14:48 / 09.10.2019
0
10219
Johnson & Johnson kompaniyasi amerikalik erkakka 8 mlrd dollar tovon puli to‘laydigan bo‘ldi
Foto: Reuters

Filadelfiyadagi hakamlar hay'ati Johnson & Johnson kompaniyasi tomonidan shizofreniya va bipolyar kasalliklarni davolash uchun ishlab chiqarilgan dorilar ta'siridan aziyat chekkan Merilend shtati fuqarosiga kompaniya 8 mlrd dollar tovon puli to‘lashi kerakligi to‘g‘risida hukm chiqardi. Bu haqda Wall Street Journal gazetasi xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Nikolas Myurrey sudga da'vo arizasida 2003 yildan 2008 yilgacha shifokor tavsiyasi bilan Risperdal preparatini qabul qilganini bildirgan. Biroq Johnson & Johnson tomonidan ishlab chiqarilgan ushbu neyroleptik salbiy ta'sirga ega bo‘lgan - u ginekomastiyaga olib keladi (erkaklarda sut bezlarining kattalashishi).

Myurreyning fikriga ko‘ra, kompaniyadagilar ushbu preparatning salbiy ta'siri haqida bilishgan, ammo shifokorlar va bemorlarni bu haqda yetarlicha xabardor qilmagan.

2015 yilda sud ushbu ish bo‘yicha birinchi hukmni chiqargan va Johnson & Johnson erkakka 1,75 milliard dollar to‘lashi kerakligini bildirgandi. Kompaniya ushbu qaror ustidan apellyatsiya berdi. 2018 yil fevralda Pensilvaniya shtati apellyatsiya sudi ushbu hukmni qonuniy deb tan oldi, ammo to‘lov miqdorini 680 ming dollarga kamaytirdi. Myurrey, o‘z navbatida, bu qaror ustidan shikoyat qildi. Oxir-oqibat, unga 8 milliard dollar tovon puli berilishi to‘g‘risida hukm chiqarildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top