13:50 / 09.10.2019
0
5760
«Issiqlik elektr stansiyalari» AJda investitsion islohotlar davom etmoqda: «Farg‘ona IEM» AJga yuqori samarali gaz turbina uskunalari yetib keldi

2019 yilning 07 oktyabr sanasida «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 fevralda imzolangan PQ-2794 sonli qarori asosida Farg‘ona shahrida barpo etilayotgan yuqori samarali kogeneratsion gaz turbina uskunalari loyihasi doirasida navbatdagi asosiy uskunalar «Farg‘ona IEM» AJ qurilish maydoniga yetib keldi.

PQ-2794-sonli qaror Farg‘ona viloyatining, jumladan «Farg‘ona IEM» AJning investitsion loyihalarni amalga oshirish va hududning sanoat salohiyatini rivojlantirish borasida Muhtaram Prezidentimizning ilk qarorlaridan biri hisoblanadi.

Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekiston va Yaponiya davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, yuqori samarali, tejamkor texnologiyalarni energetika sohasiga tatbiq etish, hamda Farg‘ona vodiysining elektr energiyasi, ayniqsa Farg‘ona shahrida joylashgan sanoat korxonalarining issiqlik energiyasiga bo‘lgan tanqisligini bartaraf etishdan iborat.

Umumiy qiymati - 83 626,3 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan mazkur loyihaning tashabbuschisi «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ, buyurtmachi «Farg‘ona IEM» AJ, bosh loyihachi «Issiqlikelektrloyiha» AJ hamda bosh pudratchi «O‘zbekgidroenergoqurilish» AJ hisoblanadi. Loyiha doirasida «Farg’ona IEM» AJ hududida – 17 MVt, hamda Farg‘ona shahar RK-3 qozonxonasi yonida – 7 MVt quvvatga ega bo‘lgan yuqori samarali gaz turbina uskunalari o‘rnatilmoqda. Ulardan 17 MVt quvvatga ega bo‘lgan loyiha 2021 yil mart oylarida ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, 7 MVt quvvatga ega bo‘lgan loyiha joriy yilning noyabr oyida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Bugungi kunda Farg‘ona shahar RK-3 qozonxonasi yonida qad rostlagan gaz turbina uskunasida qurilish-montaj ishlari yakuniga yetkazilib sozlash-ishga tushirish ishlari olib borilmoqda. 

 

«Barpo etilayotgan mazkur investitsion loyihalar ishga tushirilgandan keyin aholiga va sanoat korxonalariga elektr energiyasi va issiqlik energiyasi yetkazib berish hajmi oshiriladi, 125 ta yangi ishchi o‘rinlari yaratiladi, yoqilg‘i mahsulotlari sarfi kamaytiriladi hamda atrof-muhitga chiqarilayotgan zararli chiqindilar xajmi qisqartiriladi. Maqsadimiz xalqimizga munosib xizmat qilish hamda kelajak avlodga sifatli va tejamkor ishlab chiqarish uskunalarini qoldirish»-deydi  «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ boshqaruv raisi R.G.Mubarakshin.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top