17:22 / 07.10.2019
0
10777
O‘zbekiston ma'lum vaqt tashqi aloqalardan chekinib qolgan edi – Tojikiston parlamenti palatasi raisi
Shukurjon Zuhurov

O‘zbekiston muayyan muddat tashqi aloqalardan chekinib qolgan edi, dedi Tojikiston parlamenti quyi palatasi raisi Shukurjon Zuhurov o‘zbekistonlik hamkasbi Nurdinjon Ismoilov bilan uchrashuvda.

O‘zbekiston va Tojikiston parlamentlari quyi palatalari rahbarlari dushanba kuni Toshkentda muloqot o‘tkazdi. Unda Tojikiston tomoni O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi ijobiy faollashuvini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

«O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar ma'lum muddat to‘xtab qolgan edi. Bu pauzaga nuqta qo‘yilgani har ikki mamlakat uchun manfaatli bo‘ldi.

Yo‘qotilgan muddatning o‘rnini to‘ldirish, uzilib qolgan rishtalarni avvalgidan ham mustahkamroq bog‘lash – umumiy maqsaddir. Bunda hukumat organlari bilan bir qatorda xalq vakillarining ham doimiy muloqotini yo‘lga qo‘yish, parlament vakillarining o‘zaro tashriflarini amalga oshirish muhim hisoblanadi.

O‘zbekiston muayyan muddat tashqi aloqalardan chekinib qoldi. O‘zbekistonning bu yo‘qotishni tiklashi, ijobiy faollashuvini Tojikiston qo‘llab-quvvatlaydi», – degan Zuhurovning so‘zlarini keltirdi Kun.uz muxbiri.

Muloqot chog‘ida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov mehmon delegatsiya vakillariga O‘zbekiston parlamentining bugungi faoliyati haqida ma'lumot berdi.

«O‘zbekistonda joriy yilgi saylovlar mutlaqo boshqacha ruhda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu gal partiyalar sonining besh nafar ekanligi, saylov to‘g‘risidagi yangi kodeks asosida ish olib borilishi buning asosiy omillaridir.

O‘zbekiston parlamenti respublikadagi nodavlat tashkilotlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratmoqda. Buning uchun davlat budjeti mablag‘i asosida fond tashkil qilingan bo‘lib, fondni parlament komissiyasi boshqaradi. Tanlovlar, subsidiyalar asosida nodavlat tashkilotlar o‘zining jamoatchilik, ijtimoiy vazifalarini to‘laqonli bajarishi ta'minlanadi.

Parlamentning boshqa davlatlar qonunchilik organlari bilan hamkorligini nazarda tutuvchi 28ta do‘stlik guruhi tuzilgan. Bu guruhlarning faoliyati hali talabga to‘la javob bermaydi, ammo tashqi aloqalarni faollashtirish, bu borada vujudga kelib qolgan bo‘shliqni to‘ldirish, xalqaro aloqalarda parlamentning rolini oshirish maqsadida qattiq ishlanmoqda», – dedi Ismoilov.

Uchrashuv davomida tomonlar parlamentlararo hamkorlikning hozirgi holati, kelajakdagi rejalar haqida so‘z yuritishdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalasi muhokama qilindi. Parlament saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish sohasida ilg‘or tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish istagi bildirildi.

Yakunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Vakillar palatasi o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

Toshkentga 6 oktyabrda kelgan tojikistonlik delegatlar 8 oktyabrga qadar O‘zbekistonda bo‘lishadi.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top