14:54 / 10.10.2019
3
7608

Parlament eshituvida g‘allani erkin narxda sotish tizimini yaratish tavsiya qilindi

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

2019 yil 9 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi parlament eshituvi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Rayosatining G‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta'minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo‘llangan Murojaatnomasi muhokama qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yil 2 oktabr kuni parlament quyi palatasiga O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashidan g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta'minlash yuzasidan Murojaatnoma kelib tushgan. Shu kuni Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari o‘z yig‘ilishlarini o‘tkazdilar. Ularda fraksiya rahbarlari va a'zolari bilan birga, palata qo‘mitalari raislari, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar mas'ullari ham ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda Murojaatnomani o‘rganish barobarida davlat xaridlarida fermerlar tomonidan yetishtirilgan g‘allaga narx belgilashning mavjud mexanizmi fermerlar va don korxonalariga qanchalik iqtisodiy manfaat keltirayotgani, ushbu sohadagi bozor iqtisodiyoti talablarining sifat darajasi, bunda mahsulot yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi hamda iste'molchi o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarga alohida e'tibor qaratildi.

Murojaatnomada bildirilgan muammo va takliflarni har tomonlama o‘rganib chiqish hamda uning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhlari tuzildi. Ishchi guruhlar tomonidan Murojaatnomada keltirilgan taklifni hududlarga chiqqan holda, don korxonalari, fermer xo‘jaliklari, don mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar hamda iste'molchilar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazib, har taraflama o‘rganishga kelishib olindi.

Shundan so‘ng uch kun davomida deputatlar tomonidan g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati hududlarga chiqib o‘rganildi.

O‘rganishlar jarayonida deputatlar tomonidan minglab fermer xo‘jaliklari vakillari bilan bevosita uchrashuv va muloqotlar o‘tkazildi. Majlisda ana shu o‘rganish yakunlari atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, g‘alla yetishtirish va uni qayta ishlash sohasining asosan davlat tomonidan boshqarilishi, xarid narxlarning belgilanishi don korxonalari va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida qabul qilingan g‘alla uchun hisob-kitobning yakuniga yetkazishda muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Natijada mablag‘larning o‘z vaqtida to‘lab berilmayotgani fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy holatiga salbiy ta'sir etmoqda.

Shuningdek, don korxonalarining ham un ishlab chiqarishda ma'lum miqdorda zarar ko‘rib, fermer xo‘jaliklari oldidagi kreditorlik qarzdorligi oshmoqda. Don korxonalarida un mahsulotlari ishlab chiqarishda bozor iqtisodiyoti mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagani, mahsulot yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va iste'mol qiluvchi o‘rtasida samarali tizim yaratilmaganini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Bu esa, turli xil suiistemolliklarni ham keltirib chiqarmoqda.

Parlament eshituvida deputatlar tomonidan ko‘tarilgan savollarga Qishloq xo‘jalik vazirligi mutasaddisi atroflicha javob qaytardi. Eshituvda qator vazirlik va idoralar mas'ullari, xususan, Moliya, Iqtisodiyot vazirliklari, respublikamizning qator viloyatlaridan kelgan fermer xo‘jaliklari rahbarlarining bu boradagi fikr-mulohazalari tinglandi.

Ana shu muhokamalardan kelib chiqib, majlis ishtirokchilari bunday sharoitda g‘alla yetishtiruvchi fermerlarning mashaqqatli mehnati mahsuli bo‘lgan donning narxi va uni qayta ishlash mahsulotlarini sotish tizimining bozor mexanizmlari asosida shakllantirilishi muhim ahamiyat kasb etadi, degan qarorga keldilar.

Deputatlar Hukumat don sotib olish, un va qolipli non mahsulotlarini sotish, shuningdek, ushbu mahsulotlarga narx belgilashning amaldagi mexanizmini qayta ko‘rib chiqqan holda, fermer xo‘jaliklari, don korxonalari va iste'molchilar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni bozor mexanizmlariga o‘tkazish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishi lozimligini ta'kidladilar.

Shuningdek, fermer xo‘jaliklarida g‘alla yetishtirish uchun talab etiladigan yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini hamda boshqa resurslarni yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi. Bunda rivojlangan davlatlar tajribasini chuqur tahlil qilgan holda, respublikada g‘allaga xarid narxi belgilash amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechib, bozorda shakllangan talab va taklif asosida g‘allani erkin narxlarda sotish tizimini yaratish chora-tadbirlarini ko‘rish tavsiya qilindi.    

O‘z navbatida, parlament a'zolari Moliya vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda don, un va non mahsulotlari narxlari to‘liq erkinlashtirilishi natijasida aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini himoya qilishga qaratilgan tizimli choralarni amalga oshirish, davlat tomonidan g‘alla yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qishloq xo‘jaligi korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratish tizimini yanada takomillashtirib borish darkorligini aytib o‘tdilar.

Eshituv yakuni bo‘yicha qabul qilingan palata qarorida Hukumat, mutasaddi vazirlik va idoralarga qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan yetishtiriladigan don va uni qayta ishlashdan olinadigan un, qolipli non mahsulotlarini sotish, sotib olish, shuningdek, ushbu mahsulotlarga narx belgilashning amaldagi mexanizmini qayta ko‘rib chiqib, ushbu tizimga to‘liq bozor mexanizmlarini joriy etish, narxlarning erkinlashtirilishi bo‘yicha tegishli amaliy choralar ko‘rish yuzasidan qator tavsiyalar aks etdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top