18:42 / 08.10.2019
1
5088
Yaxshilar ko‘magi bilan Ma'muraxon operatsiya qilindi. Shifokorlar uning holatini ijobiy baholamoqda

Kundalik hayotimizda ko‘plab tashvishlarga ko‘milib yashaymiz. Biroq o‘z muammolarimizdan oshinib kimgadir ko‘mak bersak dilimiz yorishadi. Yodingizda bo‘lsa, bir necha kunlar muqaddam bag‘dodlik oila Jumaboyevlarning qizi Ma'muraxon haqida xabar bergan edik. Bu qizaloq tug‘ilganidan boshlab yurak nuqsoni bilan kurashib kelayotgan edi. Ayni xastalikning so‘nggi kunlarida uning o‘pkasida bosim yana ham kuchayayotganligi aytilgan edi. Ushbu murg‘ak qalb sohibasi siz azizlarning ko‘magingiz bilan operatsiya qilindi.

Qizaloqning operatsiyadan so‘ng holati haqida bilish maqsadida poytaxtimizdagi “AKFA MEDLINE” shifoxonasiga bordik.

“Pullarimiz yetarlicha to‘plangani sababli operatsiyaga keldik. Bu yerda bizni do‘xtirlar yaxshi kutib oldi. Hamma kerakli sharoitlarni qildik. Kelganimizdan keyin ikki kun o‘tib, operatsiya o‘tkazishdi. Qizim operatsiyadan yaxshi chiqdi, holati yaxshi. Do‘xtirlar ham holati ijobiyligini aytmoqda. Operatsiyadan bir kunda chiqdi. Operatsiyaga olib kirib ketishganida ichimdan o‘tganlarni o‘zim bilaman. Lekin ming marta shukr hammasi yaxshi o‘tdi. Do‘xtirlar operatsiyadan chiqib hammasi yaxshiligini aytishdi. Reanimatsiyadan chiqib olsagina hammasi o‘tishini aytdi.

Pul yig‘ilishiga ham o‘zi o‘ylangandim. Kechalari bilan Xudodan so‘radim. Yo‘q, mana pul yig‘ildi. Yordam berganlarga ming raxmat. Umrlari uzoq bo‘lsin”, – deydi bemorning onasi Mavludaxon Jumaboyeva.

Qizaloqning holati, operatsiyaning qanday o‘tganligi kabi holatlarga aniqlik kiritish maqsadida jarroxlik amaliyotini o‘tkazgan shifokor Nodir Ibragimov bilan suhbat o‘tkazdik.

“Bemor Adxamjonova bizga murojaat qilgan vaqtida tug‘ma yurak nuqsoni, ikkita qorinchalari o‘rtasida devor defekti, o‘pkadagi bosim yuqoriligi 3-b darajaga o‘tib bo‘lgan. Ozgina kechiktirilsa qutqarib qololmaydigan holatda edi. Tekshiruvlarda hali umid borligini aniqladik. Xudoga shukr, operatsiya yaxshi o‘tdi. O‘pkadagi bosim, yurak holati ham yaxshi holatdaligini guvohi bo‘lyapmiz. Bolamiz endi sog‘lom desak ham bo‘ladi. Birinchi yili har uch oyda tekshiruvdan o‘tib turishadi. Hozir chiqishdan oldin dori-darmon yozamiz. Uch oydan so‘ng, holatiga qarab dorilarni kamaytirib boramiz”, – deydi tibbiyot fanlari nomzodi, kardioxirurg Nodir Ibragimov.

Qo‘li ochiq yurtdoshlar! Sizning beg‘araz, yaxshi niyatlarda bir mushkul holatdagi vatandoshingizga qilgan yordamingiz beqiyosdir. Yordamingiz sabab bir qizaloq bu yorug‘ olamda hayot kechirishda davom etmoqda. Yaratganning fazli sabab u yana ota-onasining bag‘rida!

Bahodir Ahmedov – muxbir
Nuriddin Nursaidov – operator

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top