11:56 / 10.10.2019
3
16800

Prezident qarori loyihasi: oziq-ovqat xavfsizligini to‘liq ta'minlashga qator muammolar to‘siq bo‘lmoqda

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, organik qishloq xo‘jaligini tashkil etish va uning rivojlanishi hamda ekologik toza va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishdagi holat respublikada oziq-ovqat xavfsizligini to‘liq ta'minlashga quyidagi muammolar to‘sqinlik qilmoqda:

birinchidan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash jarayonlarida kimyoviy pestitsidlar qo‘llanilishini keskin kamaytirish, ichki va tashqi bozor uchun raqobatbardosh sifatli organik mahsulotlar ishlab chiqarish talab darajada tashkil etilmagan;

ikkinchidan, organik qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ishlab chiqarish hamda nazorat qilish sub'yektlari o‘rtasidagi munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjati qabul qilinmagan, standartlar va me'yoriy hujjatlar takomillashtirilmagan;

uchinchidan, qishloq xo‘jaligi sub'yektlarida innovatsion texnika va texnologiyalar asosida organik mahsulot yetishtirish talablari bo‘yicha yetarli ma'lumot, tajriba va ko‘nikma mavjud emas;

to‘rtinchidan, resurstejamkor texnika va texnologiyalarni joriy etishni targ‘ib etadigan, uning samaradorligini ifodalovchi tajriba maydonchalari mavjud emas.

Shuningdek, sohada loyihalarni moliyalashtirish, xo‘jaliklar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, axborot almashinuvi va kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash ishlarida sezilarli oqsoqliklar mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi va “O‘zbekoziqovqatxolding” XKning Qishloq xo‘jaligi vazirligi tuzilmasida davlat-xususiy sheriklik asosida Organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan agroklaster tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Organik agroklasterning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini organik usulda yetishtirishni tashkil etish;

organik sifatga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;

organik mahsulotlarni ishlab chiqishda ilm-fan yutuqlari va zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish;

organik mahsulotlar ishlab chiqarish (yetishtirish, saqlash, qayta ishlash)da yer maydonlari suv resurslarida oqilona foydalanishda avtomatlashtirilgan va intellektual texnologiyalarni keng qo‘llash;

organik mahsulotlar uchun samarali texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha me'yoriy va uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish va ommalashtirish;

organik mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish va ilg‘or texnika va texnologiyalardan samarali foydalanish yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

qishloq xo‘jaligining resurstejamkor xorijiy texnika va texnologiyalarni keltirish, dala tajribalari va laboratoriya sinovlari o‘tkazish hamda uning ijobiy natijalarini keng joriy etishga tavsiya etish;

an'anaviy, noan'anaviy ekin turlarini va ularni qayta ishlangan mahsulotlarini o‘rganish, ularni yetishtirishni va qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish.

Organik mahsulotlar yetishtirish va mahsulot ishlab chiqarish masalalarini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi zimmasiga yuklatiladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetida “Organik qishloq xo‘jaligi va organik mahsulot yetishtirish” bo‘yicha bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini tashkil etadi.

Organik agroklaster moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining moliyaviy manbalari bo‘lib:

organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, saqlash, qayta ishlash  va sotishdan tushadigan mablag‘lar;

dehqonchilik xo‘jaliklari va tashkilotlarga konsalting xizmat, shu jumladan qisqa o‘quv kurslari tashkil etishdan tushadigan mablag‘lar;

organik agroklaster qoshida tashkil etiladigan doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirokchilar to‘lovlari hamda qonunchilikda ta'qiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top