16:55 / 11.10.2019
1
11564
«Noyob xastalik». O‘t pufagisiz tug‘ilgan Firdavsa shoshilinch operatsiya qilinishi lozim

Xastalik. Bu og‘riqli holatga ko‘pchilik yoshini yashab, keksayib qolgan vaqtida duch keladi. Biroq oramizda dunyo yuzini ko‘rganiga ko‘p bo‘lmagan, murg‘ak go‘daklarimiz ham bor. Hali 3 oylik go‘dak Firdavsa kam uchraydigan kasallik bilan og‘rimoqda. U o‘t pufagisiz tug‘ilgan.

Biz ushbu qizaloq haqida eshitib u yashayotgan xonadon tomon yo‘lga chiqdik. Jajji bemor poytaxtimizning Yunusobod tumanida yashar ekan. Uning onasi Gulchehra Vaxabova bizga tashvishlarni aytib berdi.

«Firdavsa mening birinchi farzandim. U tug‘ilganida hech narsa bilinmagandi. 24 kunligida lablarining atrofi ko‘karishni boshladi. Biz uni nevrologik kasallik deb o‘yladik. Nevropotologga ko‘rsatgani olib borsak, tez shifoxonaga yotishimizni, sarig‘ini ketmaganligini aytdi. Dori-darmonlar oldik. Ichi oq rangda kelishni boshladi. Keyin shundan bilib qoldik. 5-shifoxona bizni respublika pediatriya shifoxonasiga jo‘natdi. U yerdagi tekshiruvlardan so‘ng "O‘t pufagi atreziyasi" tashxisini qo‘yib berishdi. Bu kasallikni bartaraf etuvchi operatsiya bizning mamlakatda qilinmas ekan. Hindistonga borishimiz kerak. Unga esa bizning mablag‘imiz yo‘q», – deya suhbatdoshimiz ko‘z yoshlarini tiya olmay yig‘lab yubordi. Axir, inson o‘z farzandi kasallanib tursa va uni yo‘qotish xavfi mavjud bo‘lsa, qanday yig‘lamaslik mumkin?!

«Turmush o‘rtog‘im bilan birga yashamay qo‘yganmiz. Hozir ham xabar olgani kelmayapti. Bu ishlardan avval oldidan o‘tay, deb borgandim. E'tibor bermadi ham. Hozir ota-onam bilan yashayapman. Oilada hammamiz oyliklarga qaragan holatdamiz. Otamning "Jiguli" mashinalari bor. Topganlari dori-darmonga ketyapti. Maxsus kashalar ichadi. Tug‘ilgan vaqtda rosa xursand bo‘lib, qo‘limga olganimdan juda baxtiyor edim. Keyin shifokorlar aytganida juda qo‘rqib ketdim. Lekin hozir umidim yo‘q emas. Qo‘li ochiq insonlardan yordam so‘rab qolaman», – deydi Gulchehraxon Vaxabova.

Biz bu ayol bilan suhbatlashib davolash qanday bo‘lishi bilan qiziqdik. O‘zbekistonlik va hindistonlik shifokorlar bergan ma'lumotlarni ko‘rib chiqdik. Unga ko‘ra, Firdavsaning tuzalishi, ya'ni operatsiyasi uchun 15 ming AQSh dollari kerak ekan. Hind mutaxassislarining aytishicha, qizaloq 3 oylik bo‘lguncha, ya'ni shu qisqa vaqt ichida kerakli ishlar qilinishi lozim ekan. Ammo bunday katta mablag‘ bu ayolda nima qilsin?!

Biz holatni aniqlashtirish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Bosh shifokori Abdumannop Abduqayumov bilan suhbatlashdik.

“Bemor bizda hamma tekshiruvlardan o‘tkazilgan. Unga "O‘t yo‘llari atreziyasi va billiar fibroz" tashxisi qo‘yilgan. Agar bu kasallik bo‘yicha kerakli ishlar qilinmasa jigar sirroziga olib kelishi mumkin. Unda ham davolanmasa bu bemor o‘limiga olib keladi”, – deydi bosh shifokor.

O‘zbek ayoli. Boshiga qancha qiyinchilik, mushkulotlar tushmasin, avval farzandi uchun so‘raydi. O‘zi uchun so‘rashga kelganida iymanadi, xijolat bo‘ladi. Aziz do‘stlar, farzandi uchun o‘zini o‘tga-cho‘g‘ga urayotgan bu ayolga ko‘mak berishdan qochmaylik. Tug‘iliboq dard bilan yuzlashgan Firdavsa ham sog‘ayib ketsin!

MUXTABAR ABIDOVA (buvisi) nomiga ochilgan plastik kartochka:

Click/PayMe: 8600 3329 5859 8298 (Ipotekabank)

Telefon raqami: +998935176454

Bahodir Ahmedov

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top