14:31 / 06.10.2019
0
8142

Parijda razvedka boshqarmasi xodimi o‘z hamkasblarini o‘ldirganidan so‘ng Fransiya xavfsizlik xizmatlari jiddiy tekshiruvdan o‘tkazilishi ma'lum qilindi

Foto: Reuters

Fransiya bosh vaziri Eduar Filipp Parij prefekturasining razvedka boshqarmasi ma'muriy xodimi to‘rt hamkasbini o‘ldirganidan keyin maxsus xizmatlarda sinchkovlik bilan tekshiruvlar o‘tkazilishini e'lon qildi. Bu haqda Le Journal du Dimanche gazetasida chop etilgan bosh vazirning intervyusida ma'lum qilindi.

Xususan, vazirlar mahkamasi rahbarining qayd etishicha, tekshiruv birinchi navbatda, jinoyatchi ishlagan bo‘linmada amalga oshiriladi. 

"Bosh razvedka inspeksiyasi xodimlari jinoyatchi ishlayotgan vaqtda prefektura razvedka boshqarmasi xodimlarning radikallashuvini aniqlash bo‘yicha qanday mexanizmlar bilan ta'minlanganligini tekshiradi", dedi u. 

Ikkinchidan, Filippning so‘zlariga ko‘ra, tekshiruv boshqa barcha maxsus xizmatlar va terrorizmga qarshi kurash uchun javobgar bo‘lgan maxsus bo‘linmalarda o‘tkaziladi. 

"Menga yuz foiz kafolatga erishib bo‘lmaydi, deb aytishmoqda va bu to‘g‘ri, lekin bizning vazifamiz ehtimoliy xatolarga yo‘l qo‘ymaslikdir. Barcha razvedka xizmatlari uchun ichki tahdidlarni aniqlash muhim ahamiyatga ega ", deb qo‘shib qo‘ydi bosh vazir. 

3 oktabr kuni Parij politsiyasi prefekturasi binosida pichoq bilan qurollangan 45 yoshli ma'muriy xodim hamkasblariga hujum qildi. Prokurorlarning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida bir ayol va uch erkak halok bo‘lgan, yana bir politsiya xodimi og‘ir yaralangan va harbiy kasalxonaga yotqizilgan. Hujum qilgan shaxsning o‘zi politsiya xodimi tomonidan otib o‘ldirilgan.

Jinoyatchi Parij prefekturasi razvedka boshqarmasining elektronika bo‘yicha mutaxassisi bo‘lgan.  

 

 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top