14:30 / 10.10.2019
2
25802
Tomoq og‘rishi: sababi nima, qanday chora va davolash usullari bor?

Halqum, bo‘g‘iz yoki traxeya shilliq qavatida yallig‘lanish va shish — tomoqda og‘riq paydo bo‘lishining asosiy sababchisi. Shilliq qavat va bodomsimon bez hajmi ikki marta kattalashadi va siz yutinishda muammolarga duch kelasiz. Asab retseptorlari qo‘zg‘alishi esa terlash hissi va boshqa noqulayliklar tug‘diradi. Tomog‘ingiz bo‘g‘ildimi? Dorilarga yugurishga shoshilmang.

Tomoq og‘rig‘i shamollashning eng ko‘p tarqalgan alomatlaridan biridir. Ushbu simptom keng ko‘lamdagi sezgilarga ega — tomoqning yengil qizishidan tortib to yutinishni qiyinlashtiradigan kuchli noqulaylikkacha. Aksariyat hollarda, ushbu holatlar yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishiga olib keladigan va o‘ziga xos davolash kursini talab qilmaydigan virusli infeksiyalar bilan zararlanish natijasidir. Hozircha shamollashni keltirib chiqaruvchi viruslarga nisbatan (gripp virusi bundan mustasno) muvaffaqiyatli ta'sir ko‘rsata oladigan vositalar mavjud emas. Ammo inson organizmi bu vazifani a'lo darajada bajara oladi va kasallik jarayonida viruslarni samarali yo‘q qiluvchi maxsus oqsil-antitelalar ishlab chiqaradi.

Shuning uchun ham kasallikning yengil holatlarida shifokor qabuliga shoshilishning zarurati yo‘q. Mutaxassis sizning sog‘ayishingizga yordam bera olmaydi — organizm 3-10 kun (ba'zida individual alomatlar ikki haftagacha paydo bo‘lishi mumkin) ichida shamollashni yengib, hammasini o‘zi bajaradi. Dori vositalari bozoridagi immunomodulyator va immunostimulyatorlarga kelsak, ulardagi samaradorlik o‘z tasdig‘ini topmadi, demakki, inson salomatligi tiklanishini tezlashtirishga qodir emas deb topilmoqda, shuning uchun shamollashdagi barcha davolash usullari simptomlarni yo‘q qilish va kasallik kechishini yengillashtirishga olib keladi — masalan, tomoqdagi og‘riqni bosishga.

Sog‘ayish jarayonini qanday jadallashtirish mumkin?

Har qanday shamollash turiga taalluqli bo‘lgan umumiy qoida yetarli miqdorda suyuqlik qabul qilishdir. Bu organizmning zaharli moddalar, ya'ni toksinlar bilan zararlanishini kamaytiradi va yengilgan viruslarni chiqarib yuborishni tezlashtiradi. Tomoqdagi og‘riqni yengillashtirish uchun issiq va sovuq ichimliklarni birdek tez-tez iste'mol qilish zarur. Masalan, sovuq sharbat yoki yaxdan tushgan muzqaymoq shish va halqumdagi yallig‘lanishni kamaytirishi hisobiga og‘riqni bosuvchi samara beradi (bir bo‘lak muz so‘rish ham muqobil ta'sirga ega). Ammo antiseptik yoki antibakterial dorili pastilalar qabul qilish, katta ehtimol bilan, ortiqcha — bu kabi vositalarning ta'siri faqat yuzaki bo‘lib, sog‘ayish jarayonini tezlashtirolmaydi, obakilarni so‘rish so‘lak tufayli tomoqni yumshatishi mumkin, xolos.

Kuchli noqulaylikda — kasallik sababli ishchanligingiz sezilarli darajada pasayganda — og‘riq qoldiruvchi va yallig‘lanishga qarshi natija beruvchi dorilardan foydalanish maqsadga muvofiq. Xonadagi havo namligini yetarli darajada (50 foizdan kam bo‘lmagan) saqlash ham muhim hisoblanadi, masalan, havo namlantirgichlari yoki isitish batareyalariga nam sochiq qo‘yish orqali buning uddasidan chiqish mumkin. 

Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Qo‘shimcha alomatlar paydo bo‘lganda: tomoqda kuchli og‘riq, tana harorati ko‘tarilishi (38,2 darajadan baland), yo‘tal va burun oqishi kuzatilmagan vaqtda limfa tugunlari kattalashishi. Bunday holatda og‘iz bo‘shlig‘ining bakterial (stretokokkok) shikastlanishi xavfi ortadi, shuning uchun shifokor antibiotiklar buyurish qarorini hal qilishi kerak.

Tomoqda bodomsimon bezdagi mayda yaralar bilan birgalikda kuzatiluvchi mo‘'tadil og‘riq, burunning qattiq bitishi, harorat ko‘tarilishi va limfa tugunlari kengayishida: Yuqumli mononukleozni istisno qilish zarur. O‘xshash vaziyatlarda antibiotiklarni noto‘g‘ri tayinlash holatlari tez-tez uchrab turadi va faqatgina kasallik alomatlari yengillashtiriladi. Tomoqda bir tomonlama qattiq og‘riq (bunda yutinish mushkul va og‘izni to‘liq ochish imkonsiz bo‘ladi) holdan toyish va yuqori isitma bilan kuzatilganda. Bu holda paratonzillit va shuningdek paratonzillitning boshlanish davrini istisno qilish zarur, u antibiotiklar tayinlashni yoki jarrohlik amaliyotini talab qilishi mumkin.

Tupukda yoki kuchli nafas qisilishida qon kuzatilganda: Har qanday yallig‘lanuvchi jarayon qon tuplashga olib kelishi mumkin, masalan, tomirlar mo‘rtligi oshishi yoki halqum quruqshashi sababli. Agar qon yoki nafas qistashi angina yoki faringit bilan paydo bo‘la boshlasa, shifokor ko‘rigi zaruratga aylanadi, chunki bu kasallikning zo‘rayishi yoki boshqa jiddiy xastalik boshlanishidan darak berishi mumkin.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top