14:20 / 10.10.2019
0
18147

Navoiydagi JIEMda vafot etgan mahbus ishi: audioyozuvlar tinglandi, guvohlar ko‘rsatma berdi

9 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Zafar Nurmatov raisligida Navoiydagi 47-sonli jazoni ijro etish muassasasida vafot etgan Sh.S. ishi bo‘yicha sud majlisi davom ettirildi.

Bu gal avvalgi sud majlisida gistolog Jamoliddin Begboyev tomonidan taqdim etilgan ikkita audioyozuv jabrlanuvchi, ayblanuvchilar, advokatlar ishtirokida tinglandi va shu masalada guvohlar so‘roq qilindi.

Dastavval, guvoh sifatida audioyozuvda Begboyev bilan suhbatlashgan Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent viloyat filiali rahbari G‘ofur Shodiyevga savollar berildi va uning ko‘rsatmalari tinglandi.

«Bu audioyozuvdagi suhbatda ruxsatsiz ekspertizada qatnashish haqida gap ketmoqda. Bu tazyiq yoki bosim emas. Mutaxassis ekspertizaga mas'ul tashkilot ruxsati bilan qatnashadi. Bu ekspertizada Begboyev qatnashishidan mening xabarim yo‘q edi. Menimcha, u o‘z tashabbusi bilan qatnashgan. Doim «respublika, respublika» derdi. Men bu ish bo‘yicha qonuniy ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berganman. «Oilangni o‘yla» deganim ham shu masalada. Ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘yaverdi», – deydi u.

- Prokuror: «Ruxsat olmagan deyapsiz. O‘zi ekspertiza o‘tkazishning tartibi qanday?»

- G‘ofur Shodiyev: «Tartibga soluvchi Nizom mavjud. Unga ko‘ra, ekspert ishlayotgan tashkilotga iltimosnoma yoki bildirgi kiritiladi. Shaxsan men bunday ruxsat bermaganman».

- Prokuror: «Audioyozuvda «men qatnashmagin degandim-ku» degan joyini eshitdik. Bu bo‘yicha nima deysiz? Bunday ishtiyoqqa sabab nima?».

- G‘ofur Shodiyev: «Mening xabarim bo‘lmagan. Qatnashayotganligini so‘rasam, yo‘q deya javob bergan. Bir necha marta tanbehlarim ta'sir qilmagan».

Shuningdek, sudda audioyozuv bo‘yicha Sherzod Kamalov, Muhammadali Haydarov va Dilshoda Hasanova ham so‘roq qilindi.

Raislik qiluvchi tomonidan audioyozuv hali dalil sifatida inobatga olinmagani, bunga hali sud baho berishi ta'kidlandi.

Guvoh Dilshoda Hasanova o‘z ko‘rsatmalarida unga nisbatan tazyiqlar bo‘lganini inkor etdi.

Toshkent viloyat filialining sobiq rahbari Muhammadali Haydarov ham qisqacha tushuntirish berib o‘tdi. Advokatlar tomonidan unga nisbatan bir necha savol berildi. Avvalo, advokatlar nega ekspertlar va umumamaliyot shifokorlari ekspertiza byurosida emasligini so‘rab, ichki ishlar bo‘limiga ishlarni olib borish uchun to‘plangani va bu ularda shubha uyg‘otayotgani haqida aytishdi. Muhammadali Haydarov bunga javoban ekspertlar uchun masofa bo‘yicha noqulayliklar bo‘lmasligi uchun shunday ish tutilgani haqida aytib o‘tdi. Shuningdek, advokatlar nega ekspertiza tugatilmay turib mutaxassislar so‘roqqa tutilgani haqida qiziqishdi.

Sud majlisi so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasidan mustaqil ekspertga navbat berildi. U marhumning teri parchasi unga tegishli ekanligi bo‘yicha ekspertiza o‘tkazish masalasida fikri so‘raldi. Ekspert farmalin moddasida saqlangani sababli bunday ekspertizani o‘tkazish ilojsiz ekanini aytdi.

Advokatlar ekspertizaga ekspert jalb etish tartibi masalasida aniqlik kiritish bo‘yicha raislik qiluvchiga iltimos qilishdi. Bunday masalalarga oydinlik kiritish uchun sud majlisi 11 oktabr soat 11:00gacha tanaffus e'lon qildi.

Ma'lumot uchun, Navoiydagi 47-sonli jazoni ijro etish muassasasida vafot etgan Sh.S. o‘limi bilan bog‘liq hodisa yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan qo‘shimcha tergov natijalariga ko‘ra, marhum Sh.S.ning o‘limi vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatgan 4 nafar tibbiyot xodimi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan ayblanib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga qaytarilgan. Hozirda jinoyat ishi Toshkent shahar sudida ko‘rib chiqilmoqda.

Bundan avvalroq, 18 sentabr kuni o‘tkazilgan Navoiydagi JIEMda vafot etgan mahbus ishi bo‘yicha sudda sud-tibbiy ekspertlari ko‘rsatma bergandi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top