17:16 / 09.10.2019
4
24385

«Qovunlar mavsumi» qachon tugaydi? Mansabdor va OAV munosabatidagi yangi bosqich haqida

Foto: Getty Images

So‘nggi 2-3 yilda OAVning amalda o‘z so‘zini ayta olayotgani axborot tarqatuvchilarga har xil ta'sir ko‘rsatdi. Kimdir berilgan imkoniyatdan oqilona foydalanib, jamiyatning o‘tkir muammolarini fosh qilyapti. Yana kimdir o‘z cho‘ntagini o‘ylab, shov-shuv ko‘tarish orqali mashhurlikka erishish ilinjida.

Shu bilan bir vaqtda, o‘ziga xos tendensiyaga aylangan «qovunlar mavsumi» ham davom etyapti. Markaziy davlat idoralari rahbarlari matbuot anjumanlarida qatnashishlari odatiy holga aylangan bir paytda, bu anjumanlarda ular tomonidan turli bahs-munozara va kinoyalarga sabab bo‘layotgan fikrlar yangrashi ham yangilik bo‘lmay qoldi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonovaning bozorchi ayollar haqidagi gapi, Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayevning bizdagi inflatsiyani Venesueladagisi bilan solishtirgani, Fermerlar kengashi raisi Aktam Hayitovning o‘zbekistonliklar juda ko‘p go‘sht yeyapti deb hisoblashi, bunga ketma-ket ravishda Energetika vazirligi tizimidagi tashkilot amaldorining biz go‘yoki «butun dunyodagi eng rivojlangan davlatlardan ham ko‘proq elektr energiyasini iste'mol qilayotganimiz»ni aytgani va yana boshqa ko‘plab vaziyatlar xalqning mutasaddilarga ishonchi tushishiga sabab bo‘lmoqda.

Bu kabi holatlarga OAV bilan munosabat o‘rnatish o‘zbek mansabdori uchun hozircha yangilik ekani, ularda jamoatchilik diqqat-markazidagi shaxs bo‘lish tajribasi kamligi sababmi? Yoki jurnalistlar sensatsiyaga berilishmoqdami? Bunday vaziyatlarda tashkilotlarning matbuot xizmatlari qanday o‘rin tutishi kerak? Qator mutaxassislarga shu kabi savollar bilan yuzlandik.

«Sensatsion materiallar «ko‘cha matbuoti» namunasiga aylanib qoldi»

Sevara O‘rinboyeva (jurnalist):

– Jurnalistika odamlarga ko‘zgu vazifasini bajarishi kerak. Bu ko‘zguda barcha tasvirlar qanday bo‘lsa, shunday aks etishi zarur. Afsuski, bugun ayrim jurnalistlar odamlarga mana shu ko‘zguni tutishda sensatsiyaning ortidan quvib, xolislikdan uzoqlashib, zamonaviy tilda aytganda «fotoshop» holatlarni ko‘rsatishga urinyapti.

To‘g‘ri, demokratiya, so‘z erkinligi ta'minlangan yurtda har kim fikrlash erkinligiga ega. Ammo «Og‘ziga kelganni demak, nodonning ishi» deganlaridek, ko‘pchilik OAV vakillari, agar ularni OAV vakili deyish mumkin bo‘lsa, shu nodonlarning ishini qilishyapti.

Fikrimni misollarda ifodalasam yanada tushunarli bo‘ladi. Masalan, kasbim taqozosi bilan ko‘plab tadbirlarda bo‘laman. Ma'ruzachilarni tinglayman. Oradan bir oz vaqt o‘tgach mana shu tadbir tafsilotlari internet nashrlarda yoritila boshlaydi. Achinarlisi, ma'ruza butunlay boshqa, kontekstdan yulib olingan intervyu boshqa ma'noda qo‘llanganiga guvoh bo‘laman. Bu xolislik emas, bu – noto‘g‘ri xabar tarqatish, axborotni noto‘g‘ri talqin qilishdir (bu borada qonunchilikda javobgarlik bor).

Ayrim vaqtlarda ma'ruzachining emotsional holatidan foydalanish ham uchrayapti. To‘g‘ri, ma'ruzachilar yetti o‘lchab bir kesishi kerak. Ularning xato gapirishga haqqi yo‘q. Buni inkor etmayman. Ammo ba'zan kutilmagan savollar berilganda ma'ruzachi emotsional holatda o‘z fikrini to‘g‘ri ifodalay olmasligi mumkin. Bundan ko‘plab hamkasblarimiz foydalanishga urinishyapti.

Avvallari sariq matbuot degan tushuncha ommalashgandi. Axborotni sensatsiya ko‘tarib yetkazish aynan shu turga xos edi. Endi ana shu axborotni ham sensatsion, ham noxolis yetkazuvchi «ko‘cha matbuoti» paydo bo‘lgandek.  Bu esa jamiyatni ma'rifatga emas, tanazzulga yetaklaydi. Bora-bora odamlarda sensatsiyaning ortidan quvish natijasida agressivlik, hayratlanmaslik kabi holatlar kuzatiladi. Sensatsiyaga oshiqish oqibatida esa odamlar g‘iybatchiga aylanadi, xolos. Bu bilan millatni tarbiyalab bo‘lmaydi.

Jurnalistlarning kasb odobi kodeksi qabul qilindi. Menimcha, mana shunday axborotlarni yetkazayotganlar shu kodeks borligini bilmasa ham kerak. Agar uni o‘qib ko‘rganlarida, balki jurnalistning axborot yetkazishdagi mas'uliyati, shaxs daxlsizligi, xolislik prinsipi nima ekanligini yaxshi bilgan bo‘lardi.

Endi matbuot xizmatlarining axborotni o‘z vaqtida bermasligi haqida gapirsam. Matbuot xizmatlari jonlangan. Ular ishlamayapti, deb ayta olmaymiz. Jurnalistlar axborot olishda qiynalmasliklari uchun, avvalo, shu tashkilotda xodimlar o‘rtasidagi axborot almashinuvi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Bu birinchi navbatda, tashkilot rahbariga ham bog‘liq.

Lekin yana bir masala bor. Ayrim vaqtlarda o‘rganilishi talab qilinadigan holatlar ham bo‘ladi. Shu sababli ham axborot xizmatidan material kechroq taqdim etilishi mumkin. Bu esa axborotning xolis va to‘g‘ri bo‘lishiga xizmat qiladi, xolos.

Yana bir sabab esa tashkilotda axborot xizmatining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi, ichki erkinlikning yo‘qligidir. Agar xalqqa shu tashkilot haqida axborotlar taqdim etilmasa, ularda mazkur idoraga nisbatan savollar ko‘payadi. Shu sababli har bir tashkilot ish faoliyati xususida xabardor qilib borishi shart.

«Rasmiy sukunatning uzoqligi – davlat idoralari axborot xizmatlarining asosiy kamchiligi»

Nargis Qosimova (filologiya fanlari nomzodi, dotsent, mediatrener):

– 2019 yil 27 iyun kuni prezidentning «Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta'minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Asosiy maqsad – davlat va nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqib, ularni faollashtirish, olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi keng qamrovli ma'lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etish, tashkilotlar faoliyati shaffofligini ta'minlash edi.

Davlat organlari axborot xizmatlarining asosiy kamchiligi – mavjud axborot xurujlariga tezda va vaqtida javob qaytarmasligi, «rasmiy sukunat»ni saqlashidir. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Masalan, Xotin-qizlar qo‘mitasining bozordagi ayollarning ma'naviyatini oshirish borasida rasmiy bayonotiga qarshi fikrlarga darhol javob berilmaganligi yoki Samarqandda «qizamiq epidemiyasi» tarqalganligi borasidagi ijtimoiy tarmoqlardagi mish-mishlar aynan mutasaddi vazirlikning «rasmiy sukunati» sabab anchagina keng tarqalganligini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Yuqoridagi qaror bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish, axborot xizmati xodimlarining malakasini oshirish, faoliyatini sifat bosqichga ko‘tarishni taqozo qildi.

Axborot xizmatlarining asosiy vazifasi tashkilotning imijini shakllantirishdan iborat. Axborot xizmati tashkilot faoliyati to‘g‘risida yangiliklar, lavhalar va boshqa materiallar tayyorlaydi, OAV va jamoatchilik bila hamkorlik qiladi. Ishonchim komilki, bugungi kunda barcha mavjud axborot xizmatlari mazkur faoliyatni to‘laqonli amalga oshirishadi. Ammo uni qay darajada sifatli yoki sifatsiz amalga oshirish axborot xizmati xodimlarining bilimi, kreativligi, dunyoqarashi, tashkilot faoliyatini tushunishiga bog‘liq.

«Tashkilot rahbari choy quyib turadigan kotibasidan ko‘ra matbuot kotibi bilan ko‘proq ko‘rishib turishi kerak»

Aziza Qurbonova (jurnalist):

– Ko‘pincha muammolar mutasaddilarning nainki OAV, balki o‘z matbuot xizmati bilan ham ishlashga toqati yo‘qligidan kelib chiqadi. Mutasaddilar haftalar, oylar davomida o‘z matbuot xizmati rahbari/kotibini yonlariga yo‘latmaydilar, unga ishonmaydilar. Tashkilot rahbari choy quyib beradigan kotibadan ham ko‘ra ko‘proq matbuot kotibi bilan yuzma-yuz ko‘rishib tursa, o‘ziga foyda. Agar shunga munosib matbuot xizmati rahbari/kotibi bo‘lsa, albatta.

Oq uyda matbuot xizmatida ishlagan Margerit X. Sallivanning «Matbuot xizmati: ichkaridan nazar» qo‘llanmasida shunday yozilgan:

Noxush yangiliklar bo‘lganda nima qilish kerak:

- Yolg‘on gapirmang.
- Yashirmaslikka harakat qiling. Yolg‘on gapirsangiz yoki yashirsangiz, ishonchni yo‘qotasiz.
- Reportyorlarning qo‘ng‘iroqlariga javob berishdan o‘zingizni olib qochmang.
- Muammolar borligini tasdiqlang.
- Masala qanday hal etilayotganini tushuntiring.

Hech qanday yangiligi yo‘q, hamma vaziyatda birdek ishlatsa bo‘ladigan oddiy instruksiya bu.

«Qovun tushishi»ga sabab bo‘lgan omillardan biri – davlat xizmatining isloh qilinmaganligidir»

Aziza Umarova (SmartGov konsalting kompaniyasi ijrochi direktori):

– «Qovun tushishi» holatlariga sabab bo‘layotgan omillardan biri – davlat xizmatining isloh qilinmaganligidir. Davlat xizmatchilari hukumat lavozimlariga tanlov asosida qabul qilinmagan. Bu, o‘z navbatida, kadrlar sifati tushishiga sabab bo‘ldi.

«O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilingani yuqoridagi holatlarning oldini olishiga umid qilamiz.

Masalaning ikkinchi tomoni ham bor: mansabdor shaxslar va hukumat tashkilotlari OAV bilan ishlashda ham ma'lum tajribaga ega bo‘lishlari talab etiladi. Bunda matbuot xizmatlari faoliyati alohida ahamiyatga ega. Bugungi kunda ular informatsion maydonda sodir bo‘layotgan xabarlarga nisbatan tezkorlik bilan munosabat bildirishga harakat qilishmoqda. O‘ylaymanki, bu katta ijobiy qadamdir.

Ushbu xizmatlarning ishini yanada jadallashtirishda ma'lumotlar ochiqligini ta'minlash ham muhim o‘rin tutadi. Ma'lumotlar uch xil: maxfiy, xizmat yuzasidan foydalaniladigan va ochiq ma'lumot. Ikkinchi toifadagi ma'lumotlar iloji boricha ochiqlanishi lozim. Shunda axborot xizmati xodimi OAVga axborot taqdim etishdan cho‘chimaydi.

Axborot xizmatlari xodimlari nafaqat ijtimoiy tarmoqdagi negativ materiallarga munosabat bildirishlari, balki o‘zlari faoliyat yuritayotgan tashkilotga oid ma'lumotlar bilan faol ishlashlari zarur. Bu ma'lum sohaga oid turli ma'lumotlar ochiqlanishini anglatadi, ya'ni bunda axborot turli hududlar va yillar kesimida qiyosan taqdim etilishi zarur.  

Xulosa

Yuqorida savol berildi: nega «qovunlar mavsumi» tugamayapti, deb. Bizningcha, bunga bir nechta javoblar mavjud. Birinchidan, amaldor va mutasaddilar jurnalistlar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega emas. Jamoatchilik oldida chiqish qilganda har bir gapni mas'uliyat bilan aytish darajasi juda past. Bu holatning asosiy sababi – ilgarilari tashkilotdan faqat bitta so‘zamol xodimlardan biri OAVda ko‘rinish bergani, qolganlar panada saqlangani oqibati.

Ikkinchidan, matbuot xizmatlari tashkilot va OAV o‘rtasida ko‘prik bo‘lolmayapti. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilayotgan tadbirlarga e'tibor berilsa, matbuot xizmati xodimlari ko‘p hollarda ishtirok etmaydi. Agar mutasaddi axborotni jurnalistlarga to‘g‘ri yetkazib berolmasa, matbuot kotibi uning xatosini ziyraklik bilan to‘g‘rilab ketishi kerak. Bu bilan yana bitta qovun tushishining oldi olinishi mumkin.

Uchinchidan, afsuski, ko‘plab davlat tashkilotlari xodimlari haliyam eskicha qoliplarni yorib o‘tolmayapti. Berilgan savollardan aylanib o‘tib, noto‘g‘ri va haqiqatga mos bo‘lmagan axborotlarni berish holatlari uchrayapti. Unutmang, amaldorlar, bugun odamlarning fikrlashi ancha o‘zgardi. Avvalgi «ertak»lar endi o‘tmaydi.

Xo‘sh, nima qilish kerak? Eng avvalo, bu vaziyatni normal, deb qabul qilaverish lozim (juda xotirjamlikka ham berilmang!). Chunki erkin matbuotga o‘tish davrida xalq va hukumat o‘rtasida ko‘prik shakllanishiga biroz vaqt ketadi. Bunda yo‘qotishlar, tushunmovchiliklar bo‘lishi tabiiy. Jurnalistlar davlat idoralari rahbarlari bilan, rahbarlar esa jurnalistlar bilan qanday ishlash kerakligini, bir-birining kimligini anglay olsagina, «qovunlar mavsumi» yopiladi. Bo‘lmasa, har kungi spektakl davom etaveradi.

Muhabbat Ma'mirova

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top