18:30 / 08.10.2019
0
32999
Oltinsoyda fermerning yeri olib qo‘yilib, takroriy ekini yakson qilindi: Kim haq?

2019 yil yanvar oyida Vazirlar Mahkamasining «Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 14-sonli qarori qabul qilingandi.

Respublika qishloq xo‘jaligini yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilingan mazkur qarorga asosan ko‘plab fermer xo‘jaliklarining yerlari davlat zaxirasiga qaytarildi va tasdiqlangan nizom asosida tanlov o‘tkazilib, g‘oliblarga ajratildi.

Ammo tan olib aytish kerakki, ushbu qaror ortidan ayrim mahalliy hokimlik va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida turli tushunmovchilik va nizolar yuzaga kelmoqda. Yer maydoni boshqa fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilgan fermerlar asosan komissiya xulosalari va tanlov noxolis o‘tkazilgani, shaffoflik ta'minlanmagani, tanish-bilishchilik va nohaqliklardan shikoyat qilishdi.

Kun.uz tahririyatiga ham bu masalada fermerlar tomonidan ko‘plab murojaatlar bo‘ldi va jurnalistik surishtiruvlar o‘tkazildi.

Tahririyatga shu mazmundagi navbatdagi murojaat Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani, «Ekraz» mahallasida istiqomat qiluvchi Sirojiddin Abdug‘afforov tomonidan yo‘llandi.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Oltinsoy tumanida bo‘ldik va fermerning e'tirozlarini tingladik.

«2018 yilda «Baxtbek Isoqov» fermer xo‘jaligini tashkil etdim. Fermerligim tashkil topganiga endigina o‘n oy bo‘lganida hokim qarori bilan tugatildi va yer olib qo‘yildi. Hokimlik buni Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida maqbullashtirish bo‘lgani bilan izohladi. Lekin bu jarayonda huquqlarim ochiqchasiga buzildi. Tuman hokimligi 2018 yil g‘alladan bo‘shagan yerga takroriy ekin uchun fermerligim bilan shartnoma qilgandi. Shu shartnoma asosida fermer xo‘jaligim yer maydonida karam, sabzi, piyoz mahsulotlari ekilgan edi. Yer olib qo‘yilayotganidan norozilik bildirganimdan keyin tuman hokimi takroriy ekinlar tayyor bo‘lmasa-da, traktorni ustiga haydattirdi. Shuncha mehnat bekor ketdi, shuncha mahsulot uvol bo‘ldi. Hokimlik va fermer xo‘jaligim o‘rtasidagi shartnomaga ham qarab o‘tirishmadi. Yerimni ham olib qo‘yishdi. Haligacha fermerligim tugatilganligi haqidagi tuman hokim qarorini ham menga berishmagan», – deydi fermer.

O‘rganishimiz davomida ma'lum bo‘lishicha, tuman hokimining 2018 yil 30 martdagi qarori bilan «Ekraz» mahallasi hududidan 29,55 gektar yer paxta-g‘allachilik ixtisosligidagi fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun 30 yil muddat bilan «Baxtbek Isoqov» fermer xo‘jaligiga ijaraga berilgan.

Vazirlar Mahkamasining «Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 14-sonli qarori asosida o‘tkazilgan maqbullashtirishda tuman hokimining 2019 yil 21 yanvardagi qarori bilan «Baxtbek Isoqov» fermer xo‘jaligi tugatilgan.

Fermer xo‘jalik rahbari S.Abdug‘afforov bu jarayonda o‘z huquqlarini buzilgan, deb hisoblamoqda.

Ma'lumki, Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami 100 gektar etib belgilangan. Maqbullashtirish jarayonida tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarilgan yer uchastkalari, birinchi navbatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadigan, moliyaviy holati yaxshi va qishloq xo‘jaligi texnikalariga ega ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, eksport qiluvchi va qayta ishlovchi korxonalarga berilishi, bir gektar yer maydoni uchun paxta-g‘allachilik loyihasiga 2 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdorida hamda sabzavot-g‘allachilik, bog‘dorchilik-uzumchilik, sabzavot-polizchilik loyihalariga 5 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadigan talabgorlarga va klaster korxonalariga tuman sektor rahbarining tavsiyasiga ko‘ra tanlov o‘tkazmasdan tuman hokimining qaroriga asosan yer uchastkalari ajratilishi ko‘rsatilgan.

Aynan shu jarayonda haqiqatan ham fermer S.Abdug‘afforovning huquqlari buzilganmi, jarayon tegishli tartibda olib borilmaganmi?

Ushbu savolga javob topish maqsadida Oltinsoy tumani hokimligida bo‘ldik va tuman hokimining qishloq xo‘jaligiga mas'ul o‘rinbosari Bahodir Xudoyqulov bilan suhbatlashdik.

«Ayni vaqtda «Baxtbek Isoqov» fermer xo‘jaligi va yana uch nafar fermerning yeri eksportyor korxonaga berilgan. Maqbullashtirish jarayonida bu to‘rt nafar fermerning har biri bilan suhbatlashganman. Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami 100 gektar etib belgilangan. Bu fermerlar buncha katta yerga ega fermer xo‘jalikni yuritolmasligini, bunga imkoniyatlari yetmasligini bildirdi. Bu taklifni «Baxtbek Isoqov» fermer xo‘jaligi rahbari Sirojiddin Abdug‘afforovga ham bildirganmiz. U ham rad etgan. Shuning uchun to‘rtta fermer orasidan nomzod bo‘lmagandan keyin yer qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirib, qayta ishlab, eksport qiladigan korxonaga berildi», – deydi hokim o‘rinbosari.

Suhbatimizda bevosita ishtirok etgan Sirojiddin Abdug‘afforov haqiqatan ham shunday taklif bo‘lganini tasdiqladi. Dastlab rad etgan bo‘lsa-da, keyin rozi bo‘lgan. Tuman hokimi o‘rinbosari Bahodir Xudoyqulovning ta'kidlashicha, oradan vaqt o‘tgan va fermer keyinchalik rozilik bergan bo‘lsa-da, bu fermer xo‘jaligi joylashgan sektor rahbari xulosasi bilan rad qilingan.

Shundan so‘ng, fermerning yeridagi takroriy ekin hali yetilmasdan ayovsizlarcha buzib tashlangani holati yuzasidan izoh so‘radik.

Tuman hokimi o‘rinbosari takroriy ekin uchun shartnoma bo‘lmaganini aytdi. Mutasaddiga tuman hokimligi va «Baxtbek Isoqov» fermer xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan shartnoma nusxasini taqdim etdik. Ammo bu borada aniq javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Shuningdek, ma'lum bo‘lishicha Sirojiddin Abdug‘afforovning o‘z fermerligini sabzavot-polizchilik, bog‘dorchilikka ixtisoslashtirib, yerni saqlab qolish bo‘yicha so‘rovini tuman hokimligi rad etgan.

O‘rganish yakunida tuman hokimi o‘rinbosari B.Xudoyqulov fermerga bog‘dorchilik va sabzavot-polizchilik uchun yer ajratilishi imkoni ko‘rib chiqilishini ma'lum qildi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top