlari Denov tumani Madaniyat bo‘limi xodimlarining paxta terimiga jalb qilinmaganini ko‘rsatdi. Ma'lum bo‘lishicha, ular 30 sentabr kuni «O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan terimchilar uchun konsert dasturini uyushtirgan.

Shu kuni Denov tumani Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari ham paxta terimiga jalb qilinmagan. 30 sentabr kuni ular o‘ziga biriktirilgan hududda o‘ziga yuklatilgan vazifani bajargan.

Kogon tumanidagi holat yuzasidan

Foto: Repost.uz

Davlat mehnat inspeksiyasining o‘rganishlari Kogon tumani «Alinoz Shergiron» va «Barno Bahrom» fermer xo‘jaligidagi paxta terimi jarayonlariga voyaga yetmagan maktab o‘quvchilari jalb qilinmaganini ko‘rsatdi.

Aniqlanishicha, bolalar paxta dalalari atrofida chorva mollari uchun o‘t tergan, shuningdek ota-onalariga tushlik uchun yegulik olib kelgan. O‘zbekiston qonunchiligida bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmasligi qat'iy belgilangan. Shunga qaramay, mazkur vaziyatga bee'tibor bo‘lgani sabab, «Alinoz Shergiron» va «Barno Bahrom» fermer xo‘jaligi rahbarlari Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 2-qismiga binoan (bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 20 baravarigacha) jarimaga tortildi.

Shuningdek Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan fermer xo‘jaliklari rahbarlari, ota-onalar orasida yurtimizda bolalar mehnatiga chek qo‘yilgani, ayni holatlar uchun qonunchilikda jazo choralari belgilangani yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. O‘z navbatda ulardan tushuntirish xatlari olindi.

Holat yuzasidan Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyaga chora-tadbirlar ko‘rish hamda ota-onalar bilan tushuntirish-profilaktika ishlarini olib borish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi barcha fuqarolarni majburiy mehnatga qarshi kurashga chaqirgan. 

«O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatning har qanday shakli qonunga xilofdir! Agar Sizni paxta terimi yoki boshqa biror ishga majburlashsa yoki shunday holatga duch kelsangiz, Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, dmi.mehnat.uz sayti yoki mehnathuquqbot Telegram botiga murojaat qiling!» deyiladi xabarda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top