22:20 / 08.10.2019
0
126568

Umra-2019 uchun yangi narxlar haqida ma'lumot berildi

Bugun, 8 oktabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashining «Yoshlar press-klubi»da Umra-2019 mavsumi bo‘yicha brifing o‘tkazildi. Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Muzaffar Komilov ishtirok etdi va umra safaridagi sarf-xarajatlar, viza berish tartibi haqida ma'lumot berib o‘tdi.

«2019 yil Umra mavsumi uchun sarf-xarajatlar smetasi loyihasi ishlab chiqilgani va har bir ziyoratchidan olinadigan mablag‘ arzonlashtirilgani haqida alohida ta'kidlab o‘tish lozim. Ya'ni, 11 600 000 so‘m etib belgilangan smeta bugungi kunda 11 450 000 so‘m sifatida arzonlashtirilgan narxda shakllantirildi. Yana bir masalaga alohida e'tibor qaratmoqchimizki, joriy yil sentabr oyidan boshlab Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va Umra ishlari vazirligi tomonidan har bir ziyoratchi uchun qo‘shimcha 132 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ joriy etilmoqda. Yuqoridagi xarajatlar smetasiga ushbu mablag‘ kiritilmagan. Bu keyingi shartnomada belgilanishi rejalashtirib olindi. Joriy yil sentabr oyidan boshlab Saudiya Arabistoni podshohligida turizm, Haj va Umra ziyoratlari tartibiga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida yangi nizom amaliyotga tatbiq qilindi. Unga ko‘ra, podshohlikka kirish uchun turizm, Haj va tranzit vizalari uchun yangi narxlari va muddatlari belgilandi. Umra, turizm, biznes, yaqin qarindoshi yoki do‘stlarini ziyorat qilish masalalarida 30 kun uchun 300 rial, ya'ni 80 AQSh dollari miqdorida summa belgilandi. Haj vizasi ham 80 AQSh dollari miqdorida summa belgilandi. Tranzit vizasi 96 soat muddat uchun ayni narx belgilangan. Haj va Umra ziyorati uchun so‘nggi 5 yil ichida takroriy ado etgan shaxslardan undiriladigan 2 ming rial, ya'ni 533 AQSh dollariga teng qo‘shimcha to‘lov tartibi bekor qilindi. Uning o‘rniga 132 AQSh dollariga teng mablag‘ kiritildi. Shuningdek, har bir ziyoratchiga viza rasmiylashtirish uchun undiriladigan to‘lov, 5 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i, elektron xizmat va shirkatning xizmat haqi jami 498 rial, ya'ni 132 AQSh dollari etib belgilandi.

Ziyoratlarga xizmat ko‘rsatishning yangi tizim, ya'ni elektron platforma joriy qilinmoqda. Yangi tizim to‘liq ishga tushirilmagani sababli 20 kun Saudiya Arabistoniga kirish vizasi faoliyati to‘xtab qolgan. Shu yilning 25 sentabr kunidan boshlab elektron platforma orqali dastlab kichik guruhli (5-25 nafar) umra ziyoratchilariga «V2S» turdagi kirish vizalari rasmiylashtirish boshlangan.

Ko‘plab savollar bo‘lmoqdaki, xususiy firmalar tomonidan vizalar olish amaliyoti bor, ammo umumiy tarzda Umra ziyoratchilari uchun vizalar olinmaganini ushbu holat bilan izohlash mumkin. Lekin, umra ziyoratiga kelishi rejalashtirilayotgan hukumatlararo kelishuv asosidagi katta guruhlarga esa mazkur portalning to‘liq ishga tushirilmagani sababli «V2V» turdagi viza berish tizimi hozirgacha ishga tushmagani haqida rasman bildirildi. Ushbu turdagi kirish vizasini rasmiylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan barcha amaliy ishlar amalga oshirilib, jarayon shay holga keltirilgan. Hamkorlar tomonidan o‘zbekistonlik ziyoratchilarni kutib olish ishlari nihoyasiga yetgan. Barcha shart-sharoitlar hozirlab qo‘yilgan. Masalalar hal etilganidan so‘ng bu bo‘yicha veb saytda e'lon qilamiz», – deya mas'ul shaxsning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top