17:54 / 08.10.2019
4
9384
«Bunday chang-to‘zonda nafas olishga ham qiynalyapmiz». Abgor yo‘l tufayli Urganch tumani aholisining «yengili og‘ir bo‘lmoqda»

Yo‘llar holati – har qanday davlatning rivojlanish darajasini ko‘rsatib beruvchi muhim omillardan biridir. Millionlab odamlar har kuni transportda, velosipedda yoki piyoda shu yo‘llarni bosib o‘tadi, ishga, yumushga, o‘qishga boradi. Agar yo‘llar holati yaxshi bo‘lsa, odamlarning og‘iri yengillashadi, uzog‘i yaqinlashadi, turmush sharoiti yaxshilanadi, turli qulayliklardan bahramand bo‘lishadi. Agar yomon bo‘lsa-chi? Yo‘llar rasvoligi natijasida yengili og‘irlashayotgan aholining kayfiyati qanday bo‘lishi mumkin?

Kun.uz tahririyatiga kelgan murojaatlardan biri aynan shu mazmunda bo‘ldi. Unda Xorazm viloyati, Urganch tumani, Bog‘dorchi qishlog‘ida joylashgan «Bobodehqon» mahallasidagi yo‘l abgor ahvolga kelib qolganidan shikoyat qilingan edi. 

Mahalla aholisi ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yilning fevral oyida bu yo‘lni ta'mirlash ishlari boshlangan, chuqurchalar tekislanib, shag‘al tosh to‘shalgan, ammo taxminan 400 metrlik joyga asfalt yotqizilmasdan qolib ketgan.

Natijada, shu vaqtdan beri yo‘ldan ko‘tarilayotgan chang uylarni, dov-daraxtlarni, avtomashinalarni qoplab olmoqda. Bu yo‘ldan har kuni ishga, yumushga o‘tadigan odamlar, bog‘chaga, maktabga qatnaydigan bolalarning ahvoliga faqat achinish mumkin.

Mahalla aholisining shikoyatiga ko‘ra, chang-to‘zon tufayli nafas olish ham qiyinlashyapti. Odamlar yozda ham oyna va eshiklarini yopib o‘tirishga majbur. Aks holda hatto tanovul qilayotgan ovqatlarga ham chang o‘tirmoqda.

Bu yo‘l bo‘ylab ishga boradigan kattalar, maktabga qatnaydigan bolalar bezib ketishgan. Chang-to‘zon tufayli kiyim-boshlari bir kunda kir bo‘lib qolmoqda. Ularni yuvib, quritish ham muammo. Bog‘da quritish uchun osib qo‘yilgan kirlarga tezda chang o‘tiryapti.

«Yo‘limizni fevral oyida buzib ketishgan edi. Hanuz ta'mirlanmadi. Hammayoqqa murojaat qildik, ammo foydasi bo‘lmadi. Mana shu yo‘ldan bolalarimiz maktabga qatnaydi. Chang-to‘zon tufayli uylarimizning eshiklarini ochib qo‘yolmaymiz. Daraxtlar ham changdan oppoq bo‘lib qolgan. Bizga yordam berishingizni so‘raymiz», deydi aholi vakillaridan biri.

«Ko‘chamizning changi tufayli yozi bilan tashqariga chiqolmadik. Bog‘imizda kir quritmoqchi bo‘lsak, ertalabgacha chang bo‘lib qoladi. Yozda uy issiq bo‘ladi, ammo tashqarida o‘tirolmaymiz, chang tufayli nafas olish qiyinlashib, qisib qoladi. Yo‘l bo‘yida avtobus kutib tursak, changga botib ketamiz. Shu yo‘ldan bolalarimiz maktabga boradi. Borguncha kiyimlari changga belanadi. O‘qituvchisi ham ota-onang qaramaydimi deb koyib beradi. Ammo yo‘lning ahvolidan hech kimning xabari yo‘q», deydi yana bir murojaatchi.

Qayd etish joizki, yo‘l atrofida piyodalar yo‘lagi ham yo‘q. Natijada odamlar chang-to‘zonda yo‘lning qatnov qismidan yurishga majbur bo‘lishmoqda. Bu esa hayot uchun xavf keltirib chiqarmoqda. Yo‘l chetidagi uylardan yashovchi fuqarolardan birining aytishicha, trotuar yo‘qligi tufayli shu yo‘l chetida harakatlangan ikki bolani mashina urib ketgan.

«Mahallamiz yo‘li fevral oyida ta'mirlanishi kerak edi. Ammo ishlar oxiriga yetkazilmadi. Mana chang-to‘zonni ko‘ryapsiz, shuni ichimizga yutyapmiz. Uyimiz yo‘l bo‘yida joylashgan. Chang-to‘zon tufayli uyda non ham yeb bo‘lmay qoldi. Bolalar mana shu yo‘lda o‘ynab yuradi. Bu yerda trotuar ham yo‘q. So‘nggi 2-3 yilda shu yo‘lda 2 bolani mashina urib yubordi. Mana avtobus o‘tib ketyapti, orqasidan chang ko‘tarilyapti. Nima qilishimiz kerak?», deydi u.

Bu yo‘llarga suv sepib, nam qilib, chang-to‘zonning oldini olish mumkinmi? Xorazm viloyatining issiq va quruq iqlimida bu qisqa vaqt samara beradi, xolos. Yo‘l tezda qurib, yana chang-to‘zon bilan qoplanadi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi hududiy boshqarmasining Urganch tumani bo‘limi tomonidan berilgan ma'lumotga ko‘ra, «Bobodehqon» mahallasidagi yo‘lni ta'mirlash ishlari asfaltning tarkibiga kiruvchi muhim unsur – bitumning tanqisligi va mablag‘ning yetishmasligi tufayli to‘xtab qolgan. Bugungi kunda bu yo‘l asfalt qilish uchun tayyor holatda turibdi. Mablag‘ ajratilsa va bitum yetkazib berilsa, ta'mirlash ishlari yakunlanadi.

Biroq bitum va mablag‘ masalasi qachon hal bo‘lishi ma'lum emas. «Bobodehqon» mahallasi aholisi esa mutasaddi tashkilotlardan bu muammoni bartaraf qilishda yordam so‘rashmoqda.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top