13:54 / 07.10.2019
0
76373
Oktabr oyi oxirigacha qanday ob-havo kutilyapti?
Foto: KUN.UZ

Sentabr kirib kelishi bilan biz kuz kelganini his qildik. Respublika hududiga bir necha marta salqin havo kirib kelishi natijasida kuzning ilk kunlaridanoq salqin tushib, yomg‘ir yog‘di, shamol kuchaydi. 

«O‘zgidromet»ning yozishicha, ayniqsa 9 sentabr kuni sovuq tushgani bilindi. Shu kuni havo harorati 13-18 daraja atrofida bo‘lgani qayd etildi, bu sentabr oyi uchun xos bo‘lgan o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 2-4 darajaga pastdir. Sentabr oyining birinchi yarmida Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Namangan viloyatlarida yoqqan yomg‘ir 5-16 mm., tog‘li va tog‘oldi tumanlarda yoqqan yomg‘ir 25-35 mm.ga yetdi.

Sentabr oyining ikkinchi yarmida oltin kuz uchun xos bo‘lgan iliq va quruq ob-havo kuzatildi. Harorat foni 25-30 darajadan 30-35 darajagacha o‘zgarib turdi. Bu ko‘rsatkich me'yordan 2-4 darajaga yuqori. Yomg‘ir faqat 30 sentabr kuni Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ib o‘tdi.

Qayd etilishicha, bir oy oldindan prognozlar ko‘proq iqlimiy tavsifga ega — kunma-kun ob-havoning qanday bo‘lishini aniq prognozlashning imkoniyati yo‘q. Nafaqat O‘zbekistonda, balki jahon amaliyotida ham ob-havo ma'lumotlarini tayyorlashda 6 kunlik prognozlar ishonchli hisoblanadi. 

«O‘zgidromet» mutaxassislarining dunyoning yetakchi ob-havo markazlari ma'lumotlariga tayanib bergan baholariga ko‘ra, bu yilgi oktabr oyi harorati o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichlar atrofida yoki undan 1-2 darajaga past bo‘lishi mumkin. 

Hozir davom etayotgan birinchi o‘n kunlikda harorat kechasi 8-13 daraja iliq, kunduzi 20-25 daraja iliq. Oyning ikkinchi yarmi va oxirigacha harorat bir oz pasayib kechasi 7-12 daraja iliqdan 2-7 daraja iliqqacha, kunduzi esa 20-25 daraja iliqdan 12-17 daraja iliqqacha o‘zgaradi.

Yog‘inlar bo‘yicha ham oktyabr oyi me'yorlarga yaqin bo‘lishi, ayrim joylarda esa o‘rtacha ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘lishi mumkin. Respublikaning shimoliy hududlari — Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlari hamda Qashqadaryo va Surxondaryoda 2-10 mm.gacha, qolgan joylarda 15-30 mm., respublikaning tog‘ va tog‘oldi tumanlarida 44-74 mm.gacha yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin. Kuzatuvlar davri mobaynida bundan ham ko‘p yomg‘ir yog‘gan oktabr oylari bo‘lgan. Umuman olganda, yomg‘irli kunlar soni o‘rtacha 5-7 kun, Buxoro va Navoiyda 2-4 kunni tashkil qilishi mumkin. Masalan, Toshkentda 1951 yilda oktabr oyida 18 kun yomg‘irli bo‘lgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top