15:48 / 06.10.2019
0
6667

Times: Jonson har qanday holatda ham iste'foga chiqmoqchi emas

Foto: Peter Summers/Getty Images

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson hatto hukumatga ishonchsizlik votumi e'lon qilinsa ham iste'fodan bosh tortadi va mamlakatni 31 oktyabrgacha YeI tarkibidan chiqarish uchun qo‘lidan kelganini qiladi. Bu haqda The Sunday Times gazetasi xabar berdi.

Nashrning Jonsonning yaqin yordamchilariga tayanib yozishicha, bosh vazir Bryussel uning Brexit bo‘yicha yaxshilangan rejasini rad etsa va Britaniya deputatlari undan yangi qonunni bajarishni talab qilsa ham taslim bo‘lish niyatida emasligini aytdi.Agar tomonlar 19 oktabr kuni kelishuvga erishmasa, u hukumatni YeIdan Brexit bo‘yicha muzokaralarni uch oyga, 2020 yil 31 yanvargacha uzaytirishni so‘rashga majbur qiladi.

"Politsiya Dauning strit 10ga bosh vazirni hibsga olish to‘g‘risida buyruq bilan kelmaguniga qadar u ketmaydi", deya Jonsonning yordamchisi so‘zlaridan iqtibos keltiradi The Sunday Times. Gazetaning yozishicha, bosh vazir qirolicha Yelizaveta II ga iste'fo to‘g‘risida ariza berishdan ko‘ra uni ishdan bo‘shatishini taklif qiladi.

2 oktabr kuni Jonson Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunkerga Brexit bitimini tuzishda asosiy to‘siq bo‘lib turgan Shimoliy Irlandiya chegarasi bo‘yicha yangi takliflarni taqdim etdi. YeI Britaniya hukumatining tashabbuslarini ortiqcha hayajonsiz qarshi oldi va unda London hal qilishi kerak bo‘lgan muammoli holatlar mavjudligini qayd etdi. Agar tomonlar 16-17 oktabr kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeI sammitida kelishuvga erisha olmasa, Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishi yana kechiktirilishi mumkin. Jonsonning o‘zi kechiktirishni talab qilishdan ko‘ra u "handaqda o‘lib yotish"ni ma'qul ko‘rishini bir necha bor ta'kidlagandi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top