22:46 / 09.10.2019
0
7681
Kobul qo‘poruvchilik oqibatida Tojikistondan yetkaziluvchi elektr energiyasiz qoldi

Noma'lum kimsalar Afg‘onistonning Salang dovonida Tojikistondan tortib kelingan elektr uzatish liniyasi ustunini portlatdi. Oqibatda poytaxt Kobul va Afg‘onistonning yana bir necha viloyati elektr energiyasiz qoldi. Bu haqda Khaama Press axborot agentligi xabar berdi. 

Da Afghanistan Breshna Sherkat energetik kompaniyasi vakillari bayonotiga ko‘ra, elektr uzatish liniyasi ustuni 9 oktyabrga o‘tar kechasi portlatilgan. Kompaniya xodimlari liniyani tiklash ishlarini olib borishmoqda.  

Qo‘poruvchilik uchun hech qaysi guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Biroq ta'kidlanishicha, elektr blokadasi “Tolibon” harakatiga xos metodlardan hisoblanadi.

2018 yilda ham toliblar Qunduz viloyatida Tojikistondan Afg‘onistonning shimoliy viloyatlari va Kobulga elektr uzatiluvchi liniya ustunini portlatishgan. Joriy yil aprelida esa jangarilar elektr uzatish liniyasi ustunini arralab, Jumabozor uyezdini elektr energiyasiz qoldirgan. Sentyabrda ham Bag‘lan viloyatidagi 2 ta ustun portlatilgach, mamlakatning 11 viloyati, jumladan Kobul elektr energiyasiz qolgandi.    

Tojikiston 2018 yilda Turkmaniston Afg‘onistonga yetkaziluvchi elektr energiya narxini 2 barobar oshirib yuborgandan keyin qo‘shni davlatga elektr energiya yetkazish hajmini oshirgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top