17:00 / 07.10.2019
11
38591
O‘zbekistonda oilalar sarflayotgan elektr energiyasining qanchasini isrof qilyapti? Vazir o‘rinbosari bilan suhbat

Kuz-qish mavsumi yaqinlashishi bilan hammani bir savol qiynay boshlaydi – bu yil elektr energiyasi ta'minoti qanday bo‘larkin?.. O‘zbekistonliklar energetika sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarning samarasini qachon his qiladi?

Kun.uz muxbiri shu va mavzu atrofidagi boshqa savollar bilan Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev bilan suhbatlashdi.

Vazirlikning xalqaro hamkorlar bilan amalga oshirayotgan loyihalari, energiya samaradorligi sohasidagi islohotlar kabilardan boshlangan suhbat, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va atom energetikasi mavzusida davom etdi.

– 20 sentyabrda Toshkentda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (MOMIH)ga a'zo davlatlar energetika vazirlarining birinchi muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu anjuman nega aynan O‘zbekiston poytaxtida o‘tkazildi, uchrashuvda qanday natijalarga erishildi va ular qanday ahamiyatga ega?

– MOMIHga a'zo davlatlarning energetika vazirlari va yetakchi mutaxassislari Toshkentda yig‘ilishiga sabab – bu yil tashkilotga O‘zbekiston raislik qilmoqda. Shundan kelib chiqib navbatdagi anjuman mezbonligi bizga berildi.

Bugungi kunda energiya samaradorligi dunyodagi eng jiddiy muammolardan biri, desam adashmagan bo‘laman. MOMIHga a'zo davlatlarda ham, xoh u rivojlangan yoki rivojlanayotgan davlat bo‘lsin, energiya masalasi kun tartibida birinchi o‘rinlarda turadi.

Toshkent anjumanining o‘ziga xos jihati shuki, unda shu paytgacha erishilmagan natija – maxsus deklaratsiya imzolandi. Bu deklaratsiyaning eng muhim bandi shundaki, biz, ya'ni barcha a'zo davlatlar 2025 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish hajmini ikki barobar oshirishga kelishib oldik.

– 2025 yil? Vaqt juda oz qoldi, prognoz va rejalar juda optimistik emasmi?

– Albatta, bu borada juda ko‘plab bahs-munozaralar bo‘ldi, o‘z imkoniyatlarimizni o‘rganib chiqdik. Eng muhimi, buning uchun huquqiy asos yaratildi, sohaga kirib keluvchi xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar uchun kafolat mexanizmlari ishlab chiqildi, qonunchilik bazasi yaratildi, har bir yil uchun alohida dastur tuzib olindi.

Ishonchim komilki, o‘z zimmamizga olgan vazifalarni belgilangan muddatda va sifatli bajaramiz. Quyosh va shamol elektrostansiyalarini qurish uchun kerakli nuqtalarni belgilab olganmiz. Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlarida eng qulay hududlar borligi aniqlangan.

Sherzod Xodjayev

– Energiya samaradorligi bo‘yicha bugungi kunda hatto qonunchilikka o‘zgartirish kiritishgacha bo‘lgan takliflar bildirilayotgani sababi nima?

– Dunyo mamlakatlari bilan solishtirganda, O‘zbekiston energiya tejamkorligi, samaradorligi bo‘yicha 147 davlat ichida 87-o‘rinni egallagan. Ya'ni biz bu masalada ancha orqadamiz.

Men bu muammoni uch toifaga ajratgan bo‘lardim. Birinchisi, sanoatdagi tejamkorlik. Agar biz sanoatda tejamkorlikni joriy qilmasak, bir birlik mahsulotga sarflangan energiya tannarxi bo‘yicha dunyo bozorida raqobat qila olmay qolishimiz mumkin.

Ikkinchi o‘rinda – maishiy energiyasamaradorlik. Biz energiya samaradorligi bo‘yicha monitoringlarni muntazam olib boramiz. Yurtimizda o‘rtacha bir oilaning oylik elektr energiyasi sarfi 200 kv/soatni tashkil qiladi. To‘g‘ri, bu ko‘rsatkich ko‘p emas, ko‘pchilik davlatlarga nisbatan oz. Ammo ana shu sarflangan elektr energiyasining o‘rtacha 25 foizi, ya'ni 50 kv/soati isrof qilinadi.

Boshqa davlatlar bilan solishtirganda, mayli, hozircha rivojlangan davlatlarni qo‘ya turaylik va rivojlanayotgan davlatlarni olaylik, iqlimi bizdan sovuqroq yoki issiqroq davlatlar bilan qiyoslaganimizda ham, bizda energiya sarfida samaradorlik past ekanligi ma'lum bo‘ladi.

Bir qarashda 50 kv/soat isrofgarchilik darajasida ko‘p emasdek tuyuladi. Ammo 6,5 – 7 mln.dan ortiq iste'molchiga hisoblanganda bu juda katta raqamlarni hosil qiladi.

Qolaversa, xalqimiz turmush darajasi oshmoqda. Yaqin kelajakda o‘rtacha iste'mol 500 kv/soatni tashkil qilishi mumkin, buning 25 foizi 125 kv/soatga yetadi va samarasiz sarf hajmi keskin oshib ketadi. Biz bunga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

Shaxsiy fikrim, vaziyat shuni ko‘rsatyaptiki, faqat targ‘ibotning o‘zi kamlik qilyapti. Aniq mexanizmlar zarur. O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, eng ko‘p energiya uyni isitish, xususan suvni isitishga sarflanadi. Ana shu sarfni kamaytirish uchun qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanilsa, davlat xarajatlarning bir qismini qoplab beradi. Ana shunday choralar tejamkorlikka undaydi.

Savol tug‘iladi, nega biz uylarimizni isitishga ko‘p energiya sarflaymiz? Chunki biz binolarni loyihalashda, qurishda ko‘p jihatlarni e'tiborga olmaymiz. Yangi qurilish materiallari, zamonaviy loyihalardan foydalanish zarur. Mana, targ‘ibot natijasida svetodiod lampalarga ancha o‘tdik, lekin bu ham yetarli emas. Hozir dunyo sensor, ya'ni harakat natijasida yonadigan lampalarga o‘tmoqda. Bizda ko‘p qavatli uylar pod'yezdlarida chiroqlar bekorga yonib yotadi.

Uchinchi yo‘nalish – jamoat joylari. Bu yerda juda ko‘p energiya isrof bo‘ladi. Biz farzandlarimizga yoshlikdan energiya tejamkorligini o‘rgatib borishimiz zarur. Eng muhimi, biz elektr energiyasini 90 foizgacha tabiiy boyliklar orqali olamiz. Agar tejamkorlikni yo‘lga qo‘ymasak va tabiiy boyliklarimizni sarflab yuborsak, kelgusi avlodga hech narsa qoldirmagan bo‘lamiz.

– Elektr energiyasi iste'moli tuzilmasi qanday? Ya'ni sohalar bo‘yicha iste'mol haqida ma'lumot bersangiz.

– Biz 40 foizgacha elektr energiyasini bino-inshootlar uchun sarflaymiz. Endi bularga o‘sha aholi turar-joylari, ijtimoiy soha obektlari ham kiradi. Sanoatda ham bizda energiya samaradorligi juda past.

To‘g‘ri, hozir barcha sohalarda modernizatsiyalar ketmoqda. Ammo bu jarayonni kuchaytirish kerak.

Yana bitta juda katta soha – qishloq xo‘jaligi. Yoz oylarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 25 foizgachasi nasos stansiyalari, ya'ni suv chiqarish uchun sarflanadi. Aholi o‘sgani sari bu ko‘rsatkich oshib boradi. Bu sohada juda katta modernizatsiya zarur. Hozirgi kunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi va biz tomonimizdan juda yirik dastur ishlab chiqilgan. Bu sohaga ilm-fanni ko‘proq tatbiq qilishi, yosh olimlarni jalb qilish rejalashtirilgan.

Suhbat davomida mutaxassis energiya samaradorligi bo‘yicha islohotlar oddiy iste'molchi uchun navbatdagi cheklovlarga aylanib ketishi haqidagi xavotirlar, bu yilgi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi ta'minotida uzilishlarni kamaytirish uchun qilinayotgan ishlar, atom energetikasining O‘zbekistonga qay darajada zarurligi va uning xavfsizligi kabi mavzularda ham fikr bildirib o‘tdi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top