12:49 / 10.10.2019
0
4962
«Noqonuniy harakatlar» aslida ham noqonuniymi?». «O‘ztransgaz» Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xabariga javob qaytardi
Foto: TASS/FA Bobo/PIXSELL/PA Images

Avvalroq, gaz sohasidagi monopolistning 188 milliard so‘mlik noqonuniy harakatlariga barham berilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Unda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat ishlari doirasida noqonuniy harakatlar aniqlanayotgani ma'lumotlar va hududlar kesimida ro‘yxat keltirilgan.

“O‘ztransgaz” mutaxassislari fikricha, maqolada keltirilgan faktlarni noto‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Ammo, “188 milliard so‘mlik noqonuniy harakatlar” degan jumla noo‘rin qo‘llanilgan. Amaldagi me'yoriy hujjatlar bo‘yicha barcha ulgurji iste'molchilarga shartnomaviy talablar hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi VMQ-22-son qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ida keltirilgan talablarga ko‘ra tabiiy gaz yetkazib beriladi va shu gaz uchun belgilangan tariflar bo‘yicha to‘lovlar amalga oshiriladi.

Yuqoridagi qarorning 2-ilovasiga asosan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning 111 bandida iste'molchilar hisob-kitob davri boshlanishidan kamida 5 kun oldin shartnomada ko‘rsatilgan oylik tabiiy gaz hajmi qiymati summasining 100 foizi miqdorida gaz ta'minoti tashkilotiga oldindan to‘lovlarni amalga oshirishlari belgilangan.

Ushbu bandning 2-xat boshiga asosan Byuroga bildirgi tartibida murojaat qilingan holda hisob-kitob davri boshlanishidan kamida 5 kun oldin hisob-kitobni 50 foiz oldindan haq to‘lash asosida amalga oshirishi mumkin, hamda amalda iste'mol qilingan tabiiy gaz hajmi uchun yakuniy hisob-kitob hisobot oyining oxirigacha amalga oshirilishi belgilangan.

Qarorning 107-moddasida tabiiy gaz uchun iste'molchining to‘lov muddati o‘tgan qarzi mavjud bo‘lgan taqdirda, uning avans to‘lovi hisobiga o‘tkazilgan mablag‘lari iste'molchini xabardor qilgan holda, to‘lov muddati o‘tgan qarzni to‘lashga yo‘naltiriladi va avans to‘lovi sifatida hisobga olinmasligi qayd etilgan.

Lekin istemolchilar, me'yoriy hujjatlar va shartnoma talablarini bajarmasdan, ya'ni hisobot oyi tugagandan keyin kelgusi oyning 10 sanasigacha yakuniy hisob-kitoblarni bajarmasdan, o‘tgan hisobot oyi uchun debitor qarzdorligi mavjud bo‘la turib, narx-navoning o‘zgarishini bilgan holda kelgusi oyning 14 sanasida to‘lovni amalga oshirish holatlari kuzatilgan. Ya'ni, hisobot oyi uchun yakuniy hisob-kitoblarni ta'minlamasdan, 14 sanadagi to‘lovni kelgusi oy uchun avans to‘lovi deb e'tirof etilgan holatlar aniqlangan. Bu esa hisob kitoblarning aniqligiga shubha uyg‘otadi, deyiladi “O‘ztransgaz” munosabatida.

Qayd etilishicha, keltirilgan holatlarda respublikadagi gaz ta'minoti korxonalari tomonidan ulgurji iste'molchilar bilan shartnoma imzolash davrida iste'molchilarning faoliyat yo‘nalishlari belgilanmagan. Ayrim ulgurji iste'molchilar misolida ko‘rilsa, ular o‘z uyida oilaviy korxona shaklida restoran yoki kafelarni tashkil etishgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining №PQ-3379-sonli qarorida tabiiy gaz oshirilgan tariflarda sotilishi belgilangan iste'molchilar ro‘yxati keltirilgan. Ushbu ro‘yxatda restoran va kafelarga ham 1 kub.metr tabiiy gaz uchun 1000 so‘mdan hisob-kitob qilinishi ko‘zda tutilgan. 

“Ammo, hozirgi kunda energoresurslarning narxlari tabaqalangan tarzda oshirilishi munosabati bilan iste'molchilar, ayniqsa restoran va kafelar oilaviy korxona shaklida qayta ro‘yxatdan o‘tmoqda. Buning sababi O‘zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonunidagi 28-moddasiga asosan oilaviy korxona turar joydan bir vaqtning o‘zida unda istiqomat qilgan holda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalangan taqdirda, kommunal infratuzilma xizmatlari, ya'ni tabiiy gaz haqini aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha va shartlar asosida amalga oshiradi.

Birgina 2018 yil davomida narxlarning tabaqalanishi oqibatida, 12 mingta xususiy korxona - oilaviy korxona sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tgan. Bu esa tadbirkorlarning imtiyozli narxlarda tabiiy gaz to‘lovlarini amalga oshirish uchun qilgan xatti-harakatlaridir”, - deyiladi shirkat ma'lumotida.

Iste'molchilar o‘z Nizomlarida asosiy faoliyat turlaridan tashqari yana bir qancha faoliyat turlarini ko‘rsatib o‘tishgan. Ammo me'yoriy hujjatlarga asosan iste'molchilarning faoliyat turlari o‘rganilganda, iste'molchilarga oshirilgan narxlarda tabiiy gaz sotilishi lozimligi aniqlanayotgani aytiladi. 

Bildirilishicha, bu ulgurji iste'molchilar tomonidan oldindan to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganligi tufayli kelib chiqqan anglashilmovchiliklar bo‘lishi yoki hisob-kitoblarni amalga oshirishda metodologik yondashuvdagi xatolik bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. 

“Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ajrimlarida gaz ta'minoti korxonalariga bir oy ichida qayta hisob-kitoblarni amalga oshirilishi belgilangan. Gaz ta'minoti korxonalari tomonidan tabiiy gazdan mavsumiy va doimiy foydalanadigan iste'molchilar bilan tuzilgan shartnomalarga asosan aniqlangan miqdorlar qayta hisob-kitob qilinadi. Avans tariqasida to‘langan to‘lovlar miqdori kelib chiqsa, bu to‘lovlar miqdori korxonalarning keyingi davrda oladigan tabiiy gaz hajmlari uchun hisob-kitob qilinishi mumkin.

Xulosa shuki, shartnomada ko‘rsatilgan shartlarga iste'molchi va ta'minotchi  birdek 100 % amal qilishi kerak. Shundagina, o‘tkazilgan tekshiruvlar aniq va xolis kechishiga erishish mumkin”, - deyiladi munosabatda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top