19:10 / 09.10.2019
0
5936
Turkmanistonda eng keng tarqalgan VPN ilovalar bloklandi

Turkmanistonda so‘nggi bir oy ichida bir nechta eng ommabop VPN ilovalar bloklandi, aholi bu ilovalar yordamida mamlakatdagi Internetga qo‘yilgan to‘siqni chetlab o‘tardi. Bu haqda «Xronika Turkmenistana» nashri xabar berdi.

Nashr manbalarining aytishlaricha, bepul va pullik VPN xizmatlar, hatto turkmanlarning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda mahalliy mutaxassislar tomonidan yaratilgan xizmatlar ham blokirovka qilinadi. Manbalar, shuningdek, Turkmaniston aholisi VPN ilovalarni ko‘pincha o‘zlari o‘rnatmasliklarini qayd etgan. Ushbu xizmat telefon ta'mirlovchilar yoki telefon sotuvchilar tomonidan pul evaziga ko‘rsatiladi. So‘nggi paytlarda nazoratning kuchayishi bois fuqarolar bloklashni chetlab o‘tishga urinishdan voz kecha boshladilar. Ular bir necha kundan so‘ng bloklanadigan VPN o‘rnatish uchun pul to‘lamoqchi emaslar.

Nashrda qayd etilishicha, bloklashning faollashishi mamlakatda kiberxavfsizlik xizmati tashkil etilgan vaqtga to‘g‘ri keldi. Bungacha ushbu masala bilan shug‘ullanadigan yagona organ yo‘q edi.

Turkmanistonda saytlarni bloklash masalasi rasman hech qanday tarzda aks etmaydi - bu borada hech qanday farmon va sud qarorlari qabul qilinmaydi. Shu bilan birga, mamlakatda barcha mashhur xorijiy ijtimoiy tarmoqlar, mustaqil OAV, mavjud rejimni tanqid qiluvchi har qanday saytlar bloklangan. Hukumat vaqti-vaqti bilan ommabop xizmatlarning milliy muqobillarini yaratishga urinsa-da, Internetning turkman segmenti unchalik yaxshi rivojlanmagan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top