08:57 / 11.10.2019
0
20604
Samarqandda «mayizxo‘r»lar qo‘lga olindi

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani Oqmachit qishlog‘ida yashovchi N.B. 7 oktabr kuni o‘z boshqaruvidagi “Labo” rusumli avtomashinaga 20 qop mayizni yuklab, “Navkat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi yo‘lda ketayotganda kutilmaganda transport vositasi pand bergan. 

“Postda” xabariga ko‘ra, vaqt 02:30ga yaqinlashganida uzoqdan mashina yaqinlashib kelgan. U ko‘mak olish umidida mashina tomon tinimsiz qo‘l ko‘tarib, to‘xtashiga ishora qilgan.
 
Mashina yaqinlashib to‘xtagan. “Kobalt” rusumli avtomashinadan ikki noma'lum shaxs tushib, hech bir so‘z demasdan, N.B.ning oldiga yaqinlashgan. U-bu savol berib vaziyatni o‘rgangan bo‘lishgan. Keyin esa N.B.ning turli joylariga urib ketishgan. Talonchilar unga jiddiy jarohat yetkazib, 20 qop mayizni mashinaga ortganicha voqea joyidan yashirinishadi.

Jabrlanuvchi o‘ziga kelib, tezda bu haqda ichki ishlar organiga murojaat qildi. Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Qo‘shrabot tumanining Yangiqishloq qishlog‘ida yashovchi E.D. va N.N. sodir etgani aniqlanib, ular qo‘lga olindi.

Ayni paytda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari davom etmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top